Bir yoshga to`lgan “Tadbirkorlar maktabi”ga bir nazar

11.01.2023 16:32

Yurtimizda qurilish materiallari industriyasini rivojlantirish, sohada biznesni zamonaviy shaklda tashkil qilishda “Tadbirkorlar maktabi” o`quv markazi o`z oldiga katta maqsad qo`ygan. 

Xususan, ilg`or va zamonaviy texnologiyalar, ishlanmalar, bilimlar va ilm-fan yutuqlaridan foydalangan holda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni tayyorlash, korxonalarda yashil iqtisodiyotni joriy etish, mahsulotlarni xalqaro sifat standartlari doirasida ishlab chiqarilishiga ko`maklashish, bo`lajak tadbirkorlarning moliya, soliq, marketing va huquqiy savodxonligini oshirishdan iborat.

O`zsanoatqurilishbank tomonidan “O`zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan hamkorlikda mazkur maqsad yo`lida keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi. 

O`quv jarayoni dual ta`lim dasturi asosida yo`lga qo`yildi. Unga ko`ra, mashg`ulotlar nazariy ta`lim, amaliy mashg`ulot, laboratoriya va mustaqil ta`lim tarzida olib borilmoqda.

Yigirmadan ziyod yuqori malakali pedagog-o`qituvchilar jalb qilindi. Ular orasida Turkiyaning Maltepe universiteti hamda Budapesht texnologiyalar va iqtisodiyot universiteti professorlari ham o`rin olgan.

Qurilish materiallari ustida tajriba va sinov ishlarini amalga oshirish maqsadida 73 turdagi laboratoriya uskunasi olib kelib, o`rnatildi. 

Tinglovchilar uchun amaliy mashg`ulotlar o`tkazish maqsadida “Oxangaronsement” AJ, “Farg`ona yasin qurilish mollari” MChJ, “Namangansement” MChJ, “Texnopark” MChJ, “Sanfa products” MChJ, “Orient-ceramic” MChJ kabi qator yirik korxonalar bilan hamkorlik o`rnatildi.

O`quv markaziga qabul tadbirkormaktab.uz sayti orqali onlayn tarzda ham yo`lga qo`yildi.

Markazning Samarqand (Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti qoshida) hamda Xorazm (Urganch davlat universiteti qoshida) viloyat filiallari faoliyat boshladi.

Barcha amalga oshirilgan ishlar natijasida 2022 yilda markazda korxonalar rahbarlari, injener-texnologlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, doktorant va mustaqil izlanuvchilar, oliy ta`lim muassasalari hamda boshqa manfaatdor aholi vakillaridan iborat 484 nafar tinglovchi tahsil olib, maxsus sertifikatga bo`ldi. 

 

“Tadbirkorlar maktabi” bitiruvchilari fikri:

G`ulom Shodiev,

Samarqand viloyati 

Kattaqo`rg`on tumanidagi

“Binokor-miyonkor” MChJ rahbari.

 

– O`quv markazining tashkil etilishi biz, tadbirkorlar uchun juda muhim, manfaatli ish bo`libdi.

Markaz haqida ommaviy axborot vositalari orqali xabar topib, o`quv kursining 7-mavsumida qatnashdim. Unda jahon qurilish materiallari bozoridagi o`zgarishlar, ilg`or texnologiyalar, eksport talablari, sinov-laboratoriya ishlarining ahamiyati kabi tarmoqqa oid yo`nalishlarda ko`p yangiliklarga ega bo`ldik.

Faoliyatimiz bino va inshootlarning yo`lak qismi uchun bruschatka ishlab chiqarishga qaratilgan. Orttirgan bilim va ko`nikmalarimni ishga solib mahsulotlarimiz turi va sifatini oshirishni niyat qildim. Bunda xom ashyo sifatida sanoat chiqindilaridan foydalanamiz.

 

Humoyun Jonibekov,

Toshkent viloyatidagi

“Humo stroymix invest” MChJ muhandisi.

 

– Qurilish materiallari ishlab chiqarishda Turkiya eng etakchi davlatlardan biri hisoblanadi. O`quv jarayoniga Turkiyaning Maltepe universiteti professor-o`qituvchilari ham jalb qilingani bizni juda quvontirdi.

Xom ashyoni tanlashda mavjud standartlarga e`tibor qaratish, texnologiyalardan foydalanishda ular yo`riqnomasida keltirilgan parametrlardan chetga chiqmaslik, ayniqsa, bizning faoliyatimizda (quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqarishda) muhim bo`lgan jihatlar xususida zarur ma`lumotlar oldik.

Buning natijasida, hozirda korxonamizning ishlab chiqarish quvvati 10-15 foizga oshdi. Ularni eksport qilish borasida xorijiy hamkorlar bilan dastlabki muzokaralar olib borilmoqda.

 

Nasimula Nodirov,

Jizzax vildoyatidagi

“Agrokvant” MChJ menejeri.

 

– Faoliyatimiz eshik, romlar, metall listlardan turli buyumlar hamda suv bashnyalari va metall sig`imlar ishlab chiqarishga qaratilgan.

To`g`risi, biz shu vaqtgacha hech bir nazariy-amaliy ishlanishlarsiz mahsulotimizning faqatgina dizayn qismiga e`tibor berib, tor doirada ish yuritganmiz.

 O`quv kursida sifat birlamchi omil, mahsulotlarni standartlashtirish esa, biznesning eng muhim sharti ekanligini bilib oldik.

  Buni amaliyotda qo`llab, qisqa muddatda natijaga kirdik. Mahsulotlarimizga qiziqish kuchaydi, buyurtmalar ko`paydi.

Shuningdek, menga o`quv markazida bitiruvchilarga keyinchalik ham amaliy yordam ko`rsatilishi juda ma`qul keldi.

Mazkur barcha imkoniyatlarni hisobga olgan holda endilikda “Tadbirkorlar maktabi”da ishchi-xizmatchilarimizni ham o`qitishni rejalashtirdik.

Bank Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар