«Televizorda amaldorlar va`da beradiyu, amalda natija yo`q», deydi metan quyish shoxobchasida navbatda turgan Temur aka.
Aholi metan uchun uzundan-uzoq navbatlar mavjudligidan nolimoqda. Metan quyish shoxobchalarining yopilishi, ko`pchilikning cho`ntagiga jiddiy ta`sir qildi. Rost24.uz sayti metan masalasi bo`yicha mutasaddi tashkilotlar munosabatini hamda bu muammo aholi daromadiga qanday ta`sir qilganini o`rgandi.
30 yanvar kuni gaz quyish shoxobchalari ishga tushadi, degan rasmiy xabarlar paydo bo`ldi. Oradan 3 kun o`tib, Energetika vazirligi tomonidan 2 fevraldan metan qo`yish shoxobchalari faoliyati bosqichma-bosqich tiklanishi ma`lum qilindi. Lekin hanuzgacha Respublikadagi metan quyish shoxobchalari to`liq ishga tushgan emas. Ochilgan shoxobchalarning ham ish vaqti chegaralangan. Soatlab navbat kutayotgan Nodir aka - «Tepadagilar» gaz bermayapti xalq qiynalib ketdi, deydi muxbir bilan suhbatda. Navbat kutayotganlarning yana biri «mutasaddilar ham bizga o`xshab navbatda turib ko`rishsin», deya taklif bildirmoqda.
O`zbekistonda tabiiy gazni xarid qilish va sotish huquqi 2022 yilning 1 avgustidan buyon «UzGasTrade» aksionerlik jamiyatiga berilgan. Aynan shu kompaniya «Hududgazta`minot» AJga tabiiy gazni to`g`ridan-to`g`ri shartnoma asosida sotadi. «UzGasTrade» AJ vakili rost24.uz muxbiriga gaz belgilangan miqdorda etkazib berilayotganini ma`lum qildi. Hamda shoxobchalarning to`liq ochilishi bo`yicha qaror mahalliy hokimiyatlar tomonidan qabul qilinishi kerakligini bildirdi. Toshkent shahar hokimligi esa AGTKShlarning to`liq faoliyatini tiklashi ob-havoga bog`liq bo`lib, fevral oyi uchun gaz quyish shoxobchalarining cheklangan ishlash vaqti belgilanganini ma`lum qildi. Shuningdek, Poytaxt hokimligiga ko`ra, ob-havoga qarab keyingi oylar uchun ham shunday ish vaqti belgilanishi mumkin.