Bugun (2023 yilning 12 yanvar kuni) Konimex tumani Sho`rko`l mahallasida joylashgan 10-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabida soat 11.55 da qo`ng`iroq chalindi, ammo maktabga biror o`quvchi kelmagandi...
Maktabda 38 nafar o`qituvchi faoliyat ko`rsatadi. Maktab binosi ta`mirtalab holatda. O`quv xonalarida harorat past darajada.
Mavsum uchun olib kelingan 113 tonnadan ortiqroq ko`mirning sifati past — mahsulotning aksariyat qismi qum, tosh aralash va kukun holatida.
Yong`in o`chirish moslamalari, yong`in burchaklari va zarur jihozlar mavjud emas. Ma`muriyat mas`ullarining aytishicha, tuman xalq ta`limi bo`limidan kelib “srogini almashtirib beramiz”, deb yig`ib olib ketilgan.
Maktabda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko`rish ishlari etarli darajada tashkil etilmagan.
O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasining Konimex tuman jamiyati xodimlari tomonidan ayni vaqtdagi anomal ob-havo sharoitida maktablardagi o`quv jarayonlari hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining natijadorligini o`rganish maqsadida jamoatchilik nazorati tartibida o`rganish maqsadida 10 maktabga tashrif buyurdi.
O`rganish jarayonida maktab ma`muriyati tomonidan muassasada 143 o`quvchi tahsil olishi va shu kuni 20 nafar o`quvchi mashg`ulotlarda ishtirok etayotganligi bildirildi. Ammo birorta o`quvchi dars mashg`ulotlarida ishtirok etayotgani kuzatilmadi...
Davomad — 143 nafar boladan 20 nafar o`quvchi kelgan degandi, lekin sinflarda o`quvchilar yo`q. Ularga yozib tashlashga svetimiz o`chgan, deyishmoqda o`qituvchilar.
Tegishli vazirlikning ta`tilni uzaytirish va yoki hokimliklarning o`quv jarayonlarini boshlash to`g`risidagi qarorlari to`g`risi ko`pchilikni “zeriktirdi”.
Baribiram, jamoatchilikning fikri, taklifi e`tiborga olinishi shart: birinchidan, ayni vaqtda ta`lim muassasalarida o`quvlarni boshlashga erta — bugungi kundagi sovuq ob-havo sharoiti shuni taqozo qilmoqda.
Ikkinchidan, ta`lim muassasalarida, ayniqsa, viloyatlarda, chekka hududlarda kuz-qish mavsumiga etarlicha tayyorgarlik ko`rilmagan — muassasalarda isitish tizimlari yaxshi ishlamaydi, yonilg`i (ko`mir) mahsulotlarining sifati past darajada, elektr ta`minotida eslatmalarsiz, uzoq muddatlarga va tez-tez o`chirilishi real holat.
Kelajak avlodlarimiz — farzandlarimiz sog`ligi biz uchun qadrli. O`ylab xulosa chiqarishimiz va zarur qaror qabul qilishimiz lozim.