Nega yirik korrupsion ishlarda ayblangan Rashid Qodirov muddatdan avval ozodlikka chiqdi? Sobiq Bosh prokurorning ozodlikka chiqqanini barcha ommaviy axborot vositalari yozmoqda. Ammo, shu vaqtgacha biron rasmiy manba Rashid Qodirov qachon va nima uchun muddatdan avval ozod qilinganiga izoh bergani yo`q.
Nega millionlab AQSh dollarida pora olishi aytilgan sobiq prokuror jazo muddatini to`liq o`tamadi. Nima uchun uning ozodlikka chiqqani maxfiy saqlanmoqda. Bu savollarga rasmiylar javob berishga majbur. Xalqaro huquqiy normalarga ko`ra demokratik davlatlarda korrupsiya uchun olib borilayotgan kurash va jazolar ham ommaga ochiq bo`lishi kerak.
«Ezgulik» inson huquqlari jamiyati faoli Abduraxmon Tashanov qaysidir prokuror ozodlikka chiqqani ammo, uning ismini ayta olmasligini ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirdi. Keyinchalik, blogerlar va rasmiy saytlar ham o`zlarining insayderlariga ko`ra Rashid Qodirov o`tgan yilning so`nggi kunlarida sud hukmi bilan ozod etilgani haqida yozdi.
Rost24.uz ma`lumotni tasdiqlash maqsadida
Ichki ishlar vazirligi,
Oliy sud
Bosh prokuratura
Toshkent viloyati sudi
Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish departamenti matbuot xizmatlariga murojaat qildi. Yuqorida nomi keltirilgan rasmiy manbalarning birontasi Rashid Qodirovning ozodlikka chiqqanini inkor ham etmadi va tasdiqlamadi ham.
Oliy sud matbuot xizmati axborot beramiz deganicha hamon javob qilgani yo`q.
Ba`zi rasmiy manbalar fuqaroning ozodlikka chiqqani haqidagi axborot uning o`z xohishiga ko`ra maxfiy saqlanishi mumkinligini ham aytishmoqda.
Biroq, Rashid Qodirov oddiy shaxs emas. U 15 yil davomida (2000-2015) O`zbekiston Respublikasining Bosh prokurori bo`lgan hamda korrupsiyada ayblangan. Rashid Qodirov jinoyat kodeksining 165 (tovlamachilik), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) va 210 (pora olish) moddalari bilan ayblangan va 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Katta jinoyatlarda ayblangan sobiq amaldorning barcha jinoyatchilar qatori jazo muddatini to`liq o`tamasligiga rasmiy manbalar izoh berishga majbur. Korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan siyosat shaffof va ochiq bo`lmasa uni haqiqatan korrupsiyaga qarshi kurash ekanligi shubha ostida qolmaydimi?