TANISHTIRUV: Oʻzbekiston oligarxlarini taniysizmi?

04.12.2022 20:22

Oʻzbekistonda “qoʻlini choʻzsa har yoqqa yetadigan” katta odamlaridan biri Gʻofur Rahimov haqida toʻxtalib oʻtamiz.

Uni nafaqat Oʻzbekistonda balki MDHdagi eng yirik jinoiy toʻdalar ham hurmat qilishadi. Bir muddat ochiq davralarda koʻzga tashlanmayotgan tadbirkor Gʻofur Rahimov aprel oyida Oʻzbekiston professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti etib saylandi va shundan buyon bir qator rahbarlar qatorida koʻrinish bera boshladi.

 

                                               Goʻmmachidan Gʻafur Cherniygacha

Gʻofur-Arslonbek Ahmed oʻgʻli Rahimov 1951-yil 22-iyulda Toshkentda tugʻilgan. Uni Vikipediadagi tarjimayi holida, kriminal guruhlar yetakchisi, xususan «Brothersʼ Circle" Sharq-Yevropa xalqaro toʻdasining rahbarlaridan biri boʻlishi mumkinligi yozilgan.

Bolaligidan u boksga mehr qoʻygan va maxsus sport maktab-internatida oʻqigan. Armiyada xizmat qilgandan soʻng, Rahimov Palmiro Tolyatti nomidagi Leningrad iqtisodiyot institutiga oʻqishga kirdi va u yerda muhandis-iqtisodchi mutaxassisligiga ega boʻldi. 1975-yilda u yurtga qaytib, Oʻzbekiston SSR Savdo vazirligiga ishga joylashadi, davlat ishi bilan bir vaqtning oʻzida boks va biznesni ham davom ettiradi va mahalliy “Dinamo” markaziy sport markazida boks boʻyicha murabbiylik qiladi. Ammo bu uning “rasmiy” tarjimayi holi xolos.

Rahimov hayotining uncha yoritilmaydigan qismi ham bor. “Novaya gazeta” da yozilishicha, qayta qurish yillarida Rahimov “Pirojok” yoki “Gʻopir goʻmmachi” laqabi bilan ham tanilgan. U buni oʻz biznesini ochib, Toshkentda goʻmma va somsa sota boshlaganida olgan. Biroq Rahimovning ambitsiyalari unga bozorda uzoq qolishga imkon bermadi: u tez orada bokschilar guruhini tuzib, Kooperativlar, aksiyadorlik va kichik korxonalar uyushmasida ish boshladi.

Mediazonaning yozishicha, Rahimovning odamlari tadbirkorlarni himoyasiga olar, koʻcha tilida “krisha” kerakmas deganlar esa kattaroq doiralardan chetlatilgan - ular tergov ostida qolishi, biznesini sotishi yoki shunchaki yoʻq boʻlishi mumkin edi.

1990-yilda Gʻofur Rahimov “Agroplyus” eksport-import kompaniyasini ochdi - u orqali Oʻzbekistonga oziq-ovqat va spirtli ichimliklar kirib keldi. Koʻp jihatdan, bu biznesda unga Savdo vazirligida oʻrnatilgan aloqalar yordam beradi.

“Novaya gazeta” yozganidek, Rahimovning tez “koʻtarilishi” va tashkilotchilik qobiliyati darhol jinoiy avtoritetlarning eʼtiborini tortadi - u yopiq doiralarda Ded Xasan nomi bilan ham tanilgan Aslan Usoyan bilan uchrashadi. Gʻofurboyni birinchi uchrashuvdayoq yoqtirib qolgan avtoritet uni oʻz sheriklaridan biriga aylantiradi. Shu tariqa Rahimov Rossiya hududida ham oʻz taʼsirini kengaytirish imkoniga ega boʻladi. Bu yerda esa uni “Gafur Chernыy” yaʼni Qora Gʻafur laqabida chaqira boshlashdi.

1990-yillarning oʻrtalariga kelib, FSB tezkor hisobotlarida Gʻafur Cherniyni Oʻzbekistonda Prezident Islom Karimovdan keyingi 2-raqamli shaxs sifatida qayd etilgani aytiladi. Rossiya maxsus xizmatlari Rahimov biznesini rivojlanishida Oʻzbekiston birinchi prezidentini muhim roli bor deb hisoblashadi. Siyosiy doiralardagi qoʻllab quvvatlovlar tufayli u mamlakatdagi aksariyat paxtani qayta ishlash zavodlarini nazorat qiladi.

Toshkent yaqinidagi villasida Oʻzbekiston Prezidenti kubogi uchun tennis turnirlari ham oʻtkazilgan va u yerga avtoritetlar Ded Xasan va Dato Tashkentskiy tez-tez kelib turishardi.

Shu bilan birga, Rahimov sport mutasaddisi sifatida ham ishlagan - 1993-yilda u Oʻzbekiston boks federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimini egallagan va besh yil davomida shu lavozimda qolgan. Keyin esa Xalqaro havaskor boks federatsiyasi (AIBA) aʼzosi boʻldi. U, shuningdek, Osiyo Olimpiya Kengashining Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti va Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti boʻlgan.

“Qimmat”ga tushgan doʻstlik

Uzoq vaqt davomida Rahimov faoliyatining “qorongʻi” tomonlari haqida kam narsa maʼlum edi. 1990-yillarning oxiriga kelib, u afgʻon generali, etnik oʻzbek Abdul-Rashid Doʻstum bilan aloqalari tufayli xorijiy razvedka xizmatlari eʼtiboriga tusha boshlagan va uni giyohvandlik moddalari savdosida gumon qilishadi.

Afgʻonistondan geroin olib oʻtishning asosiy yoʻllaridan biri “Shimoliy yoʻl” deb nomlangan Vikipediada yozilishicha, bu yoʻldan narkotik moddalar Tojikiston orqali oʻtib, soʻngra Qirgʻiziston yoki Oʻzbekistonga kiradi, soʻngra Qozogʻistonga, u yerdan Rossiya, Ukraina, Belarus va Yevropa davlatlariga olib oʻtiladi. Bu yoʻl Sovet Ittifoqi parchalanganidan soʻng deyarli darhol shakllandi.

1998-yilda Yevropaning bir qancha yirik nashrlari bir vaqtning oʻzida “oʻzbek narkobaroni” haqida eslatmalarni chop etdi, shundan soʻng Fransiya hukumati Rahimovni vizasidan mahrum qilib, Oʻzbekistonga deportatsiya qiladi. 2000-yilda Gʻafur Cherniy Sidneydagi Olimpiadaga qoʻyilmaydi. Oʻzbekiston Olimpiya qoʻmitasi noroziligiga qaramay, Avstraliya hukumati Rahimovni jinoiy guruhlar bilan aloqadorlikda gumonlanayotganini maʼlum qildi.

Gʻofurboy va Alisher Usmonov. Kim kimni qoʻllagan?

Milliarder Alisher Usmonov va Gʻofur Rahimov aloqalari haqida manbalarda turli fikrlar bildirilgan. Mediazona nashri Alisher Usmonovni 1998-yil dekabr oyida Britaniyaning Observer gazetasiga bergan intervyusidan iqtibos keltirarkan, Alisher Usmonov Gʻofur Rahimovni shaxsan bilishini tan olganini yozadi. “Men bu odamni 20 yildan beri bilaman. U ota-onamga yordam berdi. Lekin bizda yaqin munosabatlar va biznes aloqalari yoʻq. Men Oʻzbekistonga yiliga bor-yoʻgʻi ikki-uch marta tashrif buyuraman va har safar u bilan Toshkentda uchrashaman”, — degan Usmonov Rahimovni giyohvand moddalar savdosida ayblanganidan hayratda ekanligini qoʻshimcha qilar ekan. Milliarderning oʻzi Rahimovning taʼqib qilinishini raqiblarining intrigalari bilan izohlagan.

2007-yilning noyabrida Gardian nashriga bergan intervyusida Usmonov Gʻafur Rahimovni ota-onasining qoʻshnisi boʻlgani uchungina bilishini aytgan. Oligarx, shuningdek, Rahimov bilan hech qachon biznes aloqasi boʻlmaganini daʼvo qilishda davom etadi.

Gʻofurboy va uning sirli oilasi

Gʻafur Rahimovning oilasi haqida koʻp narsa ochiqlanmagan. Lola Rahimova bilan uning uch farzandi bor. Ochiq manbalardan Rahimovning oʻgʻillaridan biri Amir-Alixon Moskvada tennis bilan shugʻullanishini koʻrish mumkin. 

Uning yana bir oʻgʻli Temur haqida maʼlumot esa bundan ham kam. Faqat uning tugʻilgan kunlaridan birida mashhur arman qoʻshiqchisi Boka Temurga atab “otangni yoʻqotma, sen avtoritetsan” degan qoʻshiq yozgani maʼlum.

2021-yilning mart oyida Rahimovning jiyani, Tilla Ravshan (Ravshan Zolotoy) laqabi bilan mashhur Ravshan Muxiddinov amakisi bilan oʻrtasidagi mojaro haqida gapirib beradi. Uning soʻzlariga koʻra, Gʻofurning xotini Lola Rahimova Muxiddinovni 7 million dollar pulni oʻzlashtirib yuborganlikda ayblaganini va amakisi undan dargʻazabligini aytgan. Muxiddinovning aytishicha, uni Istanbuldagi mehmonxonalardan biriga olib kelishgan va u yerda bir necha soat qiynoqqa solingan.

Uydagi muammolar va sanksiyalar

2010-yilga kelib Rahimovning Oʻzbekistondagi aksariyat kompaniyalarida soliq tekshiruvlari boshlandi, uning yaqinlari va qarindoshlariga nisbatan jinoiy ishlar qoʻzgʻatildi. Gʻafur oilasi bilan mamlakatni tark etib, Dubayga uchib ketganidan soʻng uning biznesdagi ulushlari Prezident Karimov oilasidagi ishonchli shaxslarga oʻtkaziladi.

Bir vaqtlar Gʻofurni gʻarbda himoya qilgan Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston Milliy boks federatsiyasi esa 2012-yilda favqulodda fikrini oʻzgartirib, vitse-prezidentlik vakolatlarini muddatidan avval tugatadi. Shunga qaramay, u AIBA vitse-prezidenti lavozimini tark etmaydi.

Oʻsha yili AQSH Moliya vazirligi Gʻofurboyga qarshi sanksiyalar joriy qildi va uyushgan jinoyatchilikda aybladi.
Oradan bir yil oʻtib Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi Gʻofur Rahimovni qidiruvga berdi – u tovlamachilik, jinoyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirish, shuningdek, qalbaki hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlashda gumon qilingan.

        Gulnora Karimova tazyiqlari  va Sodiq Rossiya

Rahimov qidiruvga berilgan va AQSH sanksiyalari roʻyxatiga kiritilgan boʻlsada vaqti-vaqti bilan Rossiyaga kelib turar va hatto u yerda 2014-yilgi Sochi Olimpiadasiga taklif etilgan faxriy mehmonlardan biriga aylangani maʼlum boʻldi.

Keyinroq “Novaya gazeta” kriminal avtoritetning Osiyo mamlakatlari olimpiya qoʻmitalarining alohida aʼzolari bilan individual ishlashi Rossiyaga Sochidagi oʻyinlarni oʻtkazish huquqini qoʻlga kiritish va futbol boʻyicha 2018-yilgi jahon chempionati mezboni boʻlishga yordam berganini eslatib oʻtgan.
Gʻofur Rahimovning oʻzi esa Around The Rings nashriga bergan intervyusida Oʻzbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova bilan ziddiyat tufayli rasmiylarning “bosim va repressiyalari” boshlanganini aytib oʻtadi.

“Gulnora Karimova va uning atrofidagilar mening kompaniyalarimdan oʻz loyihalarini moliyalashtirishni soʻrashdi, lekin men rad etdim. Keyin ular menga bosim oʻtkaza boshladilar, biznesimni yoʻq qilish maqsadida AQSH Moliya vazirligiga mening jinoiy guruhlar bilan aloqam borligi haqida yolgʻon maʼlumotlar taqdim etildi. Oʻsha kunlarda Gulnora Karimovaning mamlakatda taʼsiri katta edi, shuning uchun 2010-yilda men va oilam oʻz xavfsizligimiz uchun vatanimizni tark etishga majbur boʻldik”, deb eslaydi Rahimov.

Oʻsha intervyuda u “hech qachon transmilliy jinoiy tashkilotlarga aloqador boʻlmaganini” daʼvo qilgan.

           “Sulaymon oʻldi, devlar qutuldi”

2016-yilda Islom Karimov vafoti va Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan soʻng Oʻzbekiston Rahimovni Interpol orqali qidirish haqidagi arizasini qaytarib oldi va uning nomi tashkilot hisobotlarida yoʻqoldi.

2017-yilning 21-dekabrida AQSH Moliya vazirligi Gʻofur Rahimovga qarshi yana bir marta sanksiyalar joriy qildi, bunisi “Magnitskiy akti” doirasida edi.

            Oʻzgaruvchan qarorlar: U jinoyatchimi, yoʻqmi?

2018-yil iyun oyida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rahimovga yana qidiruv eʼlon qilgan – unga toʻrt yil avvalgi moddalar qoʻyilgan edi. Bu safar u bilan birga uning rafiqasi Lola Rahimova ham qidiruvga beriladi.

Oʻzbekiston kechirsa ham AQSH kechirmadi

Oradan bir oy oʻtib Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi uning ismini qidiruvdagilar roʻyxatidan chiqarib tashlaydi. “Gazeta.uz” manbasining taʼkidlashicha, Rahimovning oʻzi tergov bilan hamkorlik qilishni istagan, bu esa choralarni oʻzgartirishga sabab boʻlgan.

2018-yil yanvar oyi oxirida Gʻofur Rahimov Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi prezidenti vazifasini bajaruvchi boʻldi va uzoq vaqt davomida bu lavozimga yagona nomzod boʻlib qolayotgan edi. Biroq Xalqaro olimpiya qoʻmitasi (XOQ) AQSH sanksiyalari va ehtimoliy giyohvand moddalar savdosiga aloqadorligi sababli uning nomzodiga qarshi chiqdi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, agar Rahimov AIBA ning doimiy rahbari etib saylansa, XOQ boksni olimpiya sporti maqomidan mahrum qilish bilan tahdid qilgan. XOQ hattoki Rahimovga 2018-yilda Argentinada boʻlib oʻtadigan oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga borishni taqiqladi.

2018-yil may oyida Rahimov oʻz ismini AQSH Moliya vazirligi sanksiyalar roʻyxatidan olib tashlashga qaror qiladi. Buning uchun u ikki yirik huquqshunoslik firmalari Lawyers Ferrari & Associates va Carter-Ruck. ni yolladi.

“Men hech qachon uyushgan jinoiy guruhga aloqador boʻlmaganman, menga hech qachon ayblov qoʻyilgani yoʻq, jinoiy ish boʻlmagan. AQSH moliya vazirligining bosimiga qaramay, men AIBA  boshqaruvi va moliyaviy barqarorligini tiklash boʻyicha saʼy-harakatlarimni davom ettiraman”, — degan oʻshanda Rahimov.

                     


Sportni rivojiga toʻsqinlik qilishi mumkinligini tushunib yetdimi 2019-yil mart oyida u oʻz lavozimini vaqtincha tark etishga qaror qildi va buni AIBA prezidenti sifatida “hech qachon oʻz manfaatlarini tashkilot manfaatlaridan ustun qoʻymasligi” bilan izohladi. Uning bu qaroridan qanoatlanmagan Olimpiya qoʻmitasi iyun oyida AIBAni Olimpiya maqomidan mahrum qildi, endi boks assotsiatsiyasining huquqlarining tiklanishi faqat 2020-yilgi Olimpiadadan keyin amalga oshirilishi mumkin edi. Shundan soʻng Rahimov nihoyat AIBA rahbari lavozimidan uzil kesil voz kechdi. Aytgancha, assotsiatsiya ichida uni “tashkilotni bankrotlikka olib kelgan va butun boks jamoatchiligini aldaganlikda” ayblashdi.

2020-yilda Gʻofur Rahimov AQSH moliya vazirligiga qarshi sudda yutqazdi a sanksiyalar roʻyxatida qoldi. Sudya Jeyms Bosberg maxfiylikka asoslanib, oʻz qarorini tushuntirishdan bosh tortdi.

Ushbu voqealardan soʻng Gʻofurboy bir muddat davomida jamiyat hayotidan gʻoyib boʻldi, unga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoiy ishlarning holati ham nomaʼlum boʻlib, uning Oʻzbekistonga qaytib kelgan-kelmagani ham oʻshanda ochiqlanmagan. Rahimov haqidagi xabar uzoq vaqt jimlikdan soʻng birinchi marta 2022-yil aprel oyi oʻrtalarida, Oʻzbekiston Professional boks federatsiyasi birinchi vitse-prezident etib qayta saylaganida paydo boʻldi.

Undan buyon qator tadbirlarda Gʻofur Rahimovni oʻzbek amaldorlari bilan birga tushgan suratlari tarqalib turibdi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
28
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар