Va nihoyat birinchi marta yangi vazir Jo`rabek Mirzamahmudov munosabat bildirib chiqdi. O`zbekiston bosh vaziri o`rinbosari – energetika vaziri Jo`rabek Mirzamahmudov energota`minotdagi uzilishlar yuzasidan izoh berar ekan, hozirgi ob-havo sharoiti jiddiyroq talafotlarning oldini olish maqsadida rejali cheklovlar o`rnatishni taqozo etayotganini aytib o`tgan. Shuningdek, u juda ko`p o`chishlar bo`layotganini ham tan oldi.
Lekin, vaziyatni yaxshilash yuzasidan qanday rejalar qilinayotganini vazir munosabatida eshitganimiz yo`q.
- «Bizning vazifamiz – odamlarimizni xonadonida gaz bilan ta`minlash, shuningdek, tabiiy gaz yordamida issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiya ishlab chiqarib, elektr energiya etkazib berishdir. To`g`ri, e`tirozlar bor. Hammaga ham etib bormayapti, juda ko`p o`chishlar bo`lyapti. Biz buni tan olamiz, hech kim inkor etmayapti. Shu ob-havo sharoitida rejali cheklovlar kiritgan holda [vaziyatdan] chiqib ketmasak, ertaga bundanda jiddiyroq talafot bo`lishi mumkin. Shuning uchun bunday keskin choralar ko`rishga majburmiz», – degan vazir.
Boshqa alternativ yoqilg`ida ishlashi mumkin bo`lgan barcha ob`ektlar havo keskin shunaqa paytda tarmoqdan uziladi
Farg`onaning O`zbekiston tumanidagi «Sho`rsuv sement» nomli sement zavodi ishchilarining internetda tarqalgan jamoaviy murojaati tarqalgan edi.. Murojaatda xodimlar zavod gazdan uzilgani sababli ishsiz va daromadsiz qolishganini aytishgan. Jo`rabek Mirzamahmudov bunga ham munosabat bildirgan:
«Farg`onadagi holatga keladigan bo`lsak, yana bir bor ta`kidlab o`tamiz, boshqa alternativ yoqilg`ida ishlashi mumkin bo`lgan barcha ob`ektlar havo keskin shunaqa paytda tarmoqdan uziladi. Bu erda biroz bo`rttirib gapirilgan, 10 mingta [ishchi ishsiz qolyapti] deb. Bu sement ishlab chiqarish korxonasining 10 mingta emas, yuzdan sal oshiqroq ishchilari bo`lgan. Hamma biladiki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bor, g`isht zavodlari, yangidan qurilayotgan sement zavodlar barchasi ko`mir, ya`ni alternativ yoqilg`ida ishlashi kerak. Hozir bu [Farg`onadagi] zavodni tabiiy gazga kim ulagan, kim ruxsat bergan, buni alohida o`rganib chiqamiz. Lekin korxona rahbarlari shartnoma shartlariga ko`ra vaqtida ogohlantirilgan. Ishchilar bilan tegishli targ`ibot ishlarini olib borishi kerak edi», – deya izohladi Mirzamahmudov.
Bir biriga zid bayonotlar
Ikki hafta oldin, aniqrog`i 16 noyabrda Energetika vaziri o`rinbosari Sherzod Xo`jaev hududlarda elektr ta`minotidagi uzilishlar bir soatdan oshib ketgani bois, bunga yo`l qo`ygan mas`ullarga chora ko`rilishini ma`lum qilgan va tez kunda cheklovlar masalasi 80 foizga hal etiladi, deb va`da bergandi. «Buning uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi eksporti to`xtatildi. Tashqi import 20 foizga oshirildi. Bugungi kundagi uzilishlar 8-10 soatlab tokni o`chirishga sabab bo`lolmaydi, — degandi u.
Hozirgi vaziyat esa o`sha kundagidan 80 foiz yomon bo`lsa borki, yaxshi tomonga o`zgargani yo`q.