Saytimizda “O`zbek bokschisi Fazliddin G`oyibnazarovga chora ko`riladimi?” maqolasi e`lon qilingan edi.
Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Munosabatda qayd etishicha, o`rganishlar davomida 2022 yilning 30 dekabr kuni Toshkent viloyati Bekobod tumani Sirdaryo daryosida fuqaro X.U tomonidan qushlar ovlangani va o`ljalar bilan bevosita boshqa fuqarolar bilan birgalikda sportchi Fazliddin G`oyibnazarov ham foto va videotasvirga tushgani o`z tasdig`ini topgan.
O`rganishlar davomida ovni amalga oshirgan fuqaro X.U ning ov qilishga tegishli hujjatlari mavjudligi, u ovchilik jamiyatidan ro`yxatdan o`tganligi aniqlandi.
Biroq, u ov jarayonida belgilangan me`yorlarga amal qilmagan holda ov qilish qoidalarini qo`pol tarzda buzganligi va bu bilan tabiatga zarar etkazganligi ma`lum bo`ldi.
O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 90-moddasiga asosan, huquqbuzarga nisbatan jarima va hayvonot olamiga etkazilgan zarar miqdori hisoblanib, ov qurollari Toshkent viloyati Bo`ka tumani IIBga belgilangan tartibda topshirilgan.
Yuqoridagi holat yuzasidan barcha ishtirokchilardan bunday holat boshqa takrorlanmasligi to`g`risida tushuntirish xatlari olinib, profilaktik suhbat o`tkazilgan.