Milliardlarni yutayotgan Orol dengizi: Orol mintaqasiga ajratilgan pullar Orolni obod qilayaptimi?

16.12.2022 11:08

O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Vashington shahrida Orolbo`yi mintaqasini qo`llab-quvvatlash uchun mablag` yig`ish bo`yicha xayriya tadbirida ishtirok etgan. Tadbir AQShning "Project C.U.R.E. xayriya tashkiloti bilan amalga oshirilgan. 

Norovgacha ham bir qancha o`zbek amaldorlari Orol bo`yini qo`llash uchun turli xalqaro tashkilotlardan mablag` ajratilishiga erishganlar.

Shu yilning 10 noyabr kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Orol dengizi hududida cho`llanishning salbiy oqibatlari bilan kurashish maqsadida 1,6 million AQSh dollari miqdorida ajratganini e`lon qilgan edi.
Yillar davomida turli xalqaro tashkilotlar va byudjet mablag`lari tomonidan Orolni qutqarish uchun  milliardlab mablag`lar ajratib kelingan. 

Vladimir Norovning (AQSh) Vashingtonda Orolbo`yi mintaqasini qo`llab-quvvatlash uchun mablag` yig`ish bo`yicha xayriya tadbirida ishtirok etishi bahonasida, Rost24 sayti yillar davomida Orol va Orol bo`yi mintaqasini rivojlantirish uchun ajratilgan mablag`larni to`pladi.

Yopiq jamg`arma

2017 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan moliya vazirligi huzuridagi Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish jamg`armasi tashkil etilgan. Jamg`arma Orol bo`yini rivojlantirish uchun ajratilgan mablag` va uning natijalari bo`yicha aniq va ochiq monitoring yoki audit ma`lumotlarini doimiy ravishda ommaga ochiq taqdim etib kelmaydi. 
Shuningdek, 2017 yilgacha Orol mintaqasiga ajratilgan mablag`lar monitoringi hukumat tomonidan ommaga taqdim etilmagan.

1,6 million AQSh dollari

(USAID) tomonidan ajratilgan 1,6 million AQSh dollari  (ERAS II) loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha Orol dengizining O`zbekiston qismida yangi o`rmon ekinlarini o`tqazish orqali hududda havo sifati va yashash sharoitlarini yaxshilash hamda iqlim o`zgarishiga chidamlilikni oshirishga yo`naltirilgan.

25 yil muddatga 150 million AQSh dollari

Joriy yilning sentyabr oyida Osiyo taraqqiyot banki Orol bo`yi mintaqasi uchun ajratajak mablag`lar haqida axborot berilgan edi. Osiyo taraqqiyot banki O`zbekiston Respublikasiga 25 yil muddatga, shu jumladan, besh yillik imtiyozli davrga 150 million dollar miqdorida kreditlar ajratishini ma`lum qilgan.  Ushbu mablag`lar «Iqlim o`zgarishiga moslashishni hisobga olgan holda Orol dengizi havzasida suv resurslarini boshqarish» loyihasini amalga oshirishga yo`naltirilishi ko`zda tutilgan.

19 million AQSh dollari

2021 yilda Jahon banki tomonidan Orol dengizi havzasida iqlim o`zgarishiga moslashish dasturini amalga oshirish uchun 19 million dollar miqdorida mablag` ajratilgani haqida xabar berilgan.

100 mlrd. so`m

2019 yilda Vazirlar Mahkamasining Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda “yashil qoplamalar”ni tashkil etish to`g`risidagi qarori ham hududga katta mablag` ajratishni ko`zlagan edi. Qarorga ko`ra, «O`zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining Moliya vazirligi huzuridagi Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish jamg`armasi oldidagi qarzdorligi hisobidan bosqichma-bosqich 100 mlrd so`m miqdorida mablag` ajratilgan.

3 mlrd. AQSh dollari

2014 yil oktyabrida Urgench shahrida Orol dengizi muammolariga bag`ishlangan xalqaro anjumanda Orol dengizi va mintaqadagi ekologik fojia oqibatlarini yumshatish uchun 3 mlrd. dollar ajratilishini ma`lum qilingan. Unda Xalqaro moliya institutlari tomonidan beriladigan 2,15 mlrd. dollar va O`zbekistonning o`zi ajratadigan mablag`lari nazarda tutilgan.

Ilk mablag`lar 2 mlrd. AQSh dollari

1993 yil yanvarida Qozog`iston, Tojikiston, Turkmaniston va O`zbekiston tomonidan Orolni qutqarish xalqaro fondi tuzilgan edi. 2008 yil dekabridan boshlab fondga BMT Bosh assambleyasida kuzatuvchi maqomi berilgan. Xalqaro fond a`zolarining loyihani amalga oshirish uchun 2003-2010 yillarda qo`shgan hissalari 2 milliard dollarni tashkil qilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
12
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар