Ota-onasiz bolalarni qanday asrab olish mumkin?

02.02.2023 19:00

Topib olingan bolaning hujjatlari qanday rasmiylashtiriladi?

Bugungi kunda O`zbekistonda jami 16 ta «Mehribonlik» uylari mavjud bo`lib, ularda 1 541 nafar bola, bundan tashqari, 4 ta Bolalar shaharchalarida 236 nafar bola, 5 ta oilaviy bolalar uylarida 46 nafar bola va 13 ta Bolalar uylarida 506 nafar bola tarbiyalanadi.

Shuningdek, Sog`liqni saqlash vazirligi tizimining «Go`daklar uylari» bor.

Bolalarni boqib olish tizimi esa, jamoatchilikning fikriga ko`ra, O`zbekistonda ancha murakkab ekan. Aslida qanday?

O`zbekistonda qarovsiz qoldirilgan yoki tashlab ketilgan bolalarni boqib olgan yoki boqib olmoqchi bo`lgan oilalarni qiziqtiradigan savollardan biri – bunday bolalarning hujjatlari qanday rasmiylashtiriladi?

Buxoro viloyat G`ijduvon tuman FHDYo bo`limi katta inspektori Zulfizar Sayfievaning xabar berishicha, O`zbekistondagi qonunchilikka ko`ra, qarovsiz qoldirilgan bolalarga fuqarolikni rasmiylashtirish tartibi quyidagicha amalga oshiriladi:

Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug`ilganligini qayd etish ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa ma`muriyati yoki tibbiyot muassasasining arizasiga binoan amalga oshiriladi. Bolani topib olgan shaxs yigirma to`rt soat mobaynida ushbu tumandagi ichki ishlar organiga yoki vasiylik va homiylik organiga xabar berishi kerak.

Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug`ilganligini qayd etishda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

✅ichki ishlar organi yoki vasiylik va homiylik organining bolaning topib olingan vaqti, joyi va topib olingan paytdagi holati to`g`risidagi dalolatnomasi;

✅tibbiy muassasaning topib olingan bolaning yoshi, jinsi, vazni va bo`yi haqidagi ma`lumotnomasi;

✅topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug`ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga ota-onasining familiyasi, ismi va millati to`g`risidagi ma`lumotlar mazkur qoidalarning 28-bandida sanab o`tilgan organlarning ko`rsatmalari asosida kiritiladi. Bunday holda bolaning va bolaning ota-onasi sifatida ko`rsatilgan shaxslarning familiyasi bir xilda yoziladi.

✅"Belgilar uchun" ustuniga "Bola topilgan" yoki "Tashlab ketilgan" deb yoziladi va ota-onasi haqidagi ma`lumotlar kimning ko`rsatmasiga asosan yozilganligi ko`rsatiladi.

Xorijda qanday?

Bugungi kunda Amerika Qo`shma Shtatlarida uzoq muddatli yashash uchun mo`ljallangan bolalar uylari mavjud emas. Ota-ona qaramog`isiz qolgan bolalarni vaqtincha saqlash uchun maxsus muassasalar mavjud bo`lib, ularning maqsadi har bir bola uchun imkon qadar tezroq yangi oilani topishdir.
Hozirda qariyb 428 ming amerikalik bola go`daklikdan 18 yoshgacha homiylik ostida  foster oilalarda  yashashadi.

«Foster care» bolani tarbiyalashga ixtisoslashgan oilalar hisoblanadi. Bunday oilalardagi ota-onalar professional tayyorgarlikdan o`tgan bo`lib, ularga bola tarbiyasi uchun nafaqalar belgilanadi.

Buyuk Britaniyada ham «Foster care» tizimi shakllangan bo`lib, unda bolalar ixtisoslashgan oilalarga bir necha soatdan bir necha kungacha joylashtiriladi. Bolaning oila a`zosi kutilmaganda kasalxonaga tushishi natijasida bola qarovsiz qolsa shu turdan foydalaniladi. 
Shuningdek, Britaniyada uzoqroq – ikki yilgacha bo`lgan muddatga bolalarni ixtisoslashgan oilalarga joylashtirish turi ham mavjud.

Ruminiyada bolalar himoyasi borasida yangi jarayon boshlangan bo`lib, ushbu mamlakatda bolalarni mehribonlik uylariga   joylashtirish jarayoni to`xtatilgan.

Bu borada O`zbekiston boshqa davlatlar tajribasida ko`rilgan usullardan foydalanishi, bolalar va o`smirlarni avvalo mukammal darajada himoyalashga, shuningdek, ruhiyatini hisobga olgan holda sifatli ta`lim-tarbiya berishga asoslangan tizimni rivojlantirishi, Bolalar uylarini tugatish va bolalarning oddiy oilaviy muhitda voyaga etishini ta`minlashi ayni vaqtlarda o`ta muhimligi, ayniqsa keyingi vaqtlarda bolalarga bo`layotgan tajovuzlardan ham yaqqol bilindi. Bu o`rinda bolaning ruhiyati va himoyasi birinchi o`rinda bo`lishi kerak.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар