Millionlab ekilgan daraxtlar: Ularning taqdiri amaldorlarga qiziqmi?

03.12.2022 19:55

Har yili O`zbekiston shaharlarida millionlab daraxtlar ekiladi. Turli loyihalar, dasturlar, shanbaliklarda ekilgan daraxtlar ko`karib ketganda bugun yam-yashil o`lkada yashayotgan bo`lar edik.  Rasmiylar bir biriga zid ma`lumotlar beraverishadi. Daraxtlar esa negadir ko`paymay, kamayib borayotgandek…

2021 yil avgust oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev poytaxtda yashil hududlar ulushi 26,4 foizni tashkil etib, poytaxtda yashovchi har bir odamga 36 kv. metrdan yashil maydon to`g`ri kelmoqda, deya ma`lum qilgan bo`lsa, oradan uch oy ham o`tmay tashkil etilgan brifingda Bosh prokuratura vakili «Hududlarda 30 foizni tashkil etishi lozim bo`lgan yashil maydonlar 3-4 barobarga qisqargani, bu ko`rsatkich Toshkent shahrida — 9 foiz ekanligini ma`lum qilgan.

Bu kabi misollarni ko`plab keltirishimiz mumkin.

Hozirda ko`p targ`ib etilayotgan «Yashil makon» loyihasi doirasida ham har yili 200 mln daraxt ekish rejalashtirilgan.

Doim shuncha daraxt ekildi deya hisobotlar beriladiyu, ularning qanchasi qurib qolganligi haqida ma`lumot berilmaydi. Yoki daraxtlarning keyingi taqdiri hech kimga qiziq emasmi?

Rost24.uz muxbiri O`rmon xo`jaligi mutasaddilaridan bu haqida so`radi.

O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi raisi o`rinbosari G`olibjon Qurbonovbu savolga javoban:

- «Hozirgi kunda jamoatchilikda juda ko`p e`tiroz bo`lyapti. 200 mln dona ko`chat ekilganda, ularning 6 mln donasi qurib ketgan. Aslida ko`chatlarni ekilishida bizni o`rmonchilikda 80 foiz va undan yuqori bo`lganda yaxshi o`sgan bo`ladi. Chunki bizda iqlim o`zgarishi, suvsizlik masalasi bor. Bizda o`tgan yillarda buni nazorat tizimi yo`q edi. Bu yildan boshlab elektron platforma orqali nazorat qilinyapti. Bu bo`yicha viloyat hokimlarining qurilish masalalari bo`yicha o`rinbosarlari boshchiligida hamda ekologiya qo`mitasida ham shtab tashkil qilingan. Quritilgan yoki quritishga yo`l qo`yayotgan mutasaddi rahbarlarga nisbatan choralar ham ko`rilyapti. Eng asosiysi ekologik madaniyatni ham shakllantirib olishimiz kerak», deya javob berdi.

Ma`lumot uchun: 2 dekabr kuni «2030 yilgacha O`zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o`tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko`ra, yiliga 200 million ko`chat ekish va ko`chatlarning umumiy sonini 1 milliarddan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish, respublika o`rmon fondi zaxiralari ko`rsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa etkazish kabilar maqsad qilingan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар