AQShlik harbiylar O`zbekistonda zaharlanganmidi? O`zbekiston mudofaa rahbariyati buni “feyk” deb atadi
2001 – 2005 yillarda Qarshi — Xonobod bazasida xizmat qilgan AQSh harbiylari radiaktiv zaharlanish ta`sirida bo`lgan. Bu da`voni AQSh hukumati 2021 yilda tekshirishga farmon berdi.
Qarshi — Xonobod bazasida bo`lgan AQSh harbiylarining 70 foizi nisbatan kam uchraydigan saraton turi va boshqa og`ir hastaliklarga chalingani haqidagi ma`lumotlar aytila boshlandi. Agarda, ularning aynan O`zbekistonda zaharlangani aniqlansa, bu Qarshi — Xonobod bazasi atrofidagi aholi va o`zimizning harbiylarning ham salomatligi xavf ostida ekanligini bildiradi.
Joriy yilning 17 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikasiya agentligida Mudofaa vazirligi mutasaddilari bilan o`tgan matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan ushbu masala ham ko`tarilgan.
O`zbekiston mudofaa mutasaddisi mazkur ma`lumotni “feyk”ka yo`ygan. Mudofaa rasmiysi avvaligi yuqorida qayd etilgan ma`lumotlarni yolg`on va tasdiqlanmagan “feyk” axborot, deb atagan. “Agarda o`sha harbiy qismda radiaktiv moddalar bo`lganda biz harbiylarni u erga joylashtirmagan bo`lar edik. Bu o`ylaymanki, noto`g`ri ma`lumot. Nima deydi “feyk”xabar deydimi? U joyda ya`ni AQSh harbiylari turgan bazada hech qanday yadroviy yoki kimyoviy narsalar yo`q. Sababi, u erda harbiylar xizmat o`tab kelmoqda. U erda siz aytayotgan narsalar va aholi yo`q”, degan mudofaa rasmiysi.
Ammo, so`z olgan keyingi rasmiy umuman boshqacha ma`lumotlarni taqdim etgan. Unga ko`ra, ishchi guruh tuzilib, Sog`liqni saqlash vazirligi bilan tekshiruv olib borilganini ta`kidlagan. Shuningdek, u quyidagi dalilni keltirgan: “Harbiy qismlarda radiasion holat doimiy ravishda har kuni tekshirilib turiladi. Kunlik jurnal yurgazilib, monitoring olib boriladi. Ikkinchidan, u erda aholi ham bor. Sog`liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda aholi ham to`liq qaytadan tekshiruvdan o`tkazilgan. U erda tuproqda va havoda xam belgilangan miqdordan ortiq narsa kuzatilmagan”, degan mudofaa rasmiysi.
AQSh harbiylarining O`zbekistonda kasallangani “feyk” axborotmi?
2001 — 2005 yillar davomida AQSh harbiylari Afg`onistonda operasiyalarni bajarish uchun Qashqadaryoda joylashgan Qarshi — Xonobod bazasidan ijara asosida foydalangan. Keyinchalik mazkur harbiy zonada xizmat qilgan askarlarning ko`pchiligida (16 ming askarning orasida 491 nafarga yaqini saraton kasalligiga uchragan) saraton kasaligining turli ko`rinishlari aniqlangan va ularning ayrimlari mana shu kasallikdan vafot etgan.
Yillar davomida kasallangan askarlar va marhumlarning yaqinlari AQSh hukumatidan kompensasiya to`lab berishni talab qilib kelgan edilar. Biroq, hukumat ularning da`vosini rad etib kelgan. Bu haqida "Amerika ovozi" jurnalisti Navbahor Imomova qator videomateriallar tayyorlangan. N.Imomova Qarshi – Xonobod harbiy bazasi atrofidagi aholi bilan suhbatlar qilgan.
2021 yil yanvar oyida AQShning sobiq prezidenti (o`sha vaqtdagi amalda bo`lgan) Donald Tramp Qarshi Xonobod harbiy bazasida hizmat qilgan harbiylarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish va radiaktiv zaharlanish xavfini o`rganish to`g`risidagi hujjatni imzolagan.
O`zbekistonlik siyosiy tahlilchi Zabihullo Saipov VVS o`zbek xizmatiga bergan intervyusida, bu hujjat hali harbiylarni aynan O`zbekistonda zaharlanganligini anglatmasligini bildirgan. Z.Soipov AQSh harbiylari O`zbekistondan keyin Iroq va boshqa nuqtalarda ham radiaktiv zaxarlanishni orttirgan bo`lishi mumkinligini taxmin qilgan.
AQSh tarafda rasmiy va mustaqil tadqiqotchilar tomonidan o`rganilgan ma`lumotlarga ko`ra, Qarshi — Xonobod bazasi sovet ittifoqi davrida radiaktiv chiqindi bilan zaharlangan erga qurilgani aytiladi.