Hayotimizda ehtiyoj tushadigan har bir ilm va kasbni o`rganish bir kun kelib uni tatbiq etish uchun vaziyatni yuzaga keltirishi mumkin. Xo`sh, biz uchun axborot qabul qiluvchi a`zo sanalgan quloqlarimiz va ko`zlarimiz uzatgan ma`lumotlarni ongimiz orqali qay yo`sinda tahlil qilib, qay tarzda saqlab qolyapti?..
E`tibor qiling, bugun ko`plab yoshlar ilm o`rganish borasida yaxshigina harakat qilishsa-da, xotira jihatdan pand eyayotganidan nolishadi. Ilmning keraksizi bo`lmaydi, faqat bizning bugungi va ertangi kunlarimizga asqatishi mumkin bo`lganlarni ajrata olishimiz va xotiramizga biz olayotgan axborotlarni saqlab qolishda biroz ko`mak berib turishimiz kerak bo`ladi. Aslida duch kelishimiz mumkin bo`lgan savollarning javobi umrimiz davomida voqea tarzda yuz berishiga nima deysiz?
Hind kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Xarobadan chiqqan millioner” filmini eslang. Film qahramoni berilgan savollarga o`zi duch kelgan voqealarni saralab eslab, undan javob topadi. Bunday qobiliyatni har birimiz shakllantirishimiz mumkin. Buning uchun esa ma`lum qoidalarni va ongimizga xizmat qiluvchi omillarni qo`llashda bequntlik qilmasligimiz lozim. Shunday ekan, ilm olishda va hayotiy hodisalarni saralab eslab qolishda kerak bo`ladigan muhim jihatlarga e`tibor qarating. (Bunda xotirani kuchaytiruvchi mahsulotlarni tavsiya qilish fikridan yiroqmiz)...
O`ZINGIZGA SAVOL BERING...
Aksariyat kishilar ilm izlashni aynan biror oliygohda ta`lim olish bilan qiyoslashadi. Bu noto`g`ri, siz o`zingizni va ongingizni rivojlantirish uchun qo`lingizga tushgan va sizni qiziqtirgan kitobni o`qib ham ilm sari intilishingiz mumkin-ku! O`zingizga savol berib ko`ring, biror kitob o`qiyotganingizda yoki hodisaga duch kelganingizda, nega aynan shu kitobni o`qiyapman, bu hodisaga nega men duch keldim, deya.
Ko`p hollarda bu savolga o`zingiz ham javob topolmaysiz. Demak, ongingiz ayni jarayondan manfaat kutmayapti, hatto hodisadan ham. Unda kitobni o`qishdan avval yoki hodisa yuz bergan joydan niyat qiling: “Buni men ertaga ma`lum bir vaqtda tahlil qilaman, bu mening ertagi kunimga kerak”, deya.
Agar usha kungi – yodga olishingiz kerak bo`lgan omilni yoddan chiqarmasangiz, uning detallari – o`qigan yoki duch kelgan vaqtingiz, atrofdagi muhit kabilari bilan ko`z o`ngizga keltiring.
Mabodo bu yodingizdan ko`tarilsa, niyatingizni amalga oshira olmasangiz, uning ortga surilishiga o`zingiz sababchi bo`lasiz, bu o`zingizni koyishga arzisa kerak?!
Ammo bu hayotimizda yuz berayotgan barcha hodisalarni eslab turish kerak degani emas. Ularni saralab, ba`zi keraksizlarini yoddan chiqarishga harakat qilish lozim. Xususan salbiy xotiralarni yodga soluvchi hodisalarni shunday unutingki, go`yo bu sizning hayotingizda yuz bermagandek va buni shunchaki biror gazeta yoki jurnallardan o`qigandek his qilishga urining. Shunda fikringiz teranlashib, ongingiz hordiq olishi uchun yordam bergan bo`lasiz.
O`Z TABIATINGIZ VA TOIFANGIZNI BILASIZMI?
Biror ilmdan, kitobdan yoki hodisadan xulosa chiqara olishni mashq qiling va chiqargan mulohazalaringizga amal qilishni imkon qadar bajaring. Donishmandlar kishilarni uch toifaga taqsimlaganlar: biri butun va to`liq kishi, ikkinchisi yarim kishi, uchinchisi esa hech narsa bo`lmagan kishi.
Birinchi toifaga kiruvchilar qadri butun hisoblanib, ular to`g`ri fikrlovchi va mulohazaga ega sanaladi. Shunday bo`lsa-da, maslahat bilan ish yuritishni kanda qilishmaydi.
Ikkinchi toifa kishilari fikri bo`lsa ham maslahatlashmaydi, o`zgalar mulohazasi bilan qiziqmaydi. Fikri tez o`zgarib, nima foyda, nima zararligini ajratolmaydi va o`zboshimcha bo`lishadi.
Uchinchi toifa kishilarining mulohazasi bo`lmaydi, maslahat bilan ish ko`rmaydi va ularni o`zgalar fikri qiziqtirmaydi.
Demak, inson oila va jamiyatda o`z mavqeiga ega bo`lishida yuqoridagi toifalarning qaysi biriga tegishli ekanini anglab, o`z xatolarini tuzata olish yo`lida iroda topishi lozim. Bu ham inson ongining o`z-o`zini mulohaza eta olishida muhim bir sinovdir.
AQLSIZLIK VA JINNILIKNING DALOLATI BOR
O`zni aldamay tan olish kerak, ko`pchiligimiz bir kitobning sarlavhasi qiziq tuyulsa, uni uzog`i bilan yigirma sahifasini o`qishgagina sabr topa olamiz. Bu paytda yoki uyqu bosadi, yoki boshqa biror yumushni undan ko`ra muhimroq deya o`ylab qolamiz. Kitobdan kulminasiya yoki oxir-oqibat degan jihatlarni izlamang. Bu fikringizni betartiblikka olib keladi, xolos.
Donishmandlarimiz kitobga hurmat bilan munosabatda bo`lishni ilm yo`lidagi ishlardan sanashgan. Xususan, o`qilsa-o`qilmasa ham kitoblar tomon oyoq uzatmaslikni, dinga oid kitoblarni boshqa kitoblardan bilandroq qo`yish, uni bekordan-bekorga varaqlamaslik, shuningdek, xat bitish, yozish jarayonida esa mayda harflarda yozmaslik, qisqartma so`zlardan foydalanmaslik, turli ortiqcha belgilar qo`llamaslik kabi jihatlar ham ong faoliyatiga salbiy ta`sir etar ekan. Bu ishlar sizdan sabr talab qilishi tayin, albatta bu mashaqqatdek tuyuladi...
Imom Zarnujiy hazratlari o`zining “Ilm olish sirlari” kitobida keltirgan hikmatli so`zlarga e`tibor qarating: “Bemashaqqat, mehnat qilmay, qiyinchilik ko`rmay cho`qur bilim egasi, munozara o`tkaza oladigan etuk olim bo`lishni istaysanmi? Bilgilki jinnilikning turlari ham juda ko`p. Ya`ni, bunday yo`l bilan ilm talab qilish aqlsizlik va jinnilikdan dalolatdir...”.
Shunday ekan, inson o`zining salohiyatini yuksaltirish uchun arzimas bo`lib tuyulsa-da, yuqorida keltirilgan so`zlarga e`tiborli bo`lib, dangasalikdan uzoq yurishi lozim.
Darhiqiqat, bir paytlar ayrim kishilar orasida “O`qib, dunyo olib berarmiding?” degan jaydari fikrlar ham yo`q emas edi. O`qib dunyoni emas, o`zingizni biroz bo`lsa-da, kashf etsangiz, mana shuning o`zi bir etuklikdir. Ilmga qiziqmaslikning o`zi bir dangasalik sanaladi.
Tadqiqotlardan ma`lum bo`lishicha, dangasalik, erinchoqlik kabi illatlar asosan ilm va uning fazilati to`g`risida fikr yuritmaslik yoki bularni yig`ishtirib qo`yish tufayli hosil bo`lar ekan.
Naql qilinishicha, dangasalik insonga hayosizlik, ojizlik va aybu-nuqson keltirar ekan. Keling, “Xarobadan chiqqan millioner” bo`lolmasangiz ham ilmning o`zi bir hazina ekanini anglashga urining. Ana shundagina siz o`zingiz istagan mavqeini zabt eta olasiz.
Abdulaziz Rustamov,
jurnalist