Salim Abduvaliev raisligidagi Sport kurashlari assosiasiyasiga 1 oyda 1 mlrd.dan ortiq mablag` ajratilgan

18.11.2022 17:25

Milliy olimpiya qo`mitasi tarafdan turli sport assosiasiyalariga milliardlab mablag`lar ajratilmoqda. Shu vaqtgacha Tanzila Norboeva, Sodiq Safoev kabi asosan amaldorlar rahbarlik qiluvchi federasiyalar milliardlarni qanday sarflayotgani haqida muntazam shaffof axborot berib bormagan. Hatto ayrim federasiyalar axborot saytiga ham ega emas. Bir necha oy avval prokuratura qator federasiyalarda milliardlar talon-taroj qilingani yuzasidan ma`lumot bergan edi.

O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Parij-2024 xalqaro sport musobaqasiga sportchilarning mashg`ulotlari uchun milliardlab mablag`lar ajratmoqda. Jumladan, biz oxirgi uch ya`ni avgust, sentyabr, oktyabr oylaridagi xarajatlarni keltiramiz. Avgust oyida o`quv-mashg`ulotlar yig`inlarini o`tkazish uchun 10 mlrd.dan ziyod (10 323 511 659 so`m) miqdorida umumiy mablag` ajratilgan. Ushbu mablag` 22 ta tashkilotga taqsimlangan bo`lib, eng ko`pi Salim Abduvaliev raisligidagi Sport kurashlari assosiasiyasiga 1 milliarddan ziyod (1 351 922 275,0 so`m) hamda Aziz Komilov raisligidagi Dzyudo federasiyasiga qariyb 1 mlrd. (959 418 182,0 so`m) ajratilgan. Sentyabr oyida mashg`ulotlar uchun umumiy 23 ta tashkilotga 10 milliarddan (https://olympic.uz/oz/news/3529) ziyod (10 270 304 140 so`m) hamda oktyabr oyida 18 ta tashkilotga umumiy 6 mlrd.dan ziyod (6 550 241 180 so`m) miqdorida mablag` ajratilgan. Ammo har ikki oyda ham qaysi tashkilotga qancha mablag` ajratilganligi haqida alohida ma`lumotlar keltirilmagan.

Ma`lumot uchun, oxirgi uch oylik muddatdan oldingi oylarda har bir tashkilot hamda sarf-xarajatlar summasi statistika sifatida keltirib o`tilgan. Biroq mazkur mablag` qanday sarflanayotgani haqidagi ma`lumotlarni topish mushkul bo`lmoqda. Qonunchilik talabiga ko`ra ular ochiq bo`lishi kerak emasmi?

Bundan oldin ijtimoiy tarmoqlarda Karate, Suzish hamda Shaxmat federasiyalaridagi korrupsion holatlar bo`yicha xabarlar tarqalgan edi. Xususan, shaxmat bo`yicha jahon chempioni bo`lgan Nodirbek Abdusattorovning otasi farzandining treneriga o`z cho`ntagidan pul sarflaganligini aytgan. Suzish federasiyasida 1 mlrd so`m talon-taroj qilinganligi, Karate federasiyasi sobiq rahbarlariga nisbatan ish ochilganligi haqida xabarlar berilgan. Bunday korrupsion holatlar kuzatilsa, statistikada ham oxirgi oylarda qaysi tashkilotga qancha summa ajratilganligi haqida ma`lumotlar berilmasa, ajratilayotgan xarajatlar shubha ostida qolmaydimi? Yana bir e`tiborimizni tortgan tarafi Milliy Olimpiya qo`mitasi tomonidan tashkilotlarga ba`zi oylarda ko`p, ba`zi oylarda kam  mablag`lar ajratilgan. Ochiq ma`lumotlar sahifasida esa, bunga alohida tushuntirish berilmagan.

Biz sportni rivojlantirishga, olimpiadalar, turli musobaqalarda sportchilarimizni ishtirok etishi uchun mablag` ajratilishiga qarshi emasmiz, faqat shaffoflik ta`minlanganda bu mablag` o`z maqsadida ishlatiladi, degan fikrdamiz.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
10
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар