Xotin-qizlarga minglab ish joylari yaratilmoqda. Ishsizlik darajasi esa kamaymayapti

05.02.2023 13:37

Ayollar daftar»i xotin-qizlar sharoitini yaxshilamayaptimi?

Ayollar huquqlari ko`p gapiriladi ammo bu muammolar ostida asosan iqtisodiy tanglik yotadi ya`ni etishmovchilik. Mamlakatda  ayollarning iqtisodiy holati yaxshi bo`lmas ekan, muammolar ko`payaveradi. 

 Ayollar ishlashni istamaydimi yoki sharoit shuni taqozo etmoqdami?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan  o`zbek ayollarining martabaga erishish imkoniyatlarini yuzasidan qilingan tahlilga  ko`ra, 2021 yilda ayollar o`rtasidagi ishsizlik darajasi 13,3 foizni (taqqoslash uchun — dunyo bo`yicha 6,1%) tashkil etdi. Bu erkaklar o`rtasidagi ishsizlik darajasidan ikki baravar yuqori. Ishsiz ayollarning asosiy qismini o`rta maxsus (65,8 foiz) va o`rta (28,5 foiz) ma`lumotga ega, shuningdek, qisman oliy ma`lumotli xotin-qizlar (3,4%) tashkil etadi. Ishsiz ayollarning 44 foizdan ortig`i 15−30 yosh oralig`ida. Xotin-qizlar o`rtasida ishsizlikning eng yuqori ko`rsatkichi Qashqadaryo (15,5 foiz), Surxondaryo (15,0 foiz) va Sirdaryo (4,7%) viloyatlarida kuzatilmoqda.

Ko`p ayollar bola parvarishi va uy ishlari bilan bog`liq holda uyda o`tirishga qaror qiladi. Bu esa kasbiy mahoratning yo`qolishiga olib keladi. 2021 yilda maktabgacha ta`lim bilan qamrab olingan 3−6 yoshli bolalar ulushi 62 foizni tashkil etgan bo`lsa, 1−6 yoshli bolalar orasida bu ko`rsatkich 30 foizga ham etmagan, ya`ni, bolalarning taxminan 40−70 foizi uyda onalari tomonidan tarbiyalanadi

 

                 Mas`ullar boqimandalik kayfiyati ko`paygan demoqda

Ishsizlikni bartaraf etish uchun har yili minglab ish o`rinlari yaratilayotgani haqida hisobotlar beriladi, turli daftarlar, imtiyozli kreditlar ham negadir umumiy holatni yaxshilanishiga ta`sir ko`rsatmayotgandek. 

Mas`ullar esa, bu holatni izohlash uchun ayollarni o`zini ko`proq aybdorligiga, aniqroq aytganda boqimandalik kayfiyati ustunligiga urg`u berishadi. Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasi davomida shunday holatni kuzatgan Rost24 muxbiri mas`ullarga savol bilan yuzlandi. 

- Siz ayollardagi boqimandalik kayfiyatini yo`qotish kerak dedingiz, lekin ish o`rinlari kam va bozorda yollanma mehnat qilayotgan ayollarni ko`rishimiz mumkin. Bu holatlarga qanday munosabat bildirasiz?

Muxbirning ushbu mazmundagi savoliga Oila va xotin qizlar ilmiy tadqiqot instituti direktori, professor Nodira Egamberdieva, Oila va xotin-qizlar qo`mitasi hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan birga mardikor bozorga borganligini, bo`sh ish o`rinlari haqida ma`lumot berib kelganligini aytib o`tdi. Mavjud ish o`rinlarini mardikor bozorlarda yollanma ishchi bo`lib ishlayotgan ayollar va erkaklar bilan solishtirib ko`rsa, ish o`rinlari nisbatan ko`proq ekanligini ham ta`kidladi.

Senator Gulnora Marufova esa, ayollarning uyda o`tirib ham subsidiya asosida faoliyat yuritayotganini, ularga mehnat daftarchasi ham yuritilib kelinayotganini aytdi. Bundan tashqari ayollar sharoitini yaxshilash uchun «Ayollar daftari» ham yo`lga qo`yilgan, ushbu daftar doirasida mardikorlik markazlarida kasbga o`qitish ham yo`lga qo`yilgan», deb javob berdi.

Shuningdek, senator ayollar o`z mehnatini qadriga etmayotganini ham aytib o`tdi.

                 “Kambag`allik zo`ravonlikka asos emas”

Odatda oiladagi zo`ravonlik holatlarini kambag`allik, ro`zg`ordagi etishmovchilik bilan bog`lashadi. Zo`ravonlik takrorlanmasligi masalasini esa nomiga bo`lsada bandlikni ta`minlash bilan hal etiladi. Lekin, bu har doim ham echim bo`la olmayapti. 

BMT Taraqqiyot dasturining Gender masalalari bo`yicha mutaxassisi Muhabbat Turkmenova fikricha, kambag`allik zo`ravonlikka asos emas. Zo`ravonlikning tagida turadigan narsa kambag`allik emas, balki kimdir kimdandir ustun bo`lishga harakat qilishidir. Ayollarning ishini formal sektorga o`tkazish kerak. Bu erda qonunchilik yaxshi ishlaydi, ijtimoiy himoya bor. Odamlarni formal sektorga o`tkazish uchun parlament ham, xalqaro mehnat tashkiloti ham shug`ullanayotganini aytdi.

 Ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarnikiga nisbatan past. Nimaga?

Berilgan javoblardan tayyor ish o`rni boru ammo hech kim bormayotgandek tasavvurga ega bo`lasiz. 

Raqamlar va tahlillar esa ayollarning faolligiga ta`sir ko`rsatuvchi qator omillar borligini isbotlamoqda.   

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tahlilida ko`rsatilishicha, O`zbekiston xotin-qizlarining iqtisodiy faolligi pastligi, avvalo ularning uy-ro`zg`or ishlari va bola parvarishi bilan to`liq band ekanligi bilan bog`liq. O`zbekiston ayollari vaqtining 22 foizini uy yumushlari va bola parvarishiga sarflaydi. Bu ish haqi to`lanmaydi mehnat hisoblanadi, erkaklar esa vaqtining 9% ini uy yumushlariga sarflaydi. Uy ishlari bilan bog`liq katta mas`uliyat o`zbek ayollarining mansab pillapoyalaridan yuqori ko`tarilishiga to`sqinlik qiladi.

Butun dunyoda bo`lgani kabi, O`zbekistonda ham ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarnikiga nisbatan past. 2021 yil yakunlariga ko`ra, bu ko`rsatkich ayollar orasida 41,3 foizni, erkaklar orasida esa 56,9 foizni tashkil etdi. O`zbekiston ayollarining mehnat bozoridagi iqtisodiy faolligi 30 yoshdan boshlanadi. Sababi, o`rtacha 22,3 yoshida turmush quradi va undan keyin kamida 2 yilni tug`ruq ta`tilida o`tkazadi. Undan so`ng mehnat bozoriga qaytadi, lekin qisqa vaqtdan keyin ularning takroriy tug`ruq ta`tiliga chiqish ehtimoli yuqori. Bu esa ish beruvchilar orasida ayollarning potensial xodim sifatida jozibadorligini pasaytiradi.

Shuningdek, ushbu tahlilda ayollar ko`proq barqaror ish o`rinlari va qulay sharoitlarni taklif qiladigan davlat sektorida ishlashi yozilgan. Ayollar bandligining tarmoq tuzilmasi shu bilan xarakterlanadiki, ular asosan ish haqi past va ish vaqti qisqaroq sohalarda ishlaydi. Bular ta`lim, sog`liqni saqlash kabi tarmoqlar va umuman, ijtimoiy soha. Erkaklar va ayollarning ish haqi o`rtasidagi tafovut sababi ham aynan mana shu bilan bog`liq.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар