Talabalar soni 2017 yildan buyon uch barobarga ortdi. 5 yil oldin 314 mingdan ortiq deyilgan bo`lsa hozirda bir million nafardan ko`proq talaba tahsil olmoqda. Xo`sh sonning ortishi sifatning tushishiga xizmat qilmasligi uchun ham choralar ko`rilganmi? Rost24.uz muxbiri qamrovning ortishi ortidagi muammolarni o`rgandi.
OTMda ta`lim olayotgan talabalar soni bir milliondan oshgan. Bu raqam yildan yilga oshib borishi barobarida talabalarga yaratilayotgan sharoitlar, xususan yotoqxonalar bilan qamrab olish muammolari borgan sari jiddiy masalaga aylanmoqda.
Har yili ta`til tugashi davrida ulkan bir mavsum boshlanishi odatiy holga aylandi. Xususan, poytaxtda ijara narxlarining keskin ko`tarilish, xonadon egalarining ijarachi tanlash davri aynan talabalarning shaharga qaytishi bilan bog`liq.
Bu borada davlat tomonidan ko`rilayotgan choralar qog`ozdagi kabi chindan ham sezilarli echim bo`lmoqdami?
So`nggi besh yilda ta`lim sohasida prezidentning 100 ga yaqin farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 220 dan ortiq qarorlari qabul qilindi. Har yili davlat byudjetining katta qismi ijtimoiy xarajatlar, jumladan, ta`lim xarajatlari uchun ajratiladi. 2022 yilning 9 oyligida bolalar bog`chalari, maktab, oliy va o`rta maxsus o`quv muassasalarining saqlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan 26,4 trln. so`mdan ortiq mablag` ajratilgan.
Mazkur 9 oyda Oliy va o`rta maxsus ta`lim sohasiga 2,7 trln. so`mlik byudjet mablag`lari ajratilgan. So`nggi besh yilda xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda 67 ta yangi OTMlari hamda ularning filiallari barpo etilgan.
Hozirda bitiruvchilarni oliy ta`lim bilan qamrab olish darajasi jami bitiruvchilarga nisbatan 38% ni tashkil etadi.
Xo`sh, kundan kunga soni oshib borayotgan talabalar asosan qaerda yashashmoqda?
Talabalar turar joylari muammosi o`tgan o`quv yilida yuqori darajaga ko`tarilgach, davlat-xususiy sheriklik va davlat oliy ta`lim muassasasining buyurtmasi asosida talabalar turar joyini barpo etish dasturi doirasida 43,2 mlrd.so`mlik mablag`lar o`zlashtirilib, 2 ta yangi talabalar turar joyi barpo etilgan, turar joy sig`imi 92351 o`ringa etkazilgan edi. Bu bilan talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasi ehtiyojga nisbatan 43,7%ni tashkil etgan.
Talabalarni turar joy bilan ta`minlash borasida berilgan va`dalar, ko`rsatilgan raqamlar ko`ngilni biroz xotirjam qilishga etadi, ammo haqiqiy ahvol qanday?
2022 yil avgustda AOKAda o`tkazilgan brifingda 2022 yilda oliy ta`lim muassasalarida jami 18 800 o`rinli 47 ta talabalar turar joyini barpo etish belgilangani, respublika bo`yicha jami 30 890 o`rinli 60 ta talabalar turar joyini qurish loyihalari amalga oshirilayotgani, davlat xususiy sheriklikdan tashqari bo`lgan yotoqxonalar qurilishi loyihalari doirasida jami 10 090 o`rinli 21 ta yotoqxona qurilayotgani, 16 050 o`rinli 30 ta loyihada qurilish ishlari qizg`in olib borilayotgani aytilgan. Sobiq vazir A. Toshqulov esa, sentyabr oyida 60 ta TTJda qurilish, tender, loyiha jarayonlari ketayotgani, shundan 38 tasida qurilishi ishlari olib borilayotganini aytgan
Ammo...
Xususan, poytaxtda talabalar turar joylari ommaviy muammo sifatida ko`tarilgach, Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev talabalarni Tashkent Index hududidagi 10 ming o`rinli binoga joylashtirish taklifini bildirgan edi.
Tashkent Indexda tashkil etilgan Talabalar yotoqxonasi foydalanuvchilari istagiga ko`ra, ular o`qishdan bo`sh vaqtlarida ish bilan band bo`lishlari ta`minlanishi, Toshkent shahar hokimligi majmuada yashayotgan talabalar uchun Sergeli yo`nalishi metrosigacha bepul avtobuslarni ham yo`lga qo`yishni rejalashtirgani, yordamga muhtoj talabalar uchun ham alohida e`tibor qaratilishi ta`kidlangan edi. Ma`lum bo`lishicha, majmuaga joylashtirilgan talabalar mazkur hududda yashash uchun 2 yillik shartnoma tuzishgan hamda nisbatan kam miqdorda oylik to`lovlarni to`lab kelishgan.
Yanvar oyidagi ikki haftalik anomal sovuq davrida esa talabalar mazkur hududdan chiqarib yuborilgan. Balki sobiq hokimning ishdan ketishi ortida bo`lgan mazkur holat uchun hech bir tashkilot tayinliroq javob bermadi va talabalar aynan kimning buyrug`i asosida chiqarib yuborilgani haqida hech qanday ma`lumot berilmadi. OTMlar ma`muriyatlari sovuq bo`lganligi tufayli talabalar o`zlari buni yoppasiga istashdi deyishdi, majmua ma`muriyati bu «ommaviy ko`chish»ga mutlaqo aloqasi yo`qligini bildirdi, talabalar esa shunday sovuqda bu erni tark etish buyurilganini va bundan noroziliklarini bildirishgan.
Mazkur masala bilan hech bir mutasaddi shaxs shug`ullanmadi, shunchaki hech narsa bo`lmaganday jim turishdi va talabalar shaharga «singib» ketdi. Umuman olganda Ortiqxo`jaev talabalarni o`ziga tegishli savdo majmuasiga joylashtirishga majbur ham emas edi, ammo talabalar chiqarib yuborilgani yuzasidan javob berishi lozim bo`lgan mutasaddilar bor edi. Masalan, yangidan tuzilgan vazirlik.
Hisobotlarni to`ldirgan TTJlar qaerda qurilyapti, aynan qurilish jarayonlari qanday ketyapti, ular qachon bitkazilib foydalanishga topshiriladi?
Negadir hozirgacha TTJlar haqidagi statistika va haqiqiy ma`lumotlar bir biriga muvofiq kelmaydi, shuningdek berilayotgan rasmiy ma`lumotlar ham mos emas, ma`lumotlar g`oyat ustalik bilan berilganki, «loyihada» deyilgan axborotning qachon amaliyotga kirishi noma`lumligicha qoladi, ammo statistikani ko`tarish uchun etadi.
Eslatib o`tamiz, Shavkat Mirziyoev 2022 yil 4 mart kuni bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida Andijon, Samarqand va Toshkent shahridan tashqari boshqa hududlarda talabalar uchun yotoqxona qurish ishlari boshlanmaganini tanqid qilgan edi. Shuningdek, ijarada turuvchi talabalarga subsidiya berish uchun rektorlarga o`tgan 2 oyda 24 mlrd so`m berilgani, biroq, atigi 5 mlrd so`m ishlatilgani aytilgan. «Bir oy ichida o`zgarish qilmagan hudud rahbari va oliygoh rektori ishdan olinadi», degan edi. Hozircha aynan shu sabab tufayli ishdan olingan yoki jazolangan rahbar ko`rilmadi.
Ctatistika agentligiga ko`ra O`zbekistonda oliy ta`lim muassasalari soni 191 ta, Oliy ta`lim va innovasiyalar vazirligiga ko`ra esa mazkur raqam 199 tani tashkil etadi. E`tiborlisi har ikki raqam ham bugun e`lon qilindi, lekin ular bir-biridan 8 taga farq qilmoqda.
Vazirlik ma`lumotidan ko`rish mumkinki, 2017 yilda OTM lar soni 77 ta bo`lgan, Bu raqam o`tgan davrda ikki barobar oshdi.