Bugun O`zbekiston madhiyasi qabul qilinganiga 30 yil to`ldi. Lekin, musiqasi Sovet O`zbekistoni madhiyasinikini shunday takrorlaydigan, so`zlari ham o`sha madhiyaga hamohang bu kuy haqiqatdanam istiqlol qo`shig`i bo`la olganmi? U mustaqillik ruhini beradimi yoki «buyuk og`amiz»ni eslatib turadimi?
Rost24.uz sayti avval ham bu bahstalab mavzuni o`rtaga tashlagan edi. Lekin, hech qanday rasmiy munosabat bildirilgani yo`q. Shu sabab bugun sana bahonasida yana shu savolni o`rtaga tashlashga qaror qildik.
Bizningcha, Mustaqil O`zbekiston Respublikasi madhiyasining SSR O`zbekistoni madhiyasi musiqalari bilan aynan o`xshashligi sababli yangilanishi zarur.
«Assalom, rus xalqi, buyuk og`amiz, Barhayot dohiymiz Lenin, jonajon, jonajon!» Har tongda mana shu madhiya yangramay qo`yganiga 30 yildan oshdi. O`zbekistonda 1956 yildan to 1991 yilgacha radio va TV orqali yangragan mana shu qo`shiq sadosi ostida tong otgan. O`sha vaqtlar sovet O`zbekistoni madhiyasini eshitmaslik uchun jonini berishga tayyor bo`lgan odamlar ham topilganligiga ishonamiz. Bu oddiy madhiya emas, qullik qo`shig`i edi. Istiqlol g`oyasi bilan o`sgan bugungi avlod Turob To`la va Temur Fattoh qalamiga mansub madhiyaning «Rahnamo Lenindan xalqlar minnatdor!», «Serquyosh o`lkada ko`rmasdik ziyo, Daryolar bo`yida edik suvga zor, suvga zor» satrlarini o`qisa asablari taranglashadi, ko`z oldi qorong`ilashadi. Aslida sovet O`zbekistoni madhiyasi 1947 yilda qabul qilingan. Ammo, 1956 yilda Iosif Stalinning o`limidan so`ng uning nomi madhiya matnidan olib tashlab, «tuzatiladi». Mana O`zbekiston mustaqil bo`lganiga 31 yil ham to`ldi, Mustaqil davlatimizda esa hamon sovet davri madhiyasi bilan juda o`xshash bo`lgan madhiya yangrab kelmoqda. Madhiya konstitusiyada belgilab berilgan Mustaqil O`zbekistonning ramziy belgilaridan biri. Ammo, uni tarixdagi qullik musiqasiga o`ta o`xshashligini inkor etib bo`lmaydi, afsuski. Shunday ekan, balki sovet O`zbekistoni madhiyasidan butkul boshqa milliy, ozodlik, hurlik ohanglari ufurgan musiqa tanlash vaqti kelgandir?
Dunyo miqyosidagi sport, san`at, ilm-fan, umuman barcha sohalardagi musobaqalarda davlatimiz ishtirok etarkan, xususan, g`oliblikni qo`lga kiritarkan, albatta madhiya musiqasi yangraydi, so`zlari emas. Milliy madhiyamiz esa aynan 75 yillik qullik qo`shig`ining o`zginasi.
Abdulla Oripovning qalamiga mansub yangi mustaqil O`zbekiston madhiyasidagi ayrim satrlar va jumlalar ham avvalgi satrlarga hamohangdek. «Serquyosh o`lka», «Senga yor iqbol», «Tuprog`ing xazina, baxting bor jahon» kabi jumlalarga o`xshash so`zlarni mustaqil davlatimiz madhiyasida ham uchratish mumkin. Mutal Burhonov muallifligidagi musiqalarning o`xshashligiga esa ortiqcha tarif berishning hojati yo`q.
O`sha vaqtda deputatlar safida bo`lgan Oygul Mamatovaning dalolat qilishicha Abdulla Oripov she`ri va Mutal Burhonov musiqasi bilan birgalikda Mirpo`lat Mirzo she`ri va Rustam Abdullaev musiqasi so`nggi eshituvgacha etib kelgan. Mirpo`lat Mirzo va Rustam Abdullaevlar muallifligidagi madhiyada Amir Temur g`alaba marshi, milliylik ruhi bor edi. Ammo, o`shanda zalda o`tirganlarning ko`pchiligi bu musiqaning tarixiy ahamiyatini tushunishmagan. Abdulla Oripov va Mutal Burhonovning nufuzi ham ular yaratgan madhiya tanlanishiga ta`sir qilgan, deydi Oygul Mamatova. Oygul Mamatovaning aytishicha, avvaldan Mutal Burhonov va Abdulla Oripov muallifligidagi madhiya versiyasi yutib chiqishiga ishonch bo`lgan, go`yoki tepadan buyruq bo`lgandek (Audiointervyuni maqola so`ngida tinglashingiz mumkin).
Abdulla Oripovni yaqindan tanigan kishilarning ma`lum qilishicha, u gohida madhiya haqida gap ketsa, «E u mening she`rim emas, Mutal akaniki, u erda mening she`rimdan hech narsa qolmagan», deb hazil qilib qo`yarkan.
Sessiyada yana milliy cholg`u asboblari bilan kuylangan musiqaga e`tirozlar ham bo`lgan. Masalan, o`sha sessiyada qatnashgan yozuvchi Pirimqul Qodirov shunday degan edi:«Davlat madhiyasi qo`shiq kabi faqat milliy cholg`u asboblaridagina ijro etilsa, O`zbekiston hududidan tashqarida, masalan, Evropa yoki Osiyo mamlakatlarida uni ijro etadigan cholg`u asboblari topilmay qolishi mumkin. Shuni hisobga olib, davlat madhiyalari barcha mamlakatlarda bor bo`lgan simfonik va duxovoy orkestrlarda xor ishtirokida ijro etiladi. Musiqa shu talablarga moslab yoziladi…. «Cho`li Iroq»ni, «Munojot»ni madhiya qilsak degan taklif tushdi. Lekin bu yaxshi ko`rgan, go`zal kuylarimizni boshqa mamlakatlarda ijro etib bo`lmasligini o`zlaringiz tasavvur eta olasizlar. Albatta, O`zbekiston Davlat madhiyasida milliy ruh, milliy jarang bo`lishi kerak. Davlat madhiyasi bizning xalqimizga xos jozibali, milliy ohanglarni boshqa davlat xalqlariga ham etkazib beradigan umuminsoniy saviyada yozilishi zarur». Madhiya tanlash jarayonidagi vaziyatni bugun tirik guvohlari turlicha talqin qiladi. Biroq, shunisi bizga aniqki sovet madhiyasi va mustaqil davlatimiz madhiyalari juda o`xshash.
Sovet O`zbekistoni gerbi va Mustaqil O`zbekiston Respublikasi gerbi o`rtasida ham o`xshashliklar talaygina. Ya`ni, gerb o`rtasidagi o`roq va bolta o`rnini Humo qushi egallagan. Sovetlar davrida katta paxta dalasiga aylantirilgan O`zbekistonga qo`yilgan "tamg`a" - «paxta» belgisi ham shundayligicha saqlab qolingan.
Mustaqil O`zbekistonning muqaddas belgilari tubdan yangilanmagandek. Gerbimizda achchiq tarix ramzlari, madhiyada 70 yillik mustabid tuzum tongining shabadalari esib turgandek. Nima uchun mustaqil O`zbekiston Respublikasining madhiyasi va gerbi eski andozaga qarab bichilgan?
Muhammad Yusuf qalamiga mansub «Vatanim» qo`shig`ini Sevara Nazarxon kuylaganda, beixtiyor ko`zingizdan yosh dumalaydi. Undagi satrlar yuragingiz tub-tubidagi vatanga bo`lgan mehrni uyg`otgandek bo`ladi. Balki, bizga tamomila yangi mustaqillik madhiyasi kerakdir?
Rost24.uz sayti kuzatuvchilaridan Mustaqil O`zbekiston madhiyasi haqidagi fikr-mulohazalarini kutib qoladi.