Daraxt va butalar xaridi uchun 170 million, «Yangi yil archasi»uchun 180 million, 5 ta radar uchun 320 million... Shahrisabz shahar hokimligi 750 million so`mdan ortiq mablag`ni qanday taqsimladi?
Shahrisabz shahar hokimi, shahar kengashi raisi A. Sulaymonov 16 fevral kuni «Shahrisabz shahar mahalliy byudjetining 2023 yil boshidagi erkin qoldiq mablag`lari hisobidan mablag` ajratish to`g`risidagi qarorni imzoladi.
Unga ko`ra:
- «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida Shahrisabz shahrida manzarali daraxt hamda buta ko`chatlari xaridi uchun 170 million so`m;
- Shahar markazida o`rnatiladigan «Yangi yil» archasi bezaklari hamda ko`chalarni obodonlashtirish, bayramona rangli yorug`lik chiroqlari bilan ko`kalamzorlashtirish va bezash xarajatlari uchun 180 million so`m;
- Markaziy ko`chalarda transport vositalarining
harakat xavfsizligini ta`minlash maqsadida tezlikni qayd etuvchi 1 dona fotoradar qurilmasi va 4 dona onlayn radar maketi xaridi uchun 320 million so`m Shahrisabz shahrining tarixiy qismini obodonlashtirish, ko`kalamzorlashtirish va saqlash saqlash departamentiga ajratilgan.
Ushbu xarajatlarga asos sifatida keltirilgan xatlar orasida Shahrisabz shahar IIB rahbari B. Mirzaev tomonidan o`tgan yil 4 noyabr kuni imzolangan xat ham bor.
E`tiborlisi, aynan ushbu xatda radarlar yordamida jinoyatchilikni va qoidabuzarliklarni oldini olish emas, balki daromad vositasi ekanligiga urg`u berilgan.
«O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 apreldagi «Avtomobil yo`llarida inson xavfsizligini ishonchli ta`minlash va o`limi holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari» to`g`risidagi PQ-190-sonli qarorning 4-bandiga asosan» Tuman(shahar) hokimliklariga o`z hududlaridagi avtomobil yo`llarida yo`l harakati qoidalarni buzilishni qayd etuvchi va maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy texnik vositalarni o`rnatish huquqi beriladi. Mazkur dasturiy-texnik vositalar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima summasining 30 foizi bevosita tuman(shahar mahalliy byudjetiga yo`naltiriladi hamda ushbu mablag`lar yo`l harakatini raqamlashtirish, yo`l infratuzilma rivojlantirish, shuningdek yo`l-patrul xizmati xodimlarining qo`shimcha shtatlarni kiritishga sarflanadi «deb ko`rsatib o`tilgan», deb eslatiladi xat debochasida.
Xatdan ko`rinadiki, viloyat yo`l harakat xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan transport vositalarning harakat tezligini onlayn rejimda nazorat qilib borish uchun 5 dona qo`zg`almas foto radar moslamalardan xizmatda foydalanilmoqda.
Shuningdek, bu kameralardan qancha pul tushishi ham hisob kitob qilib berilgan va unda bir dona radardan bir kunda o`rtacha 45 million, 1 oyda 1 milliard 350 million mablag` tushishi, hokimiyat ham ularning har biridan 464 million mablag` ishlab olishiga ishora qilingan. Demak, to`rtta yangi radarli kameralardan bir oyda o`rtacha 5 milliardga yaqin jarima pullari kelib tushadi.
«Hisob-kitoblarga ko`ra bir dona tezlik o`lchash jamlanmasi yordamida bir kunda o`rtacha 150 ta qoidabuzarlik aniqlansa, O`zbekiston Respublikasi MJtKning 128-moddasi 1-qismida bu kabi huquqbuzarliklar uchun 300000 so`m jarima belgilansa, bir kunda 45 million so`m, 1 oyda, 1 mlrd. 350 mln. so`mni tashkil etishini va PQ-190-sonli qaror talablari bo`yicha undirilgan jarimaning 30% bevosita shahar (tuman) mahalliy byudjetiga yo`naltirilganligi hisobga olsak taxminan bir oyda 464 mln.300ming so`m pul mablag`lari mahalliy hokimiyatlar hisob raqamiga kelib tushishi, qo`zg`almas fotoradar qurilmasining sotib olish uchun ketadigan mablag` uzog`i bilan 1 oy ichida qoplanishi mumkin. Bu birgina iqtisodiy foyda jarayoni yuzaga keltirish bilan bir qatorda sodir etilishi mumkin bo`lgan og`ir turdagi fuqarolarning o`limi bilan bog`liq bo`lgan yo`l-transport hodisalarni oldini olishga xizmat qilib, har oyda mahalliy hokimiyatlar hisob raqamiga 464mln.300 ming so`m pul mablag`lari kelib tushadi», deb kelib tushishi mumkin bo`lgan pul qayta eslatib o`tilgan.
Xatda qancha mablag` tushishi haqida raqamlarni uchratasizu, lekin, qoidabuzarlik qancha kamaygani haqida ma`lumotlarni uchratmaysiz. Bu esa kameralarni o`rnatishdan asosiy maqsad iqtisodiy foyda ekanda, degan xulosaga keltirishi tabiiy. Jarimalardan tushadigan mablag`lar yangi ish o`rinlari yaratilishiga ko`mak berishu, undan qachon soliq tushumlari tushishini kutib o`tirishdan ko`ra ancha osonroq tuyulgan shekilli, bu «foydali» g`oya uchun shahar deputatlar kengashi ham ortiqcha e`tirozsiz qabul qilib qo`ya qolgan. Qolaversa ketkazilgan xarajatlarni bir oydan ko`p vaqt o`tmay qoplanishi ham uncha buncha biznes tuzilmalarida kam uchraydigan jarayondir.
.