Taniqli turkolog olim rost24ga intervyu berdi
Olimning fikricha, hukumat tomonidan tuzilgan til komissiyasi bir oyda hal bo`ladigan ishni yana 2 yilga cho`zgan. Shu kungacha 5 marta alifbo almashtirilgan O`zbekistonda noto`g`ri tuzilgan alifbo sabab o`zbek tilining turkiylik xususiyati yo`qolib bormoqda.
Biz mazkur masalada taniqli turkolog olim AQSh davlat Michigan universiteti professori Temur Xo`ja o`g`li bilan suhbatlashdik. Temur Xo`jaga ko`ra, O`zbekistonda alifbo islohoti paysalga solinmoqda. Olim bilan suhbat Turkistonda kechgan alifbo tarixi, bugun uni isloh qilish nima uchun zaruratligi va bu mamlakat taraqqiyotiga qanday ta`sir qilishi xususida kechdi.
Shuningdek, u noto`g`ri tuzilgan alifbo sabab o`zbek tilining turkiylik xususiyati yo`qolib borayotgani, chet ellarda o`zbek tilini o`rgatish muammo holiga kelib qolgani haqida aytib o`tdi.
Olimga ko`ra, jadidlar tomonidan 1926 yilda ishlab chiqilgan lotin alifbosini tatbiq qilish O`zbekiston uchun bugun eng to`g`ri yo`l.
2022 yil Bursada Turkiy davlatlarning yig`ilishi bo`ldi va unda yagona alifbo masalasi ko`tarildi. Ammo ayni paytda O`zbekistonda amalda bo`lgan lotin alifbosining o`zi ham islohga muhtojligi haqida fikrlar bor. Uzoq yillar turkiy xalqlarning tili va tarixini tahlil qilgan turkolog sifatida bu borada nima deysiz?
— Alifbo, til masalasida ham jadidlar bizga yo`l ko`rsatgan. Jadidlar ayni muammoni 1926 yilda «echib» qo`yganlar. Bilasiz, SSSRning dastlabki yillarida SSSR tarkibidagi barcha turkiy respublikalar O`zbekiston, Qozog`iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Tatariston, Boshqirdiston va hatto Yoqutiston, Chuvash, Tuva - hammasi 1926 yilgi konferensiyada bu masalani muhokama qilganlar. Ular ziyolilar, ko`pincha jadidchilar edi. O`shanda arab alifbosini davom qildiraylik, yoki lotin alifbosinimi, degan munozara kechadi. Ko`pchilik lotin alifbosini yoqlaydi. Dastlab, Ozarbayjonda bu alifbo tatbiq qilindi, O`zbekiston ham 1928 yilda shu alifboga o`tdi. Bu barcha turkiy xalqlar uchun bitta lotin alifbosi edi. Ya`ni «Turk mushtarak o`rtoq alifbosi», deb nomlangan. Barcha turkiy xalqlar o`shanda mazkur alifboda yozishni boshladi. Alifbo juda mukammal edi. Chunki, u tovushlarni juda yaxshi berardi.
Bu alifbo 1940 yillargacha amalda bo`lgan. Faqat o`sha yillar Turkiya lotin alifbosiga yaqin bir alifboga o`tganda bu Moskvani tashvishlantirib qo`ygan. Chunki Turkiya marksizm bo`lmagan respublika, sovetlar uni kapitalistik burjuaziya deb o`ylaydi o`shanda. Va alifbo bir bo`lganda turkiy xalqlar turkcha yozuvlarni ham o`qishi mumkin. U holda SSSR tarkibidagi turkiy xalqlar sovet mafkurasidan uzoqlashib qolarmikan, degan xavotirda Moskva lotin yozuvini kirillga o`tkazadi. Faqat undan oldin 1934 yilda o`zbek alifbosidan 4 ta harfni «otib» tashlaganlar. Chunki o`zbek tilining turkiylik xususiyatini yo`q qilaylik deganlar. Sababi, o`zbek xalqi turkiy xalqlar ichida eng ko`p sonli xalq edi, Moskva ulardan cho`chigan. Shularning tilini buzaylik, ularni boshqa turkiy xalqlardan ajrataylik deganlar.
Shunday qilib, 1934 yilda mazkur mushtarak alifboni ham buzganlar. Undan oldingi lotin alifbosida Fitrat, Cho`lponlarning asarlari bor, juda mukammal. 1940 yilda kirillga o`tilganda esa Moskva hammaga bitta kirill alifbosi emas, qozoqlarga alohida, o`zbeklarga alohida, yoqut, chuvash - barchasiga alohida kirillisa joriy qilib berdi. Bu alifbo ham turkiy xalqlarning tiliga mos mushtarak alifboga emas, 1934 yilda buzilgan, ya`ni harflari otib tashlangan alifboga moslashtirildi.
Mustaqillik davriga kelsak, o`shanda o`zbek yozuvchilari 1926 yildagi jadidlar joriy qilgan turkiy xalqlarning mushtarak alifbosini taklif qilganlarida O`zbekiston hukumati uni o`rniga ingliz alifbosiga mos alifbo qabul qildi. Hozir bu alifboda yozish kirill alifbosidan ham qiyinroq. Chunki 1995 yildan shu kungacha amalda bo`lgan o`zbek alifbosida bitta tovush uchun ikkita harf bor. Bu o`qishni ham yozishni ham muammo holiga keltirib qo`yyapti. Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoev ham til komissiyasi tuzib, hozirgi o`zbek lotin alifbosini isloh qilinglar, deganlar. Hozir komissiya ishlayapti, ammo biror amaliy ish chiqara olmadilar. Yana 2 yil muddat so`ralgan, yaxshiroq muhokama qilaylik, deb. Holbuki bu ish 1 oy ichida hal bo`ladigan ish. Chunki biz o`sha tayyor jadidchilik alifbosini olaylik, bu mukammal bir alifbo.
Hozir Ozarbayjon, Turkmaniston shu alifboni ishlatmoqda. Turkiya va bu xalqlar hozir bir-birini o`qiy oladilar shu bois.
O`zbeklar shu kungacha 5 marta alifbo almashtirdi, qozoq va qirg`izlar 4 marta. O`zbek alifbosi buzuq bo`lgani va nomukammal bo`lgani uchun chet elliklar ham o`zbekchani o`rganishda aziyat chekadilar. Men AQSh davlat Michigan universitetida o`zbek tili bo`yicha ham dars beraman, talabalar juda taajjublanadi, siz alifboda aytilmaganday talaffuz qilasiz, deb. Agar alifboingiz mukammal bo`lmasa, tilingizni boshqa xalqlarga ham to`g`ri o`rgata olmaysiz va ular ham keyin o`zbek tilini kulgili talaffuz qiladilar. Chunki talaffuzni bilmaydilar. Hozirgi alifbo o`zbek tili talaffuziga mos emas chunki.
Ma`lumot uchun, Temur Xo`ja o`g`li butun umri va salohiyatini turkiy xalqlar madaniyati, tili va o`tmishi borasidagi izlanishlarga baxshida etayotgan olim.
U turkiy xalqlar dunyosi, Markaziy Osiyo madaniyati tarixi, jadidchilik, Sho`ro davri va mustaqillikdan keyin Markaziy Osiyo respublikalarida kechayotgan siyosiy o`zgarishlar, demokratiya va diktatura mavzularida salmoqli mehnat qilgan.
Temur Xo`ja Turkistonning madaniy va siyosiy tarixiga bag`ishlangan 120 ga yaqin maqolalar muallifi. Ularning aksari turk va ingliz tillarida Turkiya, AQSh, Evropa davlatlari, Hindiston va Yaponiyada chop etilgan.
U shuningdek, Qrim, Rossiya, Litva, Polsha va Ukrainada istiqomat qiluvchi qarayim nomli turkiy qavm so`zlashadigan til boyligi tahlil etilgan kitob ham yozgan. Kitob 2006 yil Germaniyaning Myunxen shahrida chop qilingan.
Maftuna Karimova suhbatlashdi