Shu kunlarda faqat o`qituvchi yoki shifokorlar emas, aynan respublikaning vazirlik va qo`mitalari, iqtisodiyot tizimida, banklarda ishlayotgan matbuot kotiblari ham majburiy mehnatga jalb etilayotgan ko`rinadi.
O`qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etilgani bo`yicha Administrasiya amaldorlari tomonidan qator chiqishlar bo`ldi. Biroq hozircha, matbuot kotiblarining ham majburiy mehnatga jalb etilayotganiga ko`z yumayapti yoki bu majuriy mehnat ekanini tushunmayapti.
Rost24.uz saytida bu bo`yicha savol bor:
— Amaldorlar, siz faqat o`qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinishiga qarshimisiz yoki umuman majburiy mehnatni har qanday soxa vakiliga qo`llanishlishini qoralaysizmi?
— Bugun matbuot kotiblarining o`zi ishi qolib yoki vazifasi o`zgardimi? Ularning vazifasi O`zbekistonga kelgan mehmonlarni kutish, olib yurish, viloyatma viloyat kunini o`tkazish bo`lib qolmayaptimi?
Vazirliklardagi matbuot xizmatlari anjumanlarda xorijiy jurnalist va mehmonlarga hamroxlik qilishga majburlanmoqda. Aslida, ularning vazifasi axborot ochiqligini ta`minlash va jurnalistlar so`rovi bo`yicha axborotlarni etkazish. Biroq, asosiy vazifasidan uzoqlashtirilgan matbuot kotiblari bugun aksar hollarda mehmon kutish bilan ovora bo`lib qolmoqda.
Yil davomida respublika bo`ylab, turli miqyosdagi xalqaro anjumanlar bo`lib o`tmoqda. Yaqinda Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotlari sammiti Samarqandda tashkil etildi. Sammitni yoritish uchun kelgan har bir xorijiy jurnalistga vazirlik matbuot kotibi biriktirildi. Kunu tun ularga qarash vazifasi topshirilgan.
Aslida jurnalist mustaqil odam, uni ishiga aralashish va uni qaerga borishi va nimalarni yoritishini “odam biriktirish” — bu sovet ittifoqi davridan qolgan usul yoki odat. Bundan tashqari qancha qo`shimcha sarf harajat, vaqt, ish unumdorligi havoga uchadi. Bu sammitlarda qatnashgan aksar jurnalistlar buni cheklov sifatida e`tirof etganlarini ham eslatish joiz.
Vazirlar Mahkamasining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish to`g`risidagi qarorida matbuot xizmati xodimlarining xorijiy jurnalistlarga hamroxlik qilish sharti haqida band yo`q. Ularning birinchi vazifasi ochiqlik va jurnalistlarni axborot bilan ta`minlashdir.
Sammit va boshqa xalqaro tadbirlar davomida matbuot xizmatlari asosiy vazifasidan uzilib qolmoqda. Tadbir boshlanishidan 3-4 kun avval o`z ish joyini va vazifasini tark etayotgan matbuot kotiblari bu vaqt oralig`ida jurnalistlarga axborot etkazishni uddalay olmayapti. Barcha OAV jurnalistlari so`rovlari, ma`lumotlar va materialari bu orada ortga surilib ketaverdi. Yirik xalqaro tadbirlar davomida qaysi axborot xizmatiga o`z vazirligiga tegishli ma`lumot so`rab murojaat qilmaylik, ular sammitda jurnalistlarga hamroxliq qilayotganlarini aytib, uzr so`rashdi. Ya`ni bunda bizning tezkor axborot olish huquqimiz cheklandi, matbuot xizmatlarining vazifasi qayd etilgan Vazirlar Mahkamasi qaroriga zid ish bo`ldi.
Davlat xizmatchisini har qanday hasharga jalb etish odati sovet ittifoqidan hozirgi amaldorlarga qadrdon bir meros bo`lib, qonlariga singib ketgandek. Bu kasallikdan tizimdagi rahbarlar haligacha voz kechmaydigan ko`rinadi.
Bugun, o`qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etilishiga qarshi chiqqan Administrasiya amaldorlari matbuot xizmatlarining majburiy mehnatiga ko`z yummoqdami yoki bu ishlarni ortida ularning ham qo`li bormi?
Sababi so`nggi ikki sammitning asosiy tashkiotchilari sifatida administrasiya xodimlari qayd etildi. Majburiy mehnatga qarshi bo`lgan kishi uni har qanday soxa vakiliga nisbatan qo`llanishini oldini olishga urinmaydimi?
Yoki davlatimizning respublika matbuot kotiblarini xorijiy mehmonlarga biriktirilishida biz bilmagan boshqa qandaydir siri bormi?..