Ishonchsizlik votumi qo`llanilsa hokim bilan birgalikda uning o`rinbosarlari ham ishdan ozod etiladi
Normativ-huquqiy hujjatlar portaliga “Mahalliy ijroiya hokimiyati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasini Qonuni loyihasi joylashtirildi.
Xalq deputatlari Kengashlarining deputatlari umumiy sonining kamida beshdan bir qismi hokimga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish taklifi bilan chiqish huquqiga ega.
Hokimga nisbatan ishonchsizlik votumini qabul qilish uchun quyidagilar asos bo`ladi:
1) xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlangan hududni rivojlantirish bo`yicha dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning kamida uchdan bir qismi bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmaganligi;
2) hokim tomonidan xalq deputatlari Kengashlari vakolati doirasida berilgan qonuniy talablar ikki martadan ortiq bajarilmaganligi;
3) hokim tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalarini buzilganligi;
4) ushbu Qonunning 12-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya qilmaganligi;
5) hokim yoki uning o`rinbosarlari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`yganligi, shuningdek mahalliy byudjet mablag`larini sarflashda qonunchilik talablari buzilganligi.
Ishonchsizlik votumi tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan o`n kun muddat ichida navbatdan tashqari sessiyasida ko`rib chiqiladi va deputatlar umumiy sonining kamida yarmidan ko`pi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.
Qabul qilingan ishonchsizlik votumi xalq deputatlari Kengashining raisi tomonidan besh kunlik muddat ichida hokimni lavozimidan ozod uchun tegishlicha O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki yuqori turuvchi hokimga yuboriladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki yuqori turuvchi hokim tomonidan hokimni lavozimidan ozod etish to`g`risida qaror qabul qilingan taqdirda, uning o`rinbosarlari ham iste`foga chiqariladi.