Shayboniyxon bizga “begona”mi?

05.02.2023 01:10

Qadim davlatchiligimiz tarixi haqida so`z yuritilsa, ko`pchilik zamondoshlarimiz tarixda o`ziga xos iz qoldirgan shoh va shoir Muhammad Shayboniyxon shaxsiyati haqida etarlicha tasavvurga ega emasligi oydinlashadi. Go`yoki Zahiriddin Muhammad Bobur bobomiz “bizniki”-yu, Muhammad Shayboniyxon esa “begona”. Ko`p yillik bu qarashlarni o`zgartiradigan vaqt kelgandir balki?

Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Baxtiyor Alimjanovning “Ishonch” gazetasida “Muhammad Shayboniyxon davrni o`zgartirgan siyosiy lider edi(mi?) maqolasi e`lon qilingach, bu ijtimoiy tarmoqlarda ancha shov-shuvlarga ham sabab bo`ldi. Tarixni xolis baholash va yozish, ayniqsa 21 asrda voyaga etayotgan farzandlarimiz ma`naviy barkamolligi, o`tmishdagi bobolari haqida to`g`ri tushunchaga ega bo`lishlari uchun ham, davlatchiligimiz va Markaziy Osiyo hududida taraqqiyot va tinchlik o`rnatishga hissa qo`shgan siymo, go`zal adabiy asarlar muallifi Muhammad Shayboniyxon shaxsiyati to`g`risida jamoatchilikning xolis dunyoqarashini shakllantirish uchun ham, uning shaxsiga hurmat va ehtirom ko`rsatishimiz lozim.

Milliy tariximiz o`ta chaplangan yillarda Shayboniyxon to`g`risidagi tortishuvlar faqatgina tor doirada, matbuot sahifalarisiz bo`lgan. Adabiy jamoatchilik tarixnavis yozuvchi Pirimqul Qodirovning Bobur Mirzo faoliyatini o`n yillab o`rganganligini, keyin esa asarining chop etilishini yana bir necha yillar kutgani, partiyaning yo`rig`idagi tarixiy qarashlarni asariga singdirishga majbur bo`lganligini hisobga olsak, bizga shunday asarlar meros qoldirgan zahmatkash yozuvchini ham ayblay olmaymiz. Shaxsan men o`sha asarlarni o`qiganimda Boburga mehrim tovlanib, Shayboniyxonga yovqarash qilib qolganman. Aslida ular o`rtasida o`ta katta adovatu, dushmanlik ham bo`lmagan. Shu bois Bobur bobomiz Shayboniyxon haqida salbiy fikrga bormagan. Buni uning”Mening g`animim Shayboqxon tajribali, ko`p ish ko`rgan va ulug` yoshli kishi edi”degan fikrlarida ko`rinadi.

Shayboniyxon to`g`risida forsiy manbalardan Mulla Shodiyning”Fatxnomai xoniy”, Binoiyning”Shayboniynoma” Ro`zibbekxonning”Safarnomai Buxoro” asarlari yozilgan. Ammo, yaxlit asar esa Muhammad Solihning ”Shayboniynoma” asaridir. U o`tgan asrda 1961, 1989 yillarida nashr etilgan. 1961 yildagi nashriga esa Nasrullo Davron, keyingisida Ergashali Shodiev so`zboshi yozib, asar mohiyatini sharhlagan. Ularda ”Shayboniynoma”ning 1510 yilda Qosim ismli kotib tomonidan yozilgan eski nusxasi Vena kutubxonasida saqlangani, 1885 yilda German Vamberi tomonidan nemischaga tarjima qilingani aytilgan. 1908, ba`zi manbalarda 1904 yilda rus sharqshunosi P.Melioranskiy tomonidan nashrga tayyorlangan va chop qilingan deb tilga olinadi.

O`tgan davrda Shayboniyxon mavzusiga deyarli hech kim murojaat etmagan. Shayboniyxon shaxsini ulug`lash, uni o`zbek xalqiga ijobiy siymo sifatida targ`ib qilish tashabbusi O`zbekiston jamoatchiligi, ziyoli shoir va adiblarimizdan emas, xorijdagi o`zbeklar faoli Temur Xo`jadan chiqqan. Bu haqda ma`naviyat va tarix zahmatkashi, shoir Mirzo Kenjabek 1992 yil 30 oktyabrda ”O`zbekiston adabiyoti va san`ati” gazetasida e`lon qilingan “Ko`ngil ganjinasi “ maqolasida to`xtaladi va Muhammad Shayboniyxonning bir qancha g`azallarini o`quvchilar e`tiboriga havola qiladi. Mirzo Kenjabekning aytishicha, xorijga safari chog`ida Turkiyadagi Yozarlar birligining yordami bilan shoir devonining lotin tiliga ko`chirilgan nusxasini Ko`nyo shahridan, Yaqub Qorasuydan topadi. Shuningdek, Shayboniyxon ijodining targ`ibotchilari sifatida Mirzo Kenjabek, professor Zaki Validiy, venger millatiga mansub tadqiqotchi Yonush Ekmanni ham tilga olib o`tadi. Ko`rinib turibdiki, bizda e`zozlanmagan siymo ijodi xorijiy, turkiy mamlakatlarda e`zozlanib, shu paytga qadar etib kelgan. Qadrlangan e`zoz topgan. Uning she`rlari chindan-da go`zal, insonga ehtirom va samimiyat bilan bitilgan. Ularda Samarqand, Hirot va yana ko`plab tarixiy, ko`hna joy nomlari tilga olinadi. Gazetaning o`sha sonida e`lon qilingan Shayboniyxon g`azallari sharqona, orifona turkiy she`riyatning klassik namunalaridir. Hatto bir g`azalida Shayboniyxon Navoiy hazratlari bilan bahslashadi. U Alisher Navoiyning:

Yo qoshingga qatl uchun ziynat farovon aylading,

Kim ham etding lojuvardi ham zarafshon aylading”, g`azaliga javob tariqasida:

Ey Shayboniy, yor agar lutflik qilsa-qilmasa,

Bo`lma navmid, ishqida shunchaki afg`on aylading”, deya fig`on chekadi.
 

Shayboniy shaxsiyatiga shu paytgacha pinhona murojaat etgan adabiyotshunoslarimiz jiddiyroq izlanishsa, hali bizga noma`lum bo`lgan Shayboniyxon asarlari ham topilib qolishi hech gap emas.

Tarixchilar jim turayotgan yana bir masala,16-asr boshida Evroosiyoda geosiyosiy vaziyatni o`zgartirgan, janglarda dushmanlarini mag`lub etgan, savdo-sotiq, madaniy aloqalar, adabiyot va san`at rivojiga hissa qo`shgan bu siymoga munosabat hali ham shunchaki kechmoqda.

Shayboniyxonning siyosiy qarashlari davri 400 yil atrofida davom etgan bo`lsa, bu muddat tarqoqlik davri emas, xonliklar, davlatchilik ildizlari mustahkamlanish davri bo`lgan-ku? Tarix sahnasida uning bunyodkorlik ishlarini davom ettirgan Abdullaxonning birgina son-sanoqsiz qurgan suv to`g`onlari-yu, shayboniyzodalarning tinchlik, farovonlik, yaratuvchanlik ishlariga hali ham o`gay ko`z bilan qarashimiz aslo to`g`ri emas. 

Shayboniyxon shaxsini o`ta ulug`lamoqchi emasmiz, ammo, ko`plab unvonli tarixchilarimiz, tarixiy manbalarni o`rgangan romannavislarimiz, tarixga murojaat qilgan shoirlarimizning  Vamberi, rus olimi P. Melioranskiy, turk ziyolisi Yaqub Qorasuychalik ma`rifatparvarligi yo`qligidan afsus tuydik. Bugun mamlakatda Shayboniyxon shaxsini o`rganishga hech kim qarshilik ko`rsatayotgani yo`q. Faqatgina shijoat bo`lsa bas. Yuqoridagi maqolada o`tgan yili Shayboniyxon tavalludiga 570 yil to`lishi tilga olingan. Ziyolilarimiz bir qarorga kelishi,uning shaxsiyatini oqlashi va ruhini shod qilishda ezgu ishlarga bosh qo`shishi lozim, nazarimizda.

Ko`pchilik ziyolilar Muhammad Shayboniyxon qabri Samarqanddagi Registon maydoni yonida ekanligini tilga olishadi. Agar shunday bo`lsa, qabrning xuddi yo`qdek yodga olinmasligi juda achinarli holat. Bor bo`lsa uni obodonlashtiraylik, haykalini o`rnataylik. Tarixda boshsiz ko`milgan shohning jasadi qanday olib kelingan, haqiqatan shunday bo`lganmi, uning kalla suyagiga o`zga shohning may ichgani to`g`risidagi inson zotiga yoqmaydigan bemaza falsafani isbotlab jamoatchilikka bildirishimiz kerak-ku axir? Yoki u to`qilgan uydirma bo`lsa, ulug` siymoga tuhmat qilishni bas qilaylik.

Shayboniyxon ba`zi joylarda, Shoyboq, ba`zida Shaboniy, ko`p manbalarda Shayboniyxon, Shayboniylar sulolasi asoschisi deya talqin qilinadi. Nima bo`lganda ham, u bizning bobomiz, milliy davlatchiligimiz siymosi. Shunday ekan, yangi tarix fani o`rganuvchilariga, kelgusi avlodlarga uning siymosini xolis va haqqoniy tarzda ko`rsatish adolatdan bo`ladi.

Mirzo Kenjabek so`zi bilan aytganda, endi Muhammad Shayboniyxon asarlari nashr etilsa, ko`zimiz o`ngida yana bir ma`rifatparvar zot, xushxon bir shoir paydo bo`ladi va qalbimizda shohga nisbatan teranroq, tozaroq va iliqroq tuyg`ular uyg`onadi.

Quyida uning faqat sanoqli ijodkorlargina biladigan, shoir Mirzo Kenjabek o`zga yurtlardan topib kelib, nashrga tayyorlagan azim Samarqand haqidagi she`rini e`tiboringizga havola qilamiz.

Ketmadi ko`ngildan hech diydori Samarqandning,

Ko`zumdan uchar har dam diydori Samarqandning. 

Har nechaki shahr o`lsa dunyoda latif, ammo 

Barchadin erur yaxshi bemori Samarqandning.

Haq o`z karami birlan ul elni omon tutsun,Shayboniyxon bizga “begona”mi?

Bo`lsin bu jahondin yo`q, ag`yori Samarqandning.

Ko`pdir Hirida bilgil, bulbul bilan to`ti ham,

Andalibni uyaltti, dildori Samarqandning.

Bu shahri Hiri ichra bir zarra safo yo`qtur,

Jannat kibi xushbo`ydur bozori Samarqandning.

Qosh yosi bila xo`blar g`amza o`qidin otsa,

Jon javshanidin o`tar o`qlari Samarqandning.

Shaboniy tilar har dam Buxoru Samarqandni,

Tangrisi madad bo`lsun, ul yori Samarqandning.

O`ljaboy Qarshiboy,
jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
34
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар