Uzoq bir tog` qishlog`iga bordik. U erlarda halokatli vayronalar, qurbonlar, jarohatlanganlar yo`q, faqat zilziladan aziyat chekkan o`nlab oilalar ko`chib kelishgan edi.
Bir oz avval yonilg`i taqchilligini eshitib, ko`mir yuborgan edik. Keyin bolalarga sovg`a-salomlar bilan tashrif buyurdik.
Jabrdiydalar yashayotgan hovlilar oldiga to`xtab, bir necha kichkintoylarni xursand qilib, ko`nglimiz qishloq tegrasidagi tog`larday ko`tarilib, ketishga chog`landik.
Qishloqdan chiqaverishda mashinamizga boshqacha bir entikish bilan termulib turgan, nimanidir aytaolmayotgan ikki nafar moviy etikli bolakayni ko`rib to`xtashga qaror qildik. Xoynahoy, o`yinchoq tarqatayotganimizni ko`rishgan. Zilziladan jabrlangan shaharliklardan bo`lmaganlari uchun yaqinlasha olmay, yo`limizga chiqib turishgandi.
Ular bilan salomlashishga ulgurmay, kichkintoylardan biri orqasidagi xarobgina hovliga ishora qildi va shunday dedi:
— Bu erda yana bir uy bor!
Avval tushunmadim. Keyin ko`zlarimga yosh qalqdi. Bolakaylar ochiqchasiga o`yinchoq so`rashga uyalib, istaklarini shu tarzda bayon etib, diqqatimizni tortishgandi.
— Siz shu uyda yashaysizmi?
— Ha.
Ikkalasiga bitta koptok sovg`a qildik. Xursandchiliklarini ko`rsangiz edi.
Xuddi dunyoning xadyasini olganday baxtiyor edilar.
Lekin quvonchlari uzoqqa cho`zilmadi. Bir muddatdan so`ng, koptokka bir-bir qarab, xo`rsinib, o`zaro pichirlashib olgach, aytmasa bo`lmas bir gaplari borligini eshitishim, bilishim shartligini aytib, sekingina qulog`imga shivirlashdi;
— Xolajon, ammo bizning uyimiz butun. Faqirmiz, biroq zilziladan jabr ko`rmadik. Bu sovg`a bizga xalol bo`ladimi?
Ox...ox... bolama!
O`kirib yig`lab yubormaslik uchun labimni tishladim. Ularning patakkina sochlarini silab, bag`rimga bosdim. Yuzlaridan, koptokni omonat tutib turgan qo`lchalaridan o`pdim va bo`g`zimdagi yig`ini arang bosib, ko`zchalariga mo`ltiradim:
— Albatta, halol bolam! Mazza qilib o`ynagin!
— Rostdami?
— Ha.
— Uysiz qolgan bolalarga etmay qolmaydimi?
Boshimni qimirlatib, yo`q ishorasini qilyapmanu bo`g`zimga nimadir tiqilaverardi. Yutsam yutilmay, taqalib qolaverdi.
Atigi bir dona koptog-a?!
Sizlarga kim shunday go`zal tarbiya berdi?
Avliyolarmi?
Vujudingizga shunday qalbni joylagan kim? Farishtalarmi?
Butun mavjudotni yaratgan bitta bo`lsa, nega biz siz kabi emasmiz?!
Bo`g`zimga tiqilib turgan nimaligini endi bildim.
Topdim!
Tushundim!
Bo`g`zimdagi tiqin, qachondir bilib, bilmay yutilgan, esimdan ham chiqib ketgan, hayolimga ham kelmagan xarom luqmachalar edi.
Qaysidir bemor uzatgan qo`l xaqqi, kimdir bergan sovg`a, shohidan uzilib so`roqsiz eyilgan mevalar, men o`qib qaytarolmagan kitob, mazasini bilish uchun olib chaqilgan pista, (semichka), qurutlar, dovonda uzatilgan kulchalar, kecha boshim og`riganda yordam uchun jo`natilgan dorilar orasidan olingan bittagina xapdori...
Demak ular tomog`imga tiqilib qolgandi!
Qishloqdan qaytar ekaniz, ko`z yoshlarimni tiya olmasdim.
Bugun kimga duch keldik? Inson bolalarigami?
Balki ular asl insoniy fazilatlarni eslatishga yuborilgan malaklardir.
Shartakilik bilan istagini aytmay, uynigina ko`rsatgan, taqdim etilgan hadyani xalollab olgan bolalarday fitratimizni tozalay olamizmi?
Ex! Qani endi dunyodagi odamlarning hech bo`lmasa to`rtdan biri shu ikki kichkintoy kabi xalol bo`lsaydi.
Qani endi, hammamizda shu faqir go`daklarning yarim vijdoni, yarim iymoni, yarimtagina pok qalbi bo`lsaydi!
Muazzam Ibrohimova