Uzoq yillik shov-shuvlardan so`ng tinchgina, hech qanaqa hashamatli shov-shuvsiz, marosimsiz, jamoatchilikning gap-so`zlaridan so`ng deyarli majburan ochilgan “G`afur G`ulom bog`i” o`zi uzundan uzoq ro`yxat qilib bergan va`dalarini bajardimi?
Bog` chindan ular aytgandek darajadami, sifat, yangiliklar, yangi qurilmalar ular aytganidek borganlarni hayratlantiryaptimi?
«Shundoq ham o`zi gavjum va fayzli bo`lgan G`afur G`ulom parkini ismi sharifi o`zbekcha, lekin qog`ozlarda «Singapurlik investor»ga (ya`ni shunchaki Singapurdan firma ochgan hisob raqamida 1000$ puli bor o`zbek) berib yuborilgan» "Dream park" da shunchaki attraksionlar sal yangilanibdi. Hech qancha o`zgarish bo`lmagan. Shunda bu park shaxsiymi endi…» kabi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fikrlarni ko`rib, yana bog` tomon yo`l oldik. Oradan yillar o`tib ketdi, axir kechikkani evaziga hech bo`lmasa va`dalar ortig`i bilan bajarilgandir?
Ammo Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, istirohat bog`i ma`muriyati tomonidan berilgan, umumiy hisobda 45 ta turli attraksionlar barpo etilishi, 300 o`ringa mo`ljallangan 2 ta amfiteatr qurilishi, qisqa muddatli bolalar bog`chasi, tantanali tadbirlarini o`tkazish inshootlari, kartografik favvora, xorijiy va mahalliy adabiyotlar bilan boyitilgan o`quv zaliga ega bo`lgan kutubxona, maxsus texnik vositalarga ega sport maydonchalari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, qishki yopiq dam olish markazi, ko`l atrofida yugurish yo`lakchalari tashkil etilishi, investorga loyihadan chetlashib, ko`ngilochar maskanga taalluqli bo`lmagan bino-inshootlar qurilishi kuzatilsa, shu zahoti shartnoma bekor qilinishi, rekonstruksiya ishlari olib borilishi jarayonida bog`dagi daraxtlarga umuman ziyon etkazilmasligi, aksincha yangi turdagi daraxtlar ekilishi hisobiga bog`ning yashillik darajasi ortishi haqidagi cheksiz va`dalarning isbotini ko`rish nasib qilmagan shekilli.
Hech qaerda alohida, noyob attraksion, qurilma ko`rinmaydi. Shu o`zimiz ko`rgan oddiy qurilmalar va avvalgi, ammo biroz kichraytirilgan ko`l. Chala qurilgan ovqatlanish shoxobchalari Toshkent siti, Mejik siti, Yangi O`zbekiston bog`i kabi taxminan bir tadbirkorga tegishli savdo-ko`ngilochar markazlarini takrorlaydi. Bu erda ham o`sha turk kafelari, fast-fudlar.
Chetlarda singan va ko`chib turgan plitalar, eng chekkadan o`tgan ariqning ichidagi tiqilib yotgan chiqindilar, yaqindagina qurilganu, ammo zanglab yotgan turli inshootlar e`tiborni tortadi.
Kesilgan daraxt to`nkasi esa, pechak o`ti o`ralganida «qurib qolgani» uchun kesilgan bo`lsa kerak.
Mustahkam qurilmagan, joyidan ko`chib ketgan plitalarni ko`rib, bu erdagi attraksionlar ham shunday tarzda qurilgan bo`lsaya, degan shubha tushadi ko`ngilga. Axir har kuni qandaydir fojialar yuz berib, bolalar halok bo`lib turgan yurtda o`zimizni, farzandlarimizni o`zimiz asramasak, kim bilsin, hamma narsa yuz berishi mumkin.
O`zgargargan narsa asosan narx bo`libdi. Yopilishidan oldin 2-5 minglik attraksionlarda endi turiga qarab 7-20 ming pul to`lashingiz kerak.
Xullas, bizni aldashdi. Bizga va`da berilgan u noyob istirohat bog`i yo`q bu erda. Ilgarigi o`zimizning eski G`afur G`ulom bog`idan a`loroq joyi yo`q. Darvoqe, bog`ning kirishidan hech qanday G`afur G`ulom bog`i degan yozuv yo`q. Albatta, ba`zi joylarida olib tashlashga ulgurilmagan, o`sha eski parkdan qolgan yozuvlarni topish mumkindir balki, ammo bog` ichida va asosiy darvozada hech qanday nom yo`q.