Qonunlar ustunmi yoki qarorlar? Mutaxassislar Ta`lim inspeksiyasining tugatilishidan xavotirda

03.01.2023 22:24

Ta`lim inspeksiyasi bajarayotan funksiyalar sababli davlatga har yili milliardlab mablag` tushum qilingan. Bizdagi ma`lumotlarga qaraganda 2022 yil yakuni bo`yicha tashkilot hisobidagi mablag` 60 milliardga yaqin bo`lgan. Yilni foyda bilan yakunlagan tashkilotni tugatilishi kimga foyda, kimga zararligi alohida tahlil uchun mavzu aslida. Quyida fikrlari keltirilgan mutaxassislar esa asosan hususiy ta`limga lisenziya berish huquqi Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligiga o`tkazilayotgani sababli havotir bildirishgan.

Ta`lim bo`yicha ekspert Komil Jalilov boshqaruvdagi optimallashtirishda ayrim jihatlarni tahlil qilar ekan shunday asoslarni keltirib o`tgan:
 

 O`zbekiston Respublikasining «Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida»gi Qonuniga muvofiq, normativ-huquqiy hujjat o`ziga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo`lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo`lishi kerak. O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlari, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonun hujjatlaridir. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qo`mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonunosti hujjatlaridir.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun farmonlar va qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi. Normativ-huquqiy hujjat o`ziga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo`lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo`lishi kerak (Qonunning 2-moddasida Prezident qaror va farmonlari ierarxiya bo`yicha Konstitusiya, qonunlar va Oliy Majlisi palatalarining qarorlaridan keyinga qo`yilgan).

Shu o`rinda qiziq paradoks yuzaga keladi.

Prezidentning «Yangi O`zbekiston ma`muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmoniga binoan Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi 2023 yil 1 yanvardan tugatilgan, uning vakolatlari esa yangi tashkil etilgan ikkita vazirlik (Maktabgacha va maktab ta`limi hamda Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirliklari) orasida taqsimlanmoqda.

«Ta`lim to`g`risida»gi Qonunga ko`ra esa, «O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ta`lim tizimida o`quv-tarbiya jarayoni, professor-o`qituvchilar tarkibi, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifati ustidan nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradigan, ta`lim sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organidir». Ya`ni inspeksiya mustaqil, vazirlik(lar) tarkibida bo`lmagan baholovchi organ sifatida tuzilgan edi, chunki vazirlik(lar) va ta`lim tashkilotlari ta`lim sifatini aslidan ko`ra yaxshiroq qilib ko`rsatishdan qaysidir ma`noda manfaatdor bo`ladi. Masalan, Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi oliy kategoriyali o`qituvchilar ulushi ko`proq bo`lishidan manfaatdor (hatto ular oliy kategoriya talablariga to`la javob bermasa ham), chunki statistikada chiroyli ko`rinadi.

Paradoks shundaki:

1) «Ta`lim to`g`risida»gi Qonunni hech kim bekor qilgani yoki o`zgartirgani yo`q va qonunga ko`ra, inspeksiya bor, Prezident farmoniga ko`ra esa - yo`q.

2) Mustaqil baholovchi organ sifatida tuzilgan inspeksiyaning vakolatlari vazirliklarga bo`lib berilmoqda, ya`ni vazirliklar o`z ishiga o`zi baho beradi.

3) Nodavlat ta`lim tashkilotlari Xalq ta`limi (hozirgi Maktabgacha va maktab ta`limi) vazirligiga yoki Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga (hozirgi Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi) bo`ysunmaydi, ular qaysidir ma`noda bu vazirliklar tizimiga kiradigan davlat ta`lim muassasalariga raqobatchi. Shunda bu vazirliklar o`z raqobatchilari bo`lgan nodavlat ta`lim tashkilotlariga lisenziya berib, ulardagi ta`lim sifatiga baho beradimi? Vazirliklar o`z raqobatchilari ishiga xolis, ob`ektiv baho berishdan qay darajada manfaatdor?

Parlament bu borada biron nima deydimi? Yoki jimgina qonunni farmonga moslab qo`yadimi?

Izoh: gap bu erda Inspeksiya kerak-nokerakligi, uning qanday ishlaganligi haqida ham emas, balki o`zimiz chiqargan qonunlarga o`zimiz rioya qilishimiz haqida, deydi Komil Jalilov.

Inspeksiyani yopilishi yuzasidan Nodavlat OTMlardan birining vakili Abduqaxxor Iminoxun ham fikr bildirgan:

«Mutaxassislar uchun savol

Bir davlat tashkiloti ma`lum bir sohani o`zi lisenziyalashi, ya`ni shu sohada faoliyat olib borish uchun tadbirkorlarga ruxsatnoma berishi va aynan shu sohada shu tashkilotning o`zi faoliyat ko`rsatishi mumkin emas.

Sababi bunda raqobat muhiti buziladi, manfaatlar to`qnashuvi yuzaga keladi va boshqa qator ko`ngilsiz oqibatlar kelib chiqadi.

Islohotlar natijasida Ta`lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasining funksiya va vazifalari mos ravishda Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi hamda Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi o`rtasida taqsimlanadi deb xabar berildi.

To`g`ri tushungan bo`lsam, Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi endi nodavlat oliy ta`lim muassasalari faoliyatini lisenziyalaydi, ya`ni yangi tashkil etiladigan nodavlat oliy ta`lim muassasalari tashkil etilishi yoki tashkil etilmasligi yuzasidan qaror qabul qiladi.

Bir vaqtni o`zida Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi faoliyat yuritayotgan, avval OO`MTV tasarrufida bo`lgan barcha davlat oliy ta`lim muassasalari faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladi.

Bunda raqobat muhitiga zid holat yuzaga kelmaydimi?

Savolning davomi: Avval Ta`lim inspeksiyasi bevosita VMga bo`ysunadigan davlat organi sifatida ta`lim muassasalaridagi ta`lim sifatini ob`ektiv baholaydi deb qaralar edi. Endi Ta`lim inspeksiyasining funksiya va vazifalari ikkita ta`lim vazirligi bo`ysunuviga o`tkazilgach, o`zlari bevosita bo`ysunadigan davlat tashkilotidagi ta`lim sifatini ob`ektiv baholashlari imkoniyati qanday?

Yuqoridagi muammolarning echimi oliy ta`lim sohasidagi davlat ishtirokini keskin kamaytirish, oliy ta`lim tizimini boshqarish, lisenziyalash, akkreditasiya va attestasiya qilish jarayonlarini nodavlat sektorga berishda deb bilaman», deydi u.

Ma`lumot uchun: Inspeksiya tomonidan 2022 yilning o`zida 33 ta nodavlat OTMga lisenziya berilgan.

 


 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар