Toshkentni vayron qilgan daxshatli zilzila har 100 yilda takrorlanadimi?

04.03.2023 13:22

Markaziy Osiyo xususan, O`zbekiston hududida tez-tez er qimirlash holatlari kuzatiladi. Sababi Markaziy Osiyo seysmik jihatdan faol zonada joylashgan. Olimlar tomonidan mamlakatimiz bo`ylab yuqori ballik ehtimoliy zilzilalar takroriyligi tuzib chiqilgan. Unga ko`ra 1966 yilgi Toshkent zilzilasining har 100 yilda takrorlanish ehtimoli bor.

Yashab turgan hududingizda kuchli zilzila sodir bo`lish ehtimoli bormi?
Qurilish vazirligi {hozirgi Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi}  manbasi bu haqida nima degan? 

Turkiyada sodir bo`lgan kuchli er qimirlashlari mamlakatni vayronalarga boy hududga aylantirib qo`ydi. Tabiiy ofatlarning naqadar daxshatli ta`siri borligini dunyo yana bir marta ko`rdi. O`zbekistonga qo`shni hududlarda ham takroriy zilzilalar bo`layotgani va bu tebranishlar ta`siri mamlakatimiz hududida sezilayotgani odamlarda xavotir uyg`otmoqda. Nega Markaziy Osiyoda zilzilalar ko`p bo`lmoqda. Chunki, Markaziy Osiyo seysmik jihatdan faol bo`lgan mintaqa hisoblanadi. Bunga sabab  Kopetdog`, Tyanshan, Pomir, Oloy tog`lari bilan izohlanadi. 1966 yilgi Toshkent, 1976 va 1984 yilgi Gazli zilzilalari hali-hamon barchaning yodida. Shu kabi er silkinishlari yana takrorlanishi mumkinmi? 

Sobiq Qurilish vazirligi tomonidan 2019 yilda «Seysmik hududlarda qurilish» nomli qurilish me`yorlari va qoidalari ishlab chiqilgan. Unda o`tmishda qayd etilgan zilzilalar,  hududlarning zilzilaga bardoshligi o`rganilgan. Shu asosda O`zbekiston hududi uchun ehtimoliy zilzila takroriyligi keltirib o`tilgan. Unga ko`ra  Farg`ona vodiysi va Toshkent hududi seysmik  faol hudud hisoblanadi. Deyarli har 50 yilda 7 ballik zilzilalar bo`lish ehtimoli bor. Andijon, Namangan, Farg`ona viloyatlarida har 150-200 yilda 8 ballik zilzilalar kutiladi. Toshkent shahri va Bo`stonliq tumanida esa har 100 yil ichida 8 ballik zilzilaning xavfi mavjud. Surxondaryo va Samarqand viloyatlarining aksariyat tumanlarini inobatga olmaganda, boshqa hududlarda 8 ballik zilzilalar kutilmaydi. 9 va undan yuqori ko`rsatkichli er qimirlashlari ham deyarli prognoz qilinmagan. Faqatgina Andijon viloyati hududida 500-1000 yilda takrorlanishi mumkin. 

Shuni ham ta`kidlash joiz, eng «osoyishta» hududlar Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyati hisoblanadi. Mazkur hududlarda 7 ballik zilzilalar 1000 yilda takrorlanishi qayd qilingan. Faqatgina Tuproqqal`ada bu ko`rsatgich 50 yilni tashkil qilmoqda.

Ma`lumotlarga tayanadigan bo`lsak, 1966 yilgi Toshkent zilzilasining 100 yil ichida takrorlanish ehtimoli bor. Olimlar fikriga ko`ra bu ehtimollar o`zini oqlamasligi ham mumkin. Masalan 1976 yili Gazlida 7 ballik zilzila bo`lib o`tadi. Ehtimolga ko`ra 7 ballik zilzila 50 yilda, 8 ballik zilzila esa 100 yilda takrorlanishi kerak. Ammo 1984 yilda oradan 8 yil o`tib Gazlida yana 7 ballik er qimirlashi sodir bo`lgan. Insoniyat muhandislik faoliyati bilan er osti dunyosiga ta`sir etishi natijasida ham er silkinishlari vujudga kelmoqda. Suv omborlari qurilgan hududlar, gaz, neft mahsulotlarining er ostidan surib olinishi asosiy sabablardan hisoblanadi. Gazlidagi zilzilalarning yuzaga kelishini ham ba`zi olimlar shunga bog`lashadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар