Bozorlarni kuzatuvchi platforma O`zbekistonda vaziyat jiddiy deb hisoblamoqda.
Anomal sovuq tufayli sabzavotlar muzlab qolgan va bu narxlarda ham aks etdi.
Markaziy Osiyo, Sharqiy Evropa va Kavkazdagi sabzavot bozorlarini kuzatib boruvchi, bog`dorchilik biznesini rivojlantirishga ixtisoslashgan EastFruit platformasi O`zbekiston va Qozog`istonda piyoz zaxiralarining ko`p miqdorda yo`qolganini ma`lum qildi.
Tahlillarga ko`ra, Markaziy Osiyoda piyoz tanqisligi kuzatilmoqda, shuningdek o`tgan haftada O`zbekistonda kartoshka va sabzining ham narxi keskin oshgan.
Markaziy Osiyoda piyozning asosiy eksportchilari bo`lgan Qozog`iston va O`zbekistonning o`zi piyozni xorijdan sotib olishga majbur bo`lmoqda. Hozirda piyoz eksportini Qozog`iston uch oy muddatga, O`zbekiston esa 4 oy muddatga vaqtincha chekladi. Etkazib beruvchi mamlakatlarning uzoq ekanligi ushbu mahsulotni yuqori narxlarda import qilinishiga olib kelishi mumkin.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti xalqaro maslahatchisi Baxtiyor Abduvohidovga ko`ra, qishda Tojikistonda sabzi odatda er ostida saqlanadi. Bu mavsumda ob-havoning g`ayritabiiy sovuq bo`lgani sababli sabzi yig`im-terimi hali boshlanishga ulgurmagan, sabzilar er ostida. Ayni paytda er muzlaganligi tufayli ekinning holatini aytib bo`lmaydi, ammo katta ehtimol bilan sabzilarni ham sovuq urib ketgan.
Boshqa narsalar qatorida, savdogarlar ulgurji va chakana bozorlarga etkazib berilayotgan meva-sabzavotlarda katta yo`qotishlar haqida xabar berishmoqda. Ayoz Markaziy Osiyoda ko`plab kartoshka, sabzavot va mevalarga zarar etkazgan. Tahlilchilar buni ko`proq yuk tashish narxini pasaytirish maqsadida, tashishga moslashmagan transport vositalaridan foydalanish oqibati deb baholashgan. Ochiq va sovuq transportlarda tashilgan sabzavotlar iste`mol qilish uchun yaroqsiz holatga kelgan. Oqibatda, nafaqat O`zbekiston balki butun MDHda piyoz narxi ikki barobarga o`sgan.
2023 yil boshida O`zbekistonda kartoshka narxi rekord darajaga etishi mumkin
Tahlilchilar kartoshka bilan bog`liq vaziyatdan ham xavotirda. Ma`lum bo`lishicha, sovuq havo tufayli O`zbekistonda kartoshka narxi o`tgan haftada 14 foizga oshdi va 2023 yil boshida rekord darajaga etishi mumkin. Shunga qaramay, mamlakatda hali hech kim kartoshka zaxiralarining haqiqiy zararini baholagani yo`q.
Portal mutaxassislarining ta`kidlashicha, agar Markaziy Osiyoning janubiy hududlarida ertagi sabzavotlarni ham sovuq urgani aniqlansa, fermerlar mahsulot eksportidan voz kechishi yoki ichki bozorni ta`minlash uchun eksportni keskin qisqartirishi kerak bo`ladi.
O`zimiznikilar nima deydi?
O`zbekistonda piyoz eksporti sabzavot eksportidagi eng muhim yo`nalishlardan biri hisoblanadi. Har yili qariyb 200 ming tonna piyoz eksportga yo`naltiriladi. Ammo, 1 yanvardan 4 oy muddatga piyoz eksporti cheklandi.
Qishloq xo`jaligi vazirligi matbuot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, o`tgan 2022 yilda respublika bo`yicha barcha toifa xo`jaliklarida 91,1 ming gektar maydonga piyoz ekilib, 1,9 million tonna shundan, avgust-sentyabr oylarida 665 ming tonna kuzgi hosil etishtirilgan.
Etishtirilgan piyoz hosilining 1,2 million tonnasi aholi iste`moliga, 203 ming tonnasi eksportga, 93,2 ming tonna zaxiraga, 210 ming tonna umumiy ovqatlanish va qayta ishlash korxonalariga yo`naltirilgan. Tabiiy yo`qotishlar esa 228 ming tonnani tashkil qilgan. Hisob-kitoblarga ko`ra, 2023 yilning 20 yanvaridan 30 apreliga qadar aholining piyozga bo`lgan iste`mol talabi o`rtacha 346 ming tonnani tashkil etadi.
Hozirda mamlakatimiz hududlarida zaxira miqdori 87 ming tonna va aholi xonadonlarida 232 ming tonna, jami 319 ming tonna piyoz mahsuloti borligi aniqlangan. Demak, zaxiraga qo`shimcha 26,5 ming tonna piyoz kerak. Vazirlik ushbu mahsulotni import qilish bo`yicha xorijiy davlatlardagi sohaviy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilayotganini ma`lum qilgan.
Qishloq xo`jaligi vazirligi narx ko`tarilishining asosiy sababi sifatida 9 yanvardan 17 yanvargacha bo`lgan keskin sovuq sababli yonilg`i-energetika sohasida vujudga kelgan muammolar va mahsulotni tashish logistikasi tizimida yuzaga kelgan uzilishlarni ko`rsatgan.
Demak, ko`rinib turibdiki vaqtida hal qilinmagan muammolar yangidan yangi muammolarni etaklab kelmoqda. Energiya tanqisligi sababli iqtisodiy zarar miqdori anchagina. Eksportning to`xtatilishi yoki keskin kamayishi esa, dehqon-fermerlarga qimmatga tushadiganga o`xshaydi. Ularning ziyonlari qoplanishi haqida hech qanday rasmiy fikr bildirilganicha yo`q.
Ma`lumot uchun aytish mumkinki, O`zbekistonda o`tgan 2022 yilning dastlabki ikki haftasida ham piyoz narxi 25 foizga oshishi kuzatilgan. Ya`ni, buni vaqtinchalik taskin sifatida qabul qilib turish mumkin. Ammo unda «anomal sovuq» degan jarayon va uning ortidan keladigan katta muammolar oqibatlari kam edi.