Hatto Bosh rejasi aniq bo`lmagan poytaxt uchun osmono`par binolar haqiqiy tirbandlik manbai bo`lmaydimi?
Bu muammoga echim topishni Toshkent hokimiyati o`ylab ko`rmagan ko`rinadi.
1200 ta xonadon, 700 ta ofis, mehmonxona va savdo markazlari bir joyga jamlangan "Nest one" inshooti atrofida mashinalarning izchil tirbandligi kelib chiqishi tabiiy emasmi?
Poytaxtimizning Tashkent city qismida O`zbekistondagi birinchi eng baland inshoot "Nest one" qad rostlamoqda. 2019 yil 29 avgust sanasida ilk osmono`par bino bo`yicha o`tkazilgan konferensiyada taniqli tadbirkor Murod Nazarov "Nest one" 2021 yilning dekabr oyida qurib bitkazilishini aytgan. Ushbu majmua 1200 xonadon, 700 ta ofis ishchilari, mehmonxona rezidentlari va savdo markazi hamda bino xodimlarining tonggi ishga jo`nash va qaytish vaqtida ko`chaga sig`dirishni hisob-kitob qilib ko`ring. Ayni paytda harakatlanish tobora qiyinlashib borayotgan "Nest one" inshootiga yaqin bo`lgan Botir Zokirov va Islom Karimov ko`chalarida yuzaga keladigan tirbandlikni tasavvur qilish qiyin emas.
Toshkentdagi asosiy tirbandlik Shifokorlar ko`chasi, Yunusobod tumanining “Mega Planet” majmuasi, "Samarqand Darvoza" savdo markazi atrofidagi tongi va kechki tirbandliklar ertaga "Nest one" yaqinida ham yuzaga kelish ehtimoli tobora kun sayin oydinlashib bormoqda.
Poytaxt aholisi 2019 yil 1 aprel holatiga ko`ra 2,510 million kishini tashkil etgan. Kun sayin aholi ham, transport vositalari ham ko`payib borayotgani inobatga olinsa, oxirgi 10 yilda shaharda avtomobillar soni 250 mingtadan 510 mingtaga, ya`ni 2 baravar oshganini ko`rish mumkin. So`nggi yillardagi avtomobillarning ortib borishi 10 yillik ko`rsatkichdan ham yuqori bo`lishi tabiiy. Shu kecha-kunduzda ham Islom Karimov ko`chasida ertalab va kechki (08:00-09:00 va 18:00-20:00) vaqtlarda doim tirbandlik hosil bo`ladi. Toshkentning eng yirik ko`chalaridan bo`lgan Navoiy ko`chasining 24 ta chorrahasida tirbandlik yuzaga keladi. Mana shu tirbandlik yaqinida 1900 nafardan ortiq odamlarni jamlovchi bino faoliyat boshlashi yangi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Osmono`par binolari bilan faxrlanadigan ko`pgina davlatlarda ham bu kabi inshootlar yo`l harakatidagi tirbandliklar sababchisi sifatida ko`riladi. Toshkent shahri avtomobillarning katta oqimiga moslashmaganini hisobga olsak, yangi eng baland bino poytaxt uchun eng katta muammo bo`lishi mumkin.
Mazkur masala yuzasidan “Murad Buildings” ma`muriyatiga qo`ng`iroq qilganimizda o`zini Murod Nazarovning yordamchisi sifatida tanishtirgan Sanjar ismli xodim "Nest one" ortidan shaharda yuzaga keladigan tirbandlikka ular javobgar emasligini va bu bo`yicha Toshkent shahar hokimligi mas`ul ekanini ma`lum qildi.
Toshkentda ayni damda yuzaga kelayotgan tirbandliklarga hokimiyat tomonidan echim berilmagan bir vaqtda yana bir yirik tirbandlik keltiruvchi majmua qurib bitkazilmoqda.
Qolaversa, 2013 yilda ishlab chiqilgan ammo tasdiqlanmagan Toshkent shahrining Bosh rejasi hamon tasdiqlangani yo`q. Prezidentning 2018 yil avgust oyidagi farmoniga muvofiq, Toshkent shahar hokimi 2019 yil 1 yanvarga qadar "Toshkent shahrining Bosh rejasi" konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risidagi Prezident qarori loyihasini taqdim etishi kerak edi. Keyinchalik bu jarayon 2020 yilga qoldirilgani ma`lum qilindi. 2020 yil 10 dekabr sanasida qurilish vaziri o`rinbosari Sherzod Hidoyatov poytaxt qurilishining bosh rejasi keyingi ikki yilda tayyor bo`lishi, 2023 yilda tasdiqlanishi kutilayotgani haqida gapirgan.
Hatto Bosh rejasi aniq bo`lmagan poytaxt uchun osmono`par binolar haqiqiy tirbandlik manbai bo`lmaydimi?