Byudjet nazoratini olib boruvchi tashkilotlar keragidan ko`p, ammo xalq pullarining talon-taroji kamaymayapti

09.12.2022 11:09

O`zbekistonda byudjet mablag`larining qonuniy sarflanishini nazorat qilish uchun O`zbekiston Respublikasi hisob palatasi, davlat moliyaviy nazorati departamenti, korrupsiyaga qarshi kurash agentligi hamda Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurash olib boriga bevosita mas`ul 7 ta tashkilot ham bor. Biroq, statistikaga ko`ra byudjet mablag`i talon-taroj qilinishi ortib bormoqda.

Yuqorida nomi keltirilgan 5 ta davlat idorasining asosiy vazifasi byudjet mablag`larining maqsadli sarflanishini nazorat qilib borish hamda bu to`g`risida xalqqa hisobot berishdan iborat. Bu O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 27 avgustda imzolagan “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi «PF-6300-son farmonida tasdiqlangan. Ushbu farmonda aytilishicha: “2021 yil 1 oktyabrdan boshlab Hisob palatasi, Moliya vazirligi va ichki audit xizmatlari har chorakda kamida bir marotaba ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o`z faoliyatiga oid hisobotlarni jamoatchilikka e`lon qilib boradi».

Modomiki, davlat byudjetini nazorat qiluvchi 5 ta organ bo`lishiga qaramay soliq to`lovchilar pulini noqonuniy sarflash, o`zlashtirish holatlari kuzatilar ekan, nega nazoratchilarga ham pul sarflanishi kerak?

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi 2021-2022 yillarning 7 oylik davri mobaynida davlat xaridlari amalga oshirishdagi hujjatlarni buzilishiga oid ma`lumotlarni taqdim etgan. Undagi raqamlar quyidagicha:

Jumladan, Sog`liqni saqlash vazirligi va uning tizimidagi muassasa va tashkilotlarda sodir etilgan qonun buzilishlari yuzasidan 79 ta;

Mahalliy davlat hokimiyati organlari va uning tizimidagi muassasa va tashkilotlarda sodir etilgan qonun buzilishlari yuzasidan 79 ta;

Xalq ta`limi vazirligi va uning tizimidagi muassasa va tashkilotlarda sodir etilgan qonun buzilishlari yuzasidan 73 ta;

Maktabgacha ta`lim vazirligi va uning tizimidagi muassasa va tashkilotlarda sodir etilgan qonun buzilishlari yuzasidan 42 ta;

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi va uning tizimidagi muassasa va tashkilotlarda sodir etilgan qonun buzilishlari yuzasidan 27 ta;

Suv xo`jaligi vazirligi va uning tizimidagi muassasalarda sodir etilgan qonun buzilishlari yuzasidan 12 ta;

Madaniyat vazirligi va uning tizimidagi muassasalarda sodir etilgan qonun buzilishlari yuzasidan 3 ta;

Shuningdek, byudjet mablag`ini noqonuniy sarflanishini nazorat qilishi lozim bo`lgan 5 ta tashkilot o`zining internet sahifalarida qonunda belgilanganidek, o`z vaqtida hisobotlarni ochiq joylab bormaydi.

Farmon va qarorlar bilan qator vazifalar yuklatilgan mas`ul idoralar ko`p, samara va natija ko`rinmaydi.
Qolaversa O`zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi 7 tadan ortiq tashkilot va davlat organlari mavjud, ammo xalqaro reytinglardagi vaziyat bizni xursand qiladigan darajada emas.

O`zbekiston Korrupsiyani qabul qilish indeksi reytingida dunyoning 180 davlat orasida 140-o`rinni egallab turibdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi bo`limlar davlatning bir qancha organlari tarkibida ham bor.

1. O`zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;

2. O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;

3. O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati;

4. O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;

5. O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;

6. O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

7. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha faoliyatni qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshiradi.

Bu haqida "Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida"gi qonunning 7-moddasida aytib o`tilgan.

Bu davlat organlarida faoliyat yuritayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish tashkilotlari agentlikka qo`shimcha yordam berishi kerak, aslida. Chunki har bir tashkilotning korrupsiya bo`yicha qilinayotgan ishlari, o`z organi tomonidan tartibga solinsa, agentlikka bu faqat va faqat yordam bo`ladi. Lekin bu amalda sezilyaptimi? Bitta "Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi" butun jamiyatdagi muammolarga ulgurmasligi mumkindir, ammo katta-katta davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati yo`lga qo`yilgani O`zbekistonda korrupsiya ko`lamini kamaytirishga kerak emasmidi?

O`zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha Milliy kengashi bu tashkilotlarning barchasini qilayotgan ishini muvofiqlashtiradi. O`zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Milliy kengashning ishchi organidir. Shunday ekan bu tashkilotlarning barchasi birlashsa, vaziyat boshqacha bo`lishi kerak emasmidi, aslida..?

Rost24.uz bir funksiyani bajarishi yuklatilgan va bir-birini takrorlovchi qator davlat idoralari haqida ma`lumot berishda davom etadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар