Dok-1 Maks sababli halok bo`lgan bolalar soni 18 nafarga etdi, Ombudsman va SSV nima demoqda?
SVV talqinicha ota onalar mas`uliyatsizlik qilgan va dorininoto`g`ri qo`llagan. Mas`ullarga intizomiy chora qo`llandi, deyishmoqda. Bolalar o`limidan keyingina aniqlangan zaharli moddasi bor dori vositasini O`zbekistonga kirib kelishiga yo`l qo`yganlar faoliyati ham tekshiriladimi?
Tekshiruv jarayonida mamlakatimizda o`tkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida Dok-1 Maks siropini ichish natijasida o`lim holati aniqlandi.
Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) xabar bermoqda.
Avvalroq, Dok-1MAKS preparati sabab 15 nafar bola vafot etgani xabar qilingan, SSV ushbu xabarni tasdiqlab, hozirda tekshiruv ishlari olib borilayotganini ma`lum qilgan edi.
24 dekabr kuni bir qator mutasaddi tashkilotlar ishtirokida holat bo`yicha o`rganish o`tkazilgan.
Ma`lum bo`lishicha, bu holat sentyabr oyida boshlangan. Viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazida sentyabr-dekabr oylarida 21 nafar bemor o`tkir buyrak zararlanishi bilan tekshirilgan, davolangan. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatidan bo`lgan, 3 nafar bemor sog`lomlashtirilib uyiga javob berilgan va 18 nafari vafot etgan. Bemorlarning barchasi 6 yoshgacha bo`lgan bolalar. Ularning 15 nafari 3 yoshgacha bo`lgan bolalar.
Bemorlarning barchasida shamollash alomatlari bo`lgan va davolash maqsadida Dok-1MAKS preparati qabul qilishganligidan so`ng ahvoli og`irlashgan.
Dok-1MAKS preparatining har 10 mlda paratsetamol — 500 mg, gvayfenezin — 200 mg, fenilefrina gidroxlorid — 10 mg mavjud. Mutaxassislar Dok-1MAKS preparati qo`llanilishi ko`rsatmasida preparatni 2 yoshdan qo`llash mumkinligi ko`rsatilganligi, lekin shunday tarkibli boshqa kompaniyalar preparatlari asosan 12 yoshdan keyin qo`llashga ruxsat berilganligini ta`kidlashgan.
Hozirda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi o`z o`rganishlarini davom ettirmoqda. Samarqand shahar prokuraturasi har bir o`lim holati bo`yicha surishtiruv-tergov olib bormoqda, deyiladi Ombudsman xabarida.
SSVdagilar esa, preparat ota-onalar tomonidan noto`g`ri qo`llanganini aytmoqda.
Qayd etilishicha, barcha 21 nafar bolalarning ota-onalari preparatni noto`g`ri qo`llagan, ularga hech bir vrach bu preparatni yozib bermagan.
«Barcha bolalarga preparat shifokorlar reseptisiz berilgan. Dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol bo`lgani uchun Dok-1 Maks siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto`g`ri qo`llanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab bo`lgan», deyiladi vazirlik xabarida.
SSV har bir dori seriyalari tekshirilib, ularga muvofiqlik sertifikati berilganini va ushbu preparat “Quramax Medical” MChJ tomonidan import qilingani ma`lum qila turib, olib borilgan dastlabki laborator o`rganishlarda zaharli modda aniqlanganini ma`lum qilgan.
“ Dok-1 Maks siropining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikol mavjudligini ham ko`rsatdi. Ushbu modda zaharli bo`lib, taxminan 1-2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy o`zgarishlarni, ya`ni qusish, xushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va o`tkir buyrak etishmovchiligini keltirib chiqaradi», deyilgan unda.
Savollar tug`iladi? Nima sababdan bu kabi tahlillar dori vositasiga ruhsat berilgan vaqtda emas, bolalar o`limi qayd etib bo`lingandan keyin berilmoqda? Bu tahlillar jiddiyroq doirada, ya`ni dori vositalarini yurtimizga kirituvchilar doirasida ham tekshiruvlar o`tkazishga asos bo`la olmaydimi?
Vazirlik, o`z xabarida ota onalarni bee`tiborligini alohida qayd etdi va bu holatga alohida tushuntirishlar bergan:
- Vafot etgan bolalar stasionar davolanishga kelguniga qadar ushbu preparatni uy sharoitida boshqa dorilar bilan birga, 2-7 kun davomida, kuniga 3-4 mahal 2,5-5 millilitrgacha qabul qilgan. Tabiiyki, bu bolaga me`yoridan ancha ortiq miqdor hisoblanadi.
Barcha bolalarga preparat shifokorlar reseptisiz berilgan. Dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol bo`lgani uchun Dok-1 Maks siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto`g`ri qo`llanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab bo`lgan.
Vaholanki, parasetamol faqat tana harorati 38-38,5 darajadan yuqori bo`lgandagina kuniga 1 yoki 2 marta 1 yoshgacha bolaga 100-125 milligramm, 1 yoshdan 3 yoshgacha 200 milligramm, 3 yoshdan 5 yoshgacha bolalarga esa 250 milligramm dozada berilishi kerak. Tana harorati me`yorida bo`lganda ushbu dori vositasini iste`mol qilish qat`iyan man etiladi.
«Ommaviy bolalar o`limi ortidan «xizmat vazifasiga loqayd va bee`tibor munosabatda bo`lgani, bolalar o`limi tahlilini o`z vaqtida yuritmagani va kerakli choralarni ko`rmagani uchun 7 nafar mas`ul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi va qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qo`llanildi», deyilgan xabarda.
Lekin aynan qaysi mutasaddilar jazolanganiga aniqlik kiritilmagan.
Vazirlik o`z ma`lumotida shuningdek, ota-onalardan farzandlari salomatligiga befarq bo`lmasliklarini, dorixonalardan faqat shifokor resepti bilangina dori vositalarini xarid qilishlarini so`ragan.