So`nggi 5 yil ichida tadbirkorlik yo`nalishida 42 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan bo`lib, ularning 10 dan ortig`i aynan xotin-qizlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan. O`tgan yili o`z mehnat va tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kasb-hunar va tadbirkorlikni o`rganish ishtiyoqida bo`lgan 388 874 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga va tadbirkorlikka o`qitilgan edi. Buning uchun 12 mlrd. so`mdan ziyod mablag` ajratilgan. Shundan so`ng, 2022 yilda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o`qitish, amaliy yordam ko`rsatishning yangi tizimi joriy etilgani haqida xabar berildi. Buning uchun byudjetdan qo`shimcha 1 trillion so`mdan ziyod mablag` yo`naltirilishi ham aytilgan edi.
Rost24.uz muxbiri Xalqaro press klubning navbatdagi «Mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yanada kuchaytirishga qaratilgan ishlar sarhisobi va bu borada yaqin hamda uzoq istiqbolga mo`ljallangan rejalar to`g`risida» gi sessiyasida mas`ullarga ushbu mazmundagi savolni berdi.
O`zbekiston Oliy Majlis senatining Xotin qizlar va gender tengligi masalalari qo`mitasi raisi Malika Qodirxonova savolga quyidagicha javob berdi, «Markaziy bankning 1 yanvar holatiga ko`ra, 1 trillion qo`shimcha tarzda ajratilgan. Hududlar kesimida esa Qoraqalpog`iston Respublikasi 21 866, Andijon viloyati 23 608, Buxoro viloyati 19 837, Jizzax viloyatida 12 682, Qashqadaryo viloyatida 16809, Navoiy viloyati 11 928, Namangan viloyati 11 127, Samarqand viloyati 21 105, Surxondaryo viloyati 21 536, Sirdaryo viloyati 8 703, Toshkent viloyati 14837, Farg`ona viloyati 21 853, Xorazm viloyati 14 821, Toshkent shahri 4 484 ayollar rahbarligida korxonalar hisoblanadi. Kreditlarni o`zlashtirish statistikasi jami respublika bo`yicha 2022 yilda 225 mingdan ortiq rahbar ayollar 4 trilliondan ortiq miqdordagi kredit o`zlashtirilgan».
Butun dunyo bo`ylab ayollar va qizlarning rivojlanishiga bag`ishlangan global dasturlash konsorsiumi WAGE xalqaro tashkilotining O`zbekistondagi vakili Tamilla Qurbonova esa sessiya davomida ayollar uchun imtiyozlar bor, lekin muammolar ham yo`q emasligini alohida qayd etib o`tdi.
«Imkoniyatlar, subsidiyalar bor, lekin amalda imkoniyatlarni oshishi uchun to`siqlar ham yo`q emas. Masalan, boshlang`ich mablag` muammosi bo`lsa, ikkinchi tomondan ayollarni huquqiy jihatdan qo`llab quvvatlashga qaratilgan me`yoriy huquqiy asoslar etarlicha bo`lsada, ularni ham joriy etilishida kamchiliklar mavjud. Qolaversa ayollarni tadbirkorlik bilan shug`ullanishini ortishi uchun ayollarni o`ziga ishonchi etmasligi, moliyaviy savodxonligi kamligi ham kuzatiladi. Ular nimadan boshlashni bilmaydi va tadbirkorlikka yo`naltiradigan dasturlarni ko`paytirish kerak. Qolaversa oiladagi to`siqlar ham ayollar uchun qiyinchiliklar tug`dirishi mumkin, deydi WAGE vakili.
Ma`lumot uchun, 2022 yilda soha rivoji uchun xalqaro moliya institutlaridan $300 mln jalb etilishi ham rejalashtirilgan edi.