Demokratik davlatlar reytingida Finlandiya 100 baldan 100 ball bilan erkin bo`lgan davlatlar qatorida, O`zbekiston esa 100 baldan 11 ball bilan erkin bo`lmagan davlatlar qatorida turibdi. Bunda bizga Finladiya tajribasi qanchalik mos keladi?
Rost24.uz muxbiri ushbu mavzuda “Adabiyot” darsliklari muallifi Komil Jalilov bilan suhbatlashdi.
Finlandiya tajribasi faqat darsliklarni olib kirish bilan cheklansa, bu tajriba bo`ladimi?
Darsliklar tajriba bo`la olmaydi. Ayniqsa, Finlandiya tajribasida, chunki bu tajribada o`qituvchilar avtonomiyasi ustunroq turadi. Nega aynan Finlandiya tajribasi deganda esa, Finlandiya 2000 yillarda Pisa va Pirls testlari sabab "Bum" bo`lgan edi. Aslida butun dunyoda darslik chiqarish biznes. Ya`ni, bir nechta nashriyotlar bu borada bellashadi. Finlandiyada ham xuddi shunday. Nashriyotlar bir xil mavzulashtirilgan darsliklarni chiqaradi. Ota-onalar esa sotib oladi. Sotib olishning sababi esa, farzandi bemalol chizib, xohlaganicha shu kitobdan foydalansin degan maqsad bo`ladi.
Bundan tashqari, Finlandiyadagi maktablarda o`qituvchilar avtonomiyasi kuchli. Ya`ni ular mustaqil. Ularga bugun bu mavzuni o`tasan, ertaga esa bu mavzu, deyilmaydi. Ularda ham tasdiqlangan milliy o`quv dasturi bor, lekin o`qituvchilar ko`proq sinfning ehtiyojidan kelib chiqib ish qiladi. Parlament tomonidan saylangan vazir shu sohaning egasi hisoblanadi. U o`sha sohaga javobgar hisoblanadi. O`zbekistondagi kabi uning ishini Parlament, Bosh vazir o`rinbosarlari instituti, undan tepada esa Prezident Administrasiyasi nazorat qilmaydi. Vazirning ishini faqat qonunlar nazorat qiladi. Bizda o`sha erkinlik qanchalik hisobga olingan? Biz qanchalik o`sha erkinlikni bera olamiz?
2022 yilning dekabr oyida davlat rahbariga yangi namunadagi darsliklar taqdim qilindi. Darsliklarni Yagona test markazi rahbari Yuliya Risakova taqdim etdi.
Yuliya Risakova tomonidan taqdim qilgan darsliklar qaysi standartlar asosida tayyorlangan? Ularda fin tajribasi qanchalik hisobga olingan? Bunisi hali noma`lum.