Nodavlat notijorat tashkilotlari uchun tashkil qilinadigan tanlovlarda nega shaffoflik ta`minlanmagan? Tanlov g`oliblari orasida nega bir xil nomlar ko`p takrorlanadi? Nogironlar uchun yo`naltirilgan loyihalarga milliardlab mablag`lar ajratiladi, lekin ular imkoniyati cheklangan insonlarni hayotini engillashtirish uchun etib boryaptimi? Misol uchun, nega hali ham ko`zi ojizlar maktabga borishga 1, 1 yarim soatlik yo`lni bosib o`tishi kerak?
Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi direktori Otabek Husanov Xalqaro Press klubning navbatdagi sessiyasi davomida Rost24.uz muxbirining savollariga quyidagicha javob berdi.
- Oliy majlis hududidagi jamoat fondining o`z sayti, Telegram kanali bor. Telegram kanalda tanlov e`lon qilinadi. Hujjatlarning barchasi ham ro`yxatdan o`tkazilgandan keyin parlament komissiyasiga topshiriladi. Shu bilan bir qatorda NNTning Adliya vazirligidan hamda agar ommaviy axborot vositalaridan bo`lsa AOKAdan, agar mahalla bo`ladigan bo`lsa mahalladan faol ishtirok etadimi yoki uni ustidan biror bir kamchiligi bormi xat chiqaramiz. Shundan keyin bizda ishchi guruh bor. Guruh 7 kishidan iborat. Ular har bir loyihani ko`rib chiqadi. Ishchi guruhni o`zida NNTlarning rahbarlari ham bor. Agar ularda ham loyiha shubha tug`dirayotgan bo`lsa chetdan odam chaqirtirilib ushbu loyiha ko`rsatiladi. Hamma loyihalar Parlament komissiyasi ishchi guruhi tomonidan ko`rib chiqilgandan keyin, Parlament komissiyasiga olib chiqiladi. Ular bugun 23 kishidan iborat bo`layotgan bo`lsa, o`sha 23 kishining barchasi har bir loyiha uchun ovoz beradi. Shaffoflikda eng oqsagan joyimiz biz raqamlashtirishga o`ta olmadik.
Endi 2023 yilda to`liq raqamlashtirishga o`tamiz. Shunda har bir grant loyihalari doirasida 400-500 ta bizga loyihalar keladi.Shuning ichidan 30, 31, 40 tagacha loyihani biz moliyalashtiramiz. Qolgan 360 ta kelgan loyihaning har biriga xat yozishga vaqtimiz ham yo`q. Chunki bizning jamoat fondida uch kishi ishlaydi. Bittasi buxgalter, bittasi mas`ul kotib. Shu jarayonidan kelib chiqib shaffoflik bo`lish maqsadida g`oliblar ro`yxati to`liq o`zimizning saytimizda boshqa Telegram kanallarda hamda yirik nodavlat notijorat tashkilotlar resurslarida e`lon qilinadi, -deya javob berdi Otabek Husanov.
Oliy Majlis senati a`zosi Bahodir Tojiev esa, «Loyihani ko`rishda bitta o`ringa 9ta loyiha to`g`ri kelayotganligi va 9 talabgor orasidan bitta g`olib deb topilishini aytib o`tdi.
- Bu erda e`tirozlar bo`ladi. Lekin qaysi loyiha egasi bizga murojaat qilsa, hammasi ochiq tushuntiriladi. 7 kishi alohida baho qo`yadi. O`sha baho hisoblanib, eng yuqori baho olgan loyihani g`olib deb topiladi. Bu masalada albatta ishlashimiz kerak. Buni 2023 yildan tarmoqqa qo`yish rejalashtirilmoqda. Kecha rahbarimiz ham yig`ilishda qattiq topshiriq berdi. Juda e`tirozli gapni aytdingiz. Bu erda inson faktori bo`lyapti deb aniq ayta olmaymiz. Loyiha egalari nega ularning loyihalari qaytganini o`zlari biladi. Eng kuchli ijtimoiy, iqtisodiy masalani echadigan loyihalar bugun g`olib deb topilmoqda.
Shuningdek, taklif masalasida parlament komissiyasi oliy majlis jamoat fondi ham agar siz qachon aytsangiz xuddi mana shunaqa qilib intervyu bo`lsa intervyu qilamiz, deya javob berdi. Ammo shu paytgacha Otabek Husanov Rost24.uz saytining so`rovlariga javob bermagan.
Ko`zi ojizlar masalasidagi uchinchi savol esa biroz ochiq qoldi. Bu bo`yicha Otabek Husanov ko`zi ojizlar jamiyati rahbari bilan maslahatlashib masalaga oydinlik kiritishini aytib o`tdi.
Mutaxassislar fikricha, Parlament komissiyasi NNTlarni subsidiyalar, grantlar va davlat ijtimoiy buyurtmalarida qo`llab-quvvatlashiga qaramay, NNTlarni moliyalashtirishning ichki manbalari juda cheklangan.
2017-2021 yillarda, ya`ni to`rt yilda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 1 270 dan ortiq loyihalarini qo`llab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan 117 milliard so`m miqdordagi mablag`lar ajratilgan. 2023 yilda NNTlarga ajratiladigan mablag` 250 milliard so`mni tashkil qilishi rejalashtirilmoqda. Bu avvalgi yillarga qaraganda bir necha barobar ko`p. Biroq boshqa yo`nalishlar bilan qiyoslaganda nisbatan kam (qiyos uchun - birgina O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga 2022 yilda 561 milliard, 2020 yil uchun esa 427,3 mlrd. ajratilgan ekan).
Bu pullar manzilli etib borsa, hisobotlar uchun emas, amaliy natijalar uchun yo`naltirilsa kerakli natijaga erishiladi. Loyihalar uchun mablag` ajratish va hisobot jarayonlarining shaffof bo`lishi esa ularning samaradorligi va natijadorligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.