Buyuk jadidchining tarixiy hovli-joyi muzeyga aylantirilmasdan, mehmonxona bo`lib sotilib ketdi

19.11.2022 12:13

Taniqli turkshunos olim O`zbekiston rasmiylariga murojaat bilan chiqdi

«Bir mamlakatning tarixiy binosini mehmonxonaga aylantirish mendan ko`ra o`sha yurt ziyolilarini xafa qilishi mumkin!»

AQSh davlat Michigan universiteti professori, taniqli turkshunos olim Temur Xo`ja o`g`li otasining Buxorodagi tarixiy hovlisi yaqinda rasman «HOTEL HOVLI POYON» mehmonxonasi etib ochilganidan noroziligini bildirmoqda.

U bu haqda O`zbekiston rasmiylariga murojaat qilgan.

«Agar mamlakat ma`muriyati jadidizm va jadid ta`limi boshlangan tarixiy uyni mehmonxonaga aylantirishga ruxsat bermasa, bu mamlakatning o`tmishi, madaniyati va kelajagini yuksaltirish uchun harakat bo`ladi», deb yozadi u.

Uning otasi Usmon Xo`ja Buxoro Xalq respublikasining birinchi rahbari va Buxorodagi ilk jadid maktablarining asoschisi edi.

Ma`lumot uchun, murojaat muallifi Temur Xo`ja o`g`li butun umri va salohiyatini turkiy xalqlar madaniyati va o`tmishi borasidagi izlanishlarga baxshida etayotgan olim.

U turkiy xalqlar dunyosi, Markaziy Osiyo madaniyati tarixi, jadidchilik, Sho`ro davri va mustaqillikdan keyin Markaziy Osiyo respublikalarida kechayotgan siyosiy o`zgarishlar, demokratiya va diktatura mavzularida salmoqli mehnat qilgan.

Temur Xo`ja Turkistonning madaniy va siyosiy tarixiga bag`ishlangan 120 ga yaqin maqolalar muallifi. Ularning aksari turk va ingliz tillarida Turkiya, AQSh,  Evropa davlatlari, Hindiston va Yaponiyada chop etilgan.

U shuningdek, Qrim, Rossiya, Litva, Polsha va Ukrainada istiqomat qiluvchi qarayim nomli turkiy qavm so`zlashadigan til boyligi tahlil etilgan kitob ham yozgan. Kitob 2006 yil Germaniyaning Myunxen shahrida chop qilingan. 

Uning ilmiy faoliyati Afg`onistondagi o`zbeklar mavzusiga ham bag`ishlangan.

Temur Xo`janing 1992 yilda "Turkiy olam so`zlashgichi", 2001 yilda "Turkistonda inqiloblar va islohotlar: 1900 — 1924" deb nomlangan kitoblari nashr qilingan.

Temur Xo`ja she`rlar ham yozadi. Uning qator she`rlari va ba`zi maqolalari O`zbekistonning bir qancha jurnal va gazetalarida bosilgan.

Quyida Temur Xo`janing murojaatini qisman keltiramiz:

«Bir mamlakatda tarixiy binoni mehmonxonaga aylantirish mendan ko`ra o`sha yurt ziyolilarini xafa qilishi mumkin! 

Usmon Xo`ja (1878-1968; muallifning otasi haqida) endigina 20 yoshida Andijonda chor ma`muriyatiga qarshi ko`tarilgan Dukchi eshon qo`zg`olonida (1898) qatnashib hibsga olindi va qo`llari kishanlangan holda Buxoro amirligiga yuborildi; lekin Usmon Xo`ja bu bilan chekinmadi, 1916 yili Turkistonda bo`lib o`tgan umumxalq qo`zg`oloni tashkilotchilaridan biri bo`ldi (Mahmudxo`ja Behbudiy bilan birga);

1909 yilda Gaspirali Ismoil bey bilan Bog`chasaroyda jadid usuli yordamida maktab tizimini o`rgandi.

Qrimdan Istanbulga kelib, 1910-1913 yillarda «Ittihad va Taraqqiyot» va «Yosh turklar» nomli tashkilotlarning etakchilari bilan yaqin aloqalar o`rnatdi, bu orada Usmonli davlati harbiy noziri Anvar poshsho bilan yaqin do`stlik o`rnatdi. 1914 yilda Buxorodagi uyida jadid maktabini ochdi va bolalarga zamonaviy ta`lim berdi.

U 1920 yilda Buxoro amirligi parchalanishi bilan tashkil topgan mustaqil Buxoro Respublikasida dastlab moliya vaziri sifatida respublika byudjetini tartibga solib, birinchi qog`oz pullarni muomalaga chiqardi.

1921 yilda prezident bo`lgach, o`sha paytda Toshkentda bo`lgan 60 ga yaqin Usmonli turk zobitlarini Buxoroga chaqirib, ularning yordami bilan Buxoroning qo`shinini tuzgandi.

1921 yil dekabr oyida Buxoro Respublikasining Dushanba shahridagi bolsheviklar rus garnizoni 3 otryad askar va bosmachilar bilan rus garnizoniga hujum qilib, yarador bo`lib tog`larga, u erdan Afg`onistonga yo`l oldi.

Shundan so`ng Afg`oniston, Turkiya va boshqa joylarda Turkiston mustaqilligi uchun kurash olib bordi,  «Yangi Turkiston» nomli ilk nashrini chiqardi, bu nashr yordamida mustaqillik uchun mafkura maydonida kurash olib bordi. U umrining oxirigacha yurti mustaqilligi uchun mehnat qildi...

Agar mamlakat ma`muriyati jadidizm va jadid ta`limi boshlangan tarixiy uyni mehmonxonaga aylantirishga ruxsat bermasa, bu mamlakatning o`tmishi, madaniyati va kelajagining taraqqiyoti uchun harakat bo`ladi» , deb yozgan Temur Xo`ja o`g`li.

Temur Xo`ja o`g`lining bildirishicha, uning Istanbul shahridagi xususiy kutubxonasida turkiy xalqlar va Turkiston tili, adabiyoti, tarixi va madaniyatiga tegishli 18-mingga yaqin kitob, jurnal va hujjatlari bor. Agar Buxorodagi Usmon Xo`janing 1860-yilda qurilgan katta hovlisi jadidchilik muzeyiga aylantirilsa, Temur xo`ja ushbu 18-ming kitobni muzeyga armug`on qiladi, o`sha xususiy kutubxona Buxoroga olib kelinadi.


P.S: Ehtimol jadidlar qirib yuborilmaganida bugun ularning qoni oqib turgan halol kishilar  xalqning tarixiy tuproqlarni sotib, yo`q qilishga yo`l qo`ymagan bo`lardi.

Ammo Sovet hokimiyati tarbiyalagan, ayni damda faqat pul ilinjida yashayotgan qator mas`ullar ham borki, ularga bobolar o`tmishi va kelajakka qoladigan meros nima ahamiyatsiz. Yo`qsa, bu tarixiy hovli buxorolik mahalliy amaldorlar tomonidan pullab yuborilmagan, shunday bo`lishiga jim qarab turilmagan bo`larmidi?

Aslida bunday ilk jadid maktabi ochilgan noyob uyni jahonning jadidlar tarixi markaziga aylantirish va dunyo nigohining bir bo`lagini shu bilan ham yurtimizga jalb qilish mumkin. Ammo, jadidlar mulkini sotish bilan shug`ullanib, o`zini «vatanparvar» sanayotgan mutasaddilarga bu qiziqmikan?

Maftuna Karimova,
jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар