Ijtimoiy tarmoqlarda faollar qat`iy chora so`rashayotgan bir vaqtda oila va xotin qizlar masalalariga mas`ullar jiddiyroq biron munosabat bildira olishmayapti. Press klubning navbatdagi sessiyasida muxbirlarning bu boradagi savoliga esa, avvalgi yillarga qaraganda jinoyatlar ko`lami kamayganiyu, huquq tartibot idoralari tomonidan jazo tayinlanishi haqidagi ma`lumotlar berish bilan cheklanishdi.
Senator Gulnora Marufovadan 12 yoshli qiz bilan bog`liq holat yuzasidan munosabat so`raldi. U esa endi qonunlar kuchaytirilganligini, bu yilgi bunday holatlar o`tgan yilgiga nisbatan ikki baravar qisqarganini aytib o`tdi.
«Oila va xotin qizlar» ilmiy tadqiqot instituti direktori, professor Nodira Egamberdieva esa ushbu holatga O`zbekiston Respublikasi Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo`mitasi munosabat bildirishini ammo bu jinoyat erkak kishi tarafidan sodir etilgan va u qaysidir tashkilotda ishlaydi. Ularning xavfsizligini ta`minlovchi tashkilotlar ham o`z fikrlarini bildirishi kerakligini aytdi.
31 yanvar kuni Yangi hayot tumanida istiqomat qiluvchi 12 yoshli qizchaning zo`rlik va qotillik alomatlari bilan o`z uyi yaqinidan topilgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`ldi. Ushbu voqea sodir bo`lganiga ikki kun bo`layotganiga qaramay ayollar va qizlar huquqlarini himoya qiluvchi hech bir tashkilot yoki shaxs bu voqeaga rasmiy munosabat bildirmadi.
Xalqaro press klubning «Barqaror rivojlanish maqsadlari: Gender tenglik» mavzusidagi maxsus sessiyasida ayollar huquqlarini himoya qiluvchi mas`ullar esa bugungi kunda ayollarga yaratilgan imkoniyatlar, ayollardagi boqimandalik kayfiyati borligini aslida esa hammasi yaxshi ekanligini ta`kidlab o`tdi. Asosiy chiqishlarda ijtimoiy tarmoqlarda ikki kundan buyon kun tartibida turgan voqeaga esa hech qanday munosabat bildirilmadi, hatto bu voqea eslanmadi ham.
Muxbirning «Nega bu voqeaga befarqsiz, umuman har doim shunday holatlarga ayollar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot yoki mas`ullar befarq bo`lib kelgan?» mazmunidagi savolidan so`ng, «Ayollar bilan bog`liq bunday holatlar statistikasi Ichki ishlar tizimida yuritiladi. Bizda yo`q. Bir kun oldin sodir bo`lgan qizcha voqeasi esa muqaddam sudlangan erkak kishi tomonidan sodir etilgan. Bunda ham xavfsizlikni himoya qiluvchi tashkilotlar javobgar bo`ladi» deya javob berdi Nodira Egamberdieva.
Dunyoda pedofiliyaga qarshi kurash qat`iy prinsplarga ko`ra olib boriladi va jazo choralari ham ancha jiddiy. Misol uchun qo`shni Qozog`istonda pedofillarga nisbatan kastrasiya shaklida keskin jazo berishga ruxsat bor. AQSh da ham juda qattiq rejimdagi qamoq jazosi oladi va kimyoviy kastrasiya qilinadi. Bizda esa ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan JK ning 97-moddasi (Qasddan odam o`ldirish) ning v va z bandlari asosida jinoyat ishi ochilgan. Ammo bundan oldin shunday holat bo`lganda 4 yilga qamalgan erkak 9 oyda chiqib kelgan edi.