Evropa sinovlari O`zbekiston eksport mahsulotlarini zaharli ekanligini ko`rsatdi

07.12.2022 11:45

O`zbekiston eksport sohasida nima uchun asosan Qozog`iston kabi yaqin qo`shnilar yoki Rossiya bozori bilan cheklanib qoladi. Milliy eksportchilarning meva va sabzavotlari Evropa standartlariga qanchalik javob beradi? Shu kabi savollarga Toshkentda bo`lib o`tgan «O`zbekistonda agrar-oziq ovqat sektorida iqlim o`zgarishi: tahdidlar va imkoniyatlar. Barqaror muhitni yaratish tadbirlari» mavzusidagi amaliy yig`ilish davomida mutaxassislardan javob olishga harakat qildik.

Qishloq xo`jaligi mahsulotlarini Evropaga eksport qilishda ularning sifati qanchalik talabga javob beradi?

- Nafaqat Evropa Ittifoqiga, balki boshqa mamlakatlarga ham meva va sabzavot eksportidagi eng katta o`sishni ko`ryapmiz. Ammo bu mahsulotlarning sifatini ham ko`rib turibmiz. Pestisidlar bo`yicha Evropa sinovi ularning zaharli ekanligini ko`rsatgan. Eksport mahsulotlar sinovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, ular qabul qilinmaydi. Shu sababli biz sifatni yaxshilash ustida ko`proq harakat qilishimiz kerak. Albatta, kafolatlangan tarzda. Bundan tashqari, bu davlat uchun katta xarajat hamdir. Biz oziq-ovqat xavfsizligi tizimlarini sinovdan o`tkazishimiz kerak. Menimcha, biz bu orqali muhim muvaffaqiyatlarga erishishimiz mumkin. Sinovlar o`tkazish borasida, afsuski, hozirgi paytda katta bo`shliq bor. Hatto o`g`itlarning qo`llanilishi ham ba`zida yakuniy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois, biz, markazda, ushbu sinov uskunalarini yaxshilashimiz kerak. Texnika sifatini oshirish fermerlarga va butun sanoatga yordam berishi mumkin. Menimcha, ayrim tadqiqot institutlariga investisiyalar ustuvorligi ta`minlash kerak, Ehtimol, xalqaro miqyosda ortib borilayotgan sifat standartlari haqida xabardorlik pastdir. Lekin endi biz ko`proq xalqaro standartlar bilan ishlab, xalqaro savdoda ishtirok etishimiz kerak. bu talablar laboratoriya sinovlarining darajasini oshirish uchun ishlashi kerak, - deydi Evropa Ittifoq ASK dasturi rahbari Adrian Nil.

Eksport sohasida Qozog`iston kabi yaqin qo`shnilarga yoki Rossiyaga ko`p mahsulot eksport qilamiz. Nega Evropaga kam mahsulot eksport qilamiz? 

Shu mazmundagi savolga Qishloq xo`jaligi vaziri o`rinbosari Alisher To`raev quyidagicha javob berdi:

- Chunki biz tarixan Rossiyaga o`rganib qolganmiz. Hozirgi kundagi maqsadimiz esa boy davlatlarga eksport qilish. Misol uchun Norvegiya, Daniya, Shvesiya, Finlyandiyaga, chunki bu davlatlar yaxshi narx to`laydi. Faqat bizni mahsulotimizni sifati yaxshi bo`lsa. Ularning mahsulotga bo`lgan talabi esa biz uchun muammo. O`sha muammolarni echsak Evropaga chiqishimiz mumkin. Evropaga qancha mahsulot eksport qilishimizni aniq aytolmayman. Mana masalan qora uzum, mayiz judayam eksportbop narsa, million tonna chiqarsak ham tarqab ketadi. Lekin o`shani bir xil qilib, kerak bo`lgan qog`ozlarni qila olmayapmiz. Shuni qila olsak mayiz bilan Evropani egallashimiz mumkin.

Mahsulotlarni saqlash jarayoni qanday bo`ladi?

O`zbekistonda oxirgi 5 yilda bunday saqlash omborlari ko`paydi. Agrologistika deymiz bu sohani, ko`pchiligi bo`sh ham turibdi. Uni rivojlantirish bo`yicha vazirlikni dasturi ham bor. Ularga juda ko`p mablag`lar ajratilmayapti. Keyinchalik bu sovuqxonalar barcha viloyatlarda bo`ladi.

Ma`lumot uchun: Davlat statistika qo`mitasi hisob kitoblariga ko`ra, 2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida qishloq, o`rmon va baliqchilik xo`jaligi mahsulot (xizmat)larining umumiy hajmi 248,6 trln. so`mni yoki 2021 yilning mos davriga nisbatan 3,6 % ga oshgan.

2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida O`zbekiston 760,2 mln. AQSh dollarlik meva va sabzavotlar eksport qilgan. Joriy yilning 9 oyida eng ko`p meva va sabzavot mahsulotlarini eksport qilgan davlatlari ro`yxatida Qozog`iston (517,4 ming tonna),  Rossiya (380 ming tonna) va Qirg`iziston (121 ming tonna) etakchilik qiladi. 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар