Uy qurish vasvasasi: Minglab xonadonlar qurildi kanalizasiya tizimi esa o`sha-o`sha

24.11.2022 23:24

Mutasaddilar Toshkentdagi suv tarmoqlaridagi avariyalarga “pampers”lar aybdor hisoblamoqda. 

Bugungi kunda Toshkent shahrida jami 2800 km oqava suv tarmogʻi mavjud. Shundan 1600 km. oʻz muddatini oʻtab boʻlgan, 41 km. esa taʼmirtalab...

Respublikamizdagi oqava suv tizimlarining aksariyat qismi 70-80 yillarda qurilgan boʻlib, bugungi kunda ushbu tizimlar eskirgan. Bu esa koʻpgina joylarda kanalizatsiya tizimi va u bilan bogʻliq avariya holatlarini yuzaga keltirmoqda.

Rost24.uz muxbiri “Oʻzsuvtaʼminot” AJ mutasaddilariga “Toshkent shahrida yangi koʻp qavatli uylar qurilishida ularning kanalizatsiya tizimi eski koʻp qavatli uylar kanalizatsiyasiga qoʻshib yuborilishi natijasida tizimga bosim boʻlyapti va tizimda avariya holatlari kelib chiqmoqda. Quruvchi kompaniyalar yangi uy qurilishidan oldin bu borada aslida sizlardan ruxsat soʻraydi, bunday vaziyatda korrupsion holatlar bormi?”, deya savol berdi.

“Toshkent shahri suv taʼminoti” MCHJ boʻlim boshligʻi Umidjon Melikov savolga:

— Toʻgʻri koʻp qavatli uylar qurilyapti, aholida eski tarmoqqa ulanish boʻyicha ham savol tugʻiladi. Quvurning oʻtkazuvchan yuzasi bor. Eski tarmoqda, quvurni oʻtkazuvchan yuzasida suvni hajmi oʻshanga imkon beradigan boʻlsa, eski tarmoqqa ulanadi. Chunki oʻsha quvurda zaxira boʻladi hamda suvni oʻtkaza oladi. Avariyalar oqava suv tarmoqlarida koʻp hollarda mumkin boʻlmagan narsalar, bolalar tagliklarini tashlash orqali yuzaga keladi. Bir kunda Toshkent shahri boʻyicha oʻrtacha nosozliklar 90-100 tani tashkil qiladi. Buni uzogʻi bilan bir sutka davomida bartaraf qilamiz, — deya javob berdi U.Melikov.

Jumladan, ushbu tizim boʻyicha avariya holatlari kuzatilgan “Ibn-Sino” mavzesini misol qilib keltirdik. Masʼul bu mavzedagi avariya holatlariga “Taʼmirtalab boʻlgan tizimlar ulushiga toʻgʻri keladi va bu bosqichma-bosqich taʼmirlanadi”, deya izoh berdi.

Aytish joizki, oxirgi uch yilda 1000 dan ortiq koʻp qavatli uylar qurildi. Ammo biz hali ham 70-80 yillarning oqava suv tizimlarini gapirib, ularning taʼmirtalab ahvolini “bosqichma-bosqich” yaxshilash yoʻlidan boryapmiz.

Maʼlumot uchun: Toshkent tarixida eng koʻp qurilish 1966-yil — kuchli zilzila sodir boʻlgan yilda amalga oshirilgan boʻlib, oʻsha yili 632 ta koʻp qavatli uy qurilgan. Keyingi rekord 2019-yil “zabt” etildi, oʻsha yili shaharda 463 ta uy qad rostladi, ularning aksariyati yetti qavatli uylardir.  Agar 1966-yilda 880 ming kv. m li 623 uy topshirilgan boʻlsa, 2019-yilda — 826 ming kvadrat metr. m maydonli 463 uy qurib bitkazilgan. 

Quyidagi infografikada yuz yil davomida qurilishlar soni qanday oʻzgarganini koʻrishingiz mumkin.

Manba: AgeTashkent

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар