Hech zamonda bir dona somsa 85 ming so`m yoki bir kosagina sho`rva 130 ming so`m bo`lishi mumkinmi?
Bir dona somsani 85 ming so`m deb hisoblab aslida kimning pulini o`marmoqda? Bu ochiqcha korrupsiya emasmi?
Bir bechora 15 yoshli kambag`alning bolasini 16 ming so`m o`g`irladi deb qamagan edi. Xo`sh bular o`g`irlik emasmi? Davlat va xalq pulini o`marish emasmi?
Agar nazoratda haqiqat bo`lsa shu savolga ham javob berilishi kerak edi. Ammo jamoatchilikning bu savoli ham unutilmoqda.
Yangi O`zbekiston xalqining katta qismi uyida gazsiz, chiroqsiz o`tirganida, Transport vazirligimiz Turkiy davlatlar tashkiloti transport vazirlarining ziyofati uchun 169 mln. so`m sarflabdi.
Shartnoma o`sha biz bilgan «Sky Events» bilan imzolangan, shartnomada bir dona somsa 85 ming so`m, bir kosa sho`rva 130 ming so`m, bir porsiya qozon kabob esa 250 ming so`m deb keltirilgan.
Nahotki bu amaldorlarning oddiy ovqatlanish rasioni bo`lsa-yu, bizni bunga aqlimiz etmayotgan bo`lsa? Yoki tashkilotlar bir birlari bilan kimo`zarga musobaqa qilyaptimi? Yana aynan bitta tadbir agentligi bilan.
Mart oyida Toshkent investisiya forumi bo`lib o`tganida, forum uchun qariyb 1,5 million dollar sarflangani haqidagi ma`lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
Tarqalgan shartnomalarga ko`ra, 700 ming dollar SKY EVENTS tadbir agentligiga ketgan. Unda bir porsiyasi 200 ming so`mlik qulupnaylar, malinalar, 5,5 million so`mlik qora ikra kabi mahsulotlar bor.
250 ming dollar sarflangan Akfa Dream World shartnomasida esa donasi 70 000 so`mlik somsalar, 50 000 so`mlik mantilar bor. Negadir ikkala agentlik bitta manzilda ro`yxatdan o`tgan, demak borib tushadigan qozon bir.
O`shanda 70 000 so`m turadigan somsa, 200 000 so`m turadigan qulupnayga ketadigan xarajatlar ro`yxatini O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi hech qanday tendersiz tasdiqlagani katta shov-shuvlarga sabab bo`lgan, mas`ullar esa, doimgi usullarini qo`llab, indamaslik bilan vaziyatdan chiqib ketishgan edi.
Bundan biroz avval Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarni rivojlantirish (Aloqa) vazirligi tizimidagi kichik bir tadbirga sarflangan xarajatlar ko`rsatilgan shartnoma ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan, unda bahosi qariyb 15 million so`mlik tortlar, shuningdek aqlga sig`mas bahoga ega bo`lgan boshqa mahsulotlar ro`yxati keltirilgan edi.
Mavzuga aloqador:
Rost24.uz so`rovi: Mutasaddi tashkilotlar 70 minglik somsa voqeasini tekshirdimi?