Xatarli Toshkent: Ko`zi ojiz bolalar maktabga qanday qatnamoqda?

10.12.2022 16:52

Toshkent piyodalar uchun noqulay shaharga aylangan. Tushunarsiz yo`lchiroqlar, piyodalar o`tish yo`lini mensimaydigan yuqori tezlikda harakatlanadigan haydovchilar, tig`iz vaqtda limmo-lim to`lgan transport... bular muammolarni barchasi emas. Ayniqsa imkoniyati cheklangan kishilar uchun shaharda harakatlanish juda katta qiyinchilik tug`diradi. 

Pandussiz zinalar, aravacha bilan transportga chiqish muammolari, yo`llardan o`tishda biron yordam beruvchi moslamalarning yo`qligi, usti ochiq ariqlar imkoniyati cheklangan kishilar uchun kimningdir yordamiga muhtojlik ehtiyojini yuzaga keltiradi.  Toshkent juda katta anjumanlarga milliardlar to`lab, mezbonlik qiladi, markaziy ko`chalarini har oyda obodonlashtirib, kattalar o`tadigan yo`llarni maqtanishga arzirli qilib bezatishadi, lekin oddiy odamlar yashaydigan mahallalar oralaganda haqiqiy muammolarga duch kela boshlaysiz. «Bu yolg`on, bizda hammasi zo`r», demoqchimisiz, unda Chilonzor tumanida ana shunday mahallalardan biri bor, shunchaki borib ko`ring. Unda ko`zi ojizlar yotoqxonasi joylashgan. Bu insonlar bilan suhbatlashing,yana nimalar harakatlanish uchun qiyinchilik tug`dirishini so`zlab berishadi.   

   Hamma uchun qulay yo`l va shaharlar qurish orzusidagi bolakay
 

Qahramonimiz Umarjon 6 yoshda. U ota onasi va singillari bilan ko`zi ojizlar yotoqxonasida yashaydi. Umarjon keyingi yil 77 sonli ixtisoslashtirilgan maxsus maktabning 1 sinfiga chiqadi. Shuning uchun u hozirda maktabga tayyorgarlik jarayonlariga qatnamoqda. Umarjonning maktabi ko`zi ojizlar yotoqxonasidan ancha olisda joylashganligi uchun har kuni yo`lga 1 yoki 1 yarim soat vaqt sarflaydi.
Umarjonning otasi Muzaffar aka uchun ko`zi ojizlar maktabi va yotoqxona orasidagi yo`l misoli jang maydonidek. Umarjon ham kelasi yil mana shu imkoniyati cheklanganlar uchun noqulay bo`lgan yo`llardan mustaqil o`zi qatnaydi. Hali 7 yoshga to`lmagan Umarjonning kelajakdagi orzusi esa hamma uchun qulay yo`l va shaharlar qurish.

Videoda ko`ring:

 

To`g`ri yurtimizda Nogironlarga ijtimoiy-iqtisodiy ko`mak dasturlari, turi homiylik loyihalari mavjud. Lekin ularni hamma kabi teng imkoniyatga ega bo`lishlari uchun albatta harakatlanish uchun qulay infratuzilma kerak bo`ladi. Byudjet tasdiqlovchilar balki keyingi loyihalarda imkoniyati cheklanganlar uchun infratuzilma yaratish masalasini ham kiritishar. Lekin bu masala yillar davomida ko`tariladi va u OAVlar sahifalarida qolib ketaveradi.

Ma`lumot uchun: Mutasaddilar choralar ko`rayapmiz deyishadi, Lekin, o`limga olib kelgan YTHlar soni yuqoriligicha qolmoqda. 2022 yil o`tgan o`n oyida 7 ming 636ta YTH sodir etilib, ularda 7 ming 174 nafar fuqaro jarohatlangan va 1 ming 931 nafar fuqaro halok bo`lgan, halok bo`lganlarning 226 nafari yosh bolalardir. 

Eslatib o`tamiz, bugun 3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni. 
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi 47/3-sonli rezolyusiyasiga muvofiq har yili 3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni sifatida dunyo bo`ylab nishonlanadi.
Uning maqsadi - jamiyat hayotining barcha sohalarida nogironlar huquqlarini rag`batlantirish, shuningdek, nogironlar muammolariga keng jamoatchilik e`tiborini jalb qilishdan iborat. 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар