Koreyadan o`z oilasini ko`rish uchun 541 nafar fuqarolarimiz kelishgandi. Pandemiya sababli ular o`z ish joylariga qaytib bora olishmagan.
Pandemiya sababli nafaqat Koreya respublikasidagi balki boshqa mamlakatdagi hamyurtlarimiz ham anchayin muammolar bilan to`qnash kelishdi. Ulardan biri karantin sababli reyslarning bekor bo`lishi bo`ldi. Ular endi qachon yana o`z ishlarini davom ettirishlari mumkin? Ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomalar taqdiri nima bo`ladi? Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Koreya respublikasiga erkin yollash tizimi bo`yicha ishga joylashtirish bo`limi boshlig`i o`rinbosari Nurali Baratov bilan bevosita Koreyaga yuborish bo`yicha pandemiya sharoitida qanday ishlar tashkil etilganligini yuzasidan suhbatlashdik.
– Bu yil pandemiya sababli O`zbekiston fuqarolarini jo`natishda muammolar bo`ldi. Biz 90 nafar ishchini yubora oldik. Bular asosan birinchi marta shartnomasi chiqqanlar. Pandemiya boshlanishidan oldin, 541 nafar fuqarolarimiz ta`tilga chiqib Koreyadan o`z oilasini ko`rish uchun yurtimizga qaytib kelishgan. Pandemiya sharoiti bo`lishiga qaramasdan 152 nafar yurtdoshimizni o`z ish joyiga qayta yuborilishiga erishilgan.
– Koreyada ishlab kelgan va endi o`z ish joyiga ketolmayotgan fuqarolarimiz qaytish uchun nima qilishlari kerak?
– Birinchi navbatda, ish beruvchisi bilan bog`langan holda, Ish joyiga qaytib borishlari haqida ma`lumotnoma berishlari kerak. Bunda borgandan so`ng 14 kun karantinga olinishi, o`zini o`zi izolyasiya qilishi shart bo`ladi. Izolyasiyaga olinadigan joyning aniq manzili berilishi kerak, hamda, ish beruvchilar bilan muntazam aloqada bo`lib turilishi lozim.
Biz deyarli 400 kishining ro`yxatini bergandik, lekin ulardan 152 nafarini Koreya tomoni tasdiqlab berdi. Koreya talabiga asosan har haftada 10 kishining ro`yxatini berayapmiz. Ularda o`zini o`zi izolyasiya qilish manzillari ko`rsatilgan. Hozir tegishli tashkilotlar bilan muzokara olib borayapmiz. Lekin, Koreya uchun O`zbekiston qizil hudud sanaladi. U yashil ro`yxatga o`tkazilsa ishlar ancha osonlashadi.
– Shartnoma bo`yicha bajarilishi kerak bo`lgan ishlarni bajarish imkoniyatiga ega bo`lmagan fuqarolarning shartnomalari nima bo`ladi? Tuzilgan shartnomalar to`xtatiladimi?
– Biz Koreyaga ketuvchi fuqarolarni uch toifaga ajratib oldik. Ya`ni shartnomasi birinchi chiqqan fuqarolar, shartnomasi oldinroq chiqqan 4 yilu 10 oy ishlab qayta shartnoma tuzgan fuqarolar hamda uchinchi toifa ta`til olib yurtga kelgan fuqarolar.
Shuni eslatib o`tmoqchimizki, Koreya respublikasida bevosita biz bilan ishlaydigan tashkilot - Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan muzokaralar olib borish jarayonida shartnomasi chiqqan fuqarolarning viza muddatlarini uzaytirish bo`yicha ishlar davom etmoqda. Bundan tashqari shartnomasi bekor bo`lgan fuqarolarga yana qayta shartnoma tuzish masalasi ham ko`rib chiqilmoqda. Hozirda 865 nafardan ortiq mehnat migrantiga birinchi marta shartnomalar kelgan bo`lib, shulardan 200 nafardan ortig`ining shartnomasi bekor bo`ldi. Ulardan 80 foiziga yana qayta shartnoma qilinishiga erishdik.
To`rt yillik shartnomasi tugagan fuqarolarimiz esa ish salohiyati yuqori bo`lganligi tufayli katta muammo tug`dirmayapti. Ularga Koreya respublikasining O`zbekistondagi elchixonasi orqali qayta viza berish bo`yicha muzokaralar olib borilmoqda.
– Koreyaga ishga yuborish uchun boshqa xususiy bandlik agentliklarida ham huquq bormi?
– Koreyaga ishga borishga E-9 vizasi beriladi. Bu jarayon Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan hamkorlikda olib boriladi. Ikki davlatning mehnat vazirligi o`rtasida bu borada memorandum tuzilgan. Bunda uchinchi tomon qo`shilishi tavsiya etilmagan. Koreyaga ketishni xohlagan fuqarolar faqat Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan yuboriladi. Boshqa hech qanaqa xususiy bandlik agentligi bunday vakolatga ega emas. Firibgarlikka uchramaslik uchun bunga alohida e`tibor qaratishlarini so`ragan bo`lardik. Xususiy agentliklar aynan E-9 viza turini olishi ancha qiyin masala. Ayrim xususiy agentliklar bu vizani ham berdik, deb e`lon qilishgandi. Lekin, ular bugun aldagani uchun tegishli tashkilotlar oldida javob berishayapti.
– Bu yil Koreyaga ishlashga bormoqchi bo`lgan fuqarolarning imkoniyati qanday? Ular imtihon topshirishi, yangi shartnomalarga erishishlari mumkinmi?
– Sir emas, Koreyaga borib ishlash, ham iqtisodiy ham kasbiy salohiyatini oshirishga intilayotganlar soni yil sayin ko`paymoqda. Shuni hisobga olgan holda, hozirda ikki mamlakat o`rtasida, ishlab chiqarish, xizmat ko`rsatish, qurilish sohalariga ko`proq ishchilarni jalb etishni rivojlantirishga qaratilgan muzokaralarimiz davom etmoqda. Bu borada biror o`zgarish bo`lishi bilan albatta fuqarolarimizga xabar berib boramiz, albatta pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holatda ular tashkil etiladi.
Koreyaga ketmoqchi bo`lganlarning test topshirishlari esa Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan shu yilning birinchi yarim yilligida o`tkazilishi mumkin. Lekin, Pandemiya sharoitini hisobga olgan holda hammasi tashkil etiladi. Sanalar o`zgarishi mumkin.
Hozir biz aynan Koreyaga ishga borishni istovchi fuqarolarni ketishidan oldin bepul koreys tiliga o`qitishni reja qilganmiz. Har bir hududda monomarkazlarimiz bor.
– Koreyada ishlovchi fuqarolarimiz duch keladigan muammolar haqida ham aytib o`tsangiz?
– Koreya respublikasi xavfsiz va qonun ustuvor hamda fuqarolarning huquqlari birinchi o`ringa qo`yilgan davlatlardan biri hisoblanadi. Eng dolzarb muammolardan biri shuki, Koreyaga ishga borgan fuqarolarimiz o`zining tanishi bilan birga ishlash maqsadida ish joyini o`zgartirish holatlari kuzatilyapti. 4 yil-u 10 oy ishlaganidan keyin O`zbekistonga kelsa muammo bo`lmaydi. Lekin, agar u erda qolib ketsa, shartnomada ko`rsatilgan ish joyini o`zgartiraversa bizga bo`lgan ishonch ham kamayadi. Koreyada qonuniy uch marta ish joyini o`zgartirish mumkin, ammo, noqonuniy o`zgartirayotgan fuqarolar sababli Koreya ish beruvchilarida o`zbek migrantlariga bo`lgan talab susayib ketmoqda. Agar fuqarolarimiz talablarni o`z vaqtida bajarsa ishonch ham ortadi.
Eslatib o`tamiz, biroz avval Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi Bandlikka ko`maklashish, tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish boshqarmasi 2020 yilning o`tgan 11 oyi mobaynida 467 ming nafardan ortiq mehnat migrantlari qaytib kelgani haqida xabar bergan edi. Unda qayd etilishicha, Rossiyadan – 257 ming, Qozog`istondan – 129 ming, Turkiyadan – 14 ming, Koreya va boshqa davlatlardan – 66 mingdan ortiq vatandoshlar qaytgan.