O`zbekiston axborot siyosatidagi islohotlar qachon amalga oshadi?

06.01.2023 23:09
  • Har yili byudjetdan milliardlab mablag` ajratiladigan davlat telekanallarini kimdir ko`radimi?
     
  • Davlatning 20 dan oshiq telekanali bor, ammo hammasi birlashsa ham birgina xususiy kanal darajasiga chiqa olmayapti. Xalqning hisobidan kun ko`rayotganlar xalqning bu savoliga ham javob berishi kerak.
     
  • Bizning nazarimizda, bugun 15 yildan buyon lavozimda o`tirib, biroq hech qachon ommaga hisob bermagan MTRK raisi Alisher Xadjaevdan hisob so`raydigan fursat keldi. 


***
 

Biz yurgan yo`llar, biz borayotgan kasalxona va maktablar ahvoli qanchalar yomon bo`lsa, televizordagi targ`ibotlar shunchalar kuchli bo`ladi.

Nega odamlar davlat telekanallaridan bezib ketayapti? Bu savolni davlat byudjetidan har yili milliardlarni oladigan telekanallarimiz rahbarlari ham o`ziga berarmikan hech?!

O`zbekistonda odamlar salkam 30 yil davomida davlat telekanallari orqali o`zi yashayotgan real hayotni emas, “Jannatmakon O`zbekiston”ni tomosha qilib keldi.

Bugun xususiy telekanallar va erkin internet saytlarining ko`paygani ortidan davlat telekanallarining auditoriyasi keskin kamayib ketmoqda. Shu bilan birga odamlar sifatsiz, arzon targ`ibotlarga ishonmay ham qo`ygan. Telekanallarda reklama bilan shug`ullanuvchi tashkilotning statistikasida, elektron o`lchagichlar ko`rsatishicha “Sevimli”, “Milliy”, “Zo`rTV”, “Mening yurtim” kanallari doim kuchli to`rtlikni boshqarib keladi.

Vaqti-vaqti bilan ularning o`rni almashib turar, biroq reytinglarga ko`ra, xususiy telekanallar hech qachon davlat telekanallariga bo`shatib bermagan.

Hech qachon siyosiy kanal, deya tus beriluvchi “O`zbekiston24” kanali reytingning oldingi o`rnida emas, balki doim 19 yoki 20 qatorlarini band qilib keladi. Shunga qaramay bu kanallar davlat e`tiboridagi ommaviy axborot vositalari hisoblanib, ular soliq to`lovchi aholi tomonidan moliyalashtirib kelinadi.

E`tiboringiz uchun, 2022 yilda MTRK uchun 561.4 mlrd. so`m xalq pullari  ajratilgan. Joriy yilda Senat tasdig`idan o`tgan byudjet hisobotida yana shu raqamdan kattaroq summa ko`rsatilgan. Ma`lumot o`rnida aytish kerakki, 2020 yildan buyon Alisher Xodjaev O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi lavozimida faoliyat yuritib keladi. Bundan avval u 2005 — 2017 yillar orasida ham O`zbekiston teleradiokompaniyasida (hozirgi MTRK) rais bo`lib ishlagan. Raislik lavozimidagi uzilish  2017 — 2020 yillarga to`g`ri keldi. Ba`zi manbalarga ko`ra, u amaldagi Bosh vazirning qudasi.

O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimida jami 26 tele va 16 radiokanal mavjud. Kompaniyaga davlat byudjetidan milliardlar ajratilishini odatda milliy manfaatlar targ`iboti va axborot maydonida davlat pozisiyasini saqlab turish bilan izohlashadi. Boshqa kanallarga qaraganda «O`zbekiston24»ga bir necha barobar ko`proq mablag` ajratiladi. Chunki, u alohida «rasmiy» maqomga ega.

Xo`sh, byudjetning milliardlab mablag`larini sarflayotgan MTRK tizimidagi kanallar davlat siyosatini xalqqa tushuntira olayaptimi? Bunga siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov quyidagicha javob qildi.

Kamoliddin Rabbimov siyosatshunos:

“O`zbekistonda hokimiyatning davlat ommaviy axborot vositalari orqali jamiyat bilan muloqot qilish darajasi nihoyatda past. Birgina misol, Prezident yaqinda O`zbekiston xalqini yangi yil bilan tabrikladi. Keyingi uch yilda Prezident birinchi rus tilida keyin, o`zbek tilida xalqni yangi yil bilan tabriklayapti. Meni bilganim hokimiyatdagilar, ya`ni Prezident atrofidagilar qanday o`ylayapti. Ya`ni ularning o`ylashicha, yangi yil kirishdan oldin bir necha soniya avval berilgan tabrik bu asosiy tabrik. Agar birinchi bo`lib o`zbek tilida tabriklab, keyin soniyalar qolganda rus tilida tabriklansa rus tili ustun bo`lib qoladi. 
Mana shu oddiy bir mantiqni ular jamiyatga tushuntirib bera olmayapti. Ular mana shunday o`ylaydi, lekin o`ylaganini jamiyatga chiroyli etkazib bera olmayapti. Bunday holatlar esa judayam ko`p. Ya`ni, hukumat har doim ham xato qilayotgani yo`q. Hamma qilayotgan ishlari kamchilik, xato va nuqson emas. To`g`ri qilayotgan ishlarini ham odamlarga tushuntirib bera olayotgani yo`q. Ya`ni, Prezidentning matbuot kotibi bor. U diplomatik maqomda. U brifing o`tkazadi, ammo mana shunday kundalik jamiyatni bezovta qiladigan masalalarga Prezidentning na matbuot kotibi va na boshqa bir mulozim yoki biror bir davlat organi jamiyatning ijtimoiy tafakkuriga hokimiyatning qarashlari, loyihalari, ular nimani ko`zlayotgani, strategiyasi va maqsad muddaosini geosiyosiy vaziyat nima uchun ikki tilda tabriklanganini chiroyli tushuntirib borishi kerak.
Bu butun dunyoda bor. Avtoritar davlatlarda ham bor. Demokratik davlatlarni esa aytmasa ham bo`ladi. Lekin, O`zbekiston hukumati shu ishni hali etarli darajada yo`lga qo`ya olani yo`q”, deydi Kamoliddin Rabbimov.

Xususiy ommaviy axborot vositalariga nisbatan yopiq, davlat kanallari uchun ochiq bo`lgan davlat idoralari va rasmiylari ham siyosatshunosning fikricha, jamiyatga davlat strategiyasini eplab etkazib bera olmayapti. Vaholanki, aksariyat jurnalistlardan cho`chib turadigan rahbar va hokimlar “O`zbekiston 24” mikrofoniga dadil qo`rqmasdan intervyu beradilar. Prezidentning rasmiy tashriflari ham davlat telekanallarining ishtirokisiz o`tmaydi. 

O`zbekistonda hukumat tomonidan moliyalashtirayotgan teleradiokompaniyalar hukumatni, hokimliklarni aslo tanqid qilmaydi, ular targ`ibot bilan shug`ullanadi. O`tgan bir yil davomida davlat telekanallari hamda axborot, xabarlarga ixtisoslashgan “O`zbekiston 24” kanali Rossiya va Ukraina urushi haqida umuman ma`lumot bermagan.

Shuningdek, O`zbekiston ichida ro`y bergan talofat va baxtsiz hodisalar haqida ham davlat telekanallari tezlik bilan xabar bermaydi. Ayrim baxtsiz xodisalar davlat telekanallarining nazaridan butunlay chetda qoladi.

Huquqshunos jurnalist Karim Baxriev ommaviy axborot vositalari uchun davlat moliyasi to`xtatilishi kerak, deydi. Byudjet puli ham xalq puli, biroq xalq o`zi boqayotgan MTRKni nazorat qila olayotgani yo`q. MTRK amaldorlarniki, xususiy telekanallar esa “oligarx”larniki,  36 million xalq OAV borasida o`z ovoziga ega emas, — deydi Karim Baxriev.


Ommaviy axborot vositalarini davlat, amaldorlar tomonidan to`g`ridan-to`g`ri moliyalashtirishni qonun bilan taqiqlash kerakdir. Bu borada mediamutaxassislar javobi qanday?

Sobiq diplomat, filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov bu og`ir vaziyatdan chiqish uchun jamoatchilik telekanallarini ham O`zbekistonda sinab ko`rish vaqti kelgandir, demoqda.

“Jamoatchilik televideniesi bizda tom ma`noda rivojlangan emas. Yaponiyada har bitta xonadon televidenie uchun alohida o`zi iste`mol qilayotgan axborot uchun pul to`laydi. Xalq o`ziga kerak bo`lgan sof ob`ektiv axborotni oladi. Hukumatning unga aralashuvi bo`lsa, katta janjallar yuzaga keladi. Bizni qo`shnilarda, xususan, Rossiyada bu o`xshamadi. O`zbekistonda esa hech bo`lmasa tajriba tariqasida balki, urinib ko`rish kerakdir. Biz tekin axborot olib o`rganganmiz. Tekin axborot olayotgan o`quvchi tekin axborotni tarqatayotgan odamga o`zlari xomashyo bo`lib qoladi. Vaholanki, axborot odamlar uchun xomashyo bo`lishi kerak. Biz tekin axborot o`qirkanmiz o`zimizni o`zimiz sirtmoqqa ilib berayotganimizni tushunmay qolamiz. Qaerda bepul va sensasion axborot bo`lsa, o`shani o`qiyapmiz. Lekin, tabiatan olib qaraganda ommaviy axborot vositalari biznes yoki davlat tomonidan moliyalashtirilsa o`sha tarafga yon bosishi mumkin. Bu amaliyotda juda ko`p uchraydi. Shuning uchun, balki tajriba sifatida jamoatchilik ommaviy axborot vositasini O`zbekistonda sinab ko`rish kerakdir”, deydi Beruniy Alimov.

O`zbekistonda jamoatchilik nazorat qila oladigan ommaviy axborot vositalarini yaratish mumkinmi? Bugun ko`p jabhalarda o`z ovozini ko`rsata olmayotgan, “siyosatga aralashmaymiz”, deyishni uddasidan chiqadiganlar jamoatchilik OAVsini nazorat qiladimi? Yoki shu vaqtgacha biron marta omma oldida hisobot bermagan va juralistlar so`roviga yopiq bo`lgan sobiq MXX xodimi Alisher Xodjaev boshqarayotgan davlat telekanallari ishlashda davom etaveradimi? 

Balki, davlat ilm-fan, tarix va bolalar uchun mo`ljallangan kanallarni moliyalashtirish bilan cheklangani ma`quldir.

O`zbekistonda axborot siyosati bo`yicha javobgar tashkilotlar va hatto Adminstrasiyada ham sho``balar bor. Ammo, axborot siyosatidagi islohotlar qachon amalga oshadi. Davlat va amaldorlar qachon targ`ibot manbaiga aylangan MTRKdan voz kecharmikan. Yoki siz o`z ovozingiz bo`lmagan davlat kanallarini moliyalashtirishda davom etaverasizmi?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
23
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар