Bosh vazir Abdulla Aripov o`zbek — qirg`iz chegarasidagi bahsli hudular yuzasidan ma`lumot berdi

14.11.2022 19:25

Oliy Majlis qonunchilik palatasida O`zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov «O`zbekiston Respublikasi bilan Qirg`iziston Respublikasi o`rtasida o`zbek-qirg`iz davlat chegarasining alohida uchastkalari to`g`risidagi Shartnomani ratifikasiya qilish haqida»gi hamda «O`zbekiston Respublikasi hukumati bilan Qirg`iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o`rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to`g`risidagi Bitimni ratifikasiya qilish haqida»gi qonun loyihalari yuzasidan axborot berdi:

— Haqiqatan ham, Internet tarmoqlarida tarqalgan ma`lumotda sizlar aytgandek tasdiqlanmagan raqamlar muhokama qilingan. Andijon suv ombori uchun Qirg`izistonga Andijon viloyati Qo`rg`ontepa tumanidan 1 ming 19 gektar yaylov er maydoni berilyapti. Albatta, suv ombori maydoni 5 ming gektarga yaqin, qolgan er maydonini qanday kompensasiya qilindi degan tabiiy savol tug`iladi. Qolgan 4 ming gektardan ortiq er maydonlari sobiq Ittifoq davrida (1970 yillarda) Andijon suv ombori uchun O`zbekiston tomonidan kompensasiya tariqasida berilgan. Arxiv hujjatlarini o`rganish jarayonida ma`lum bo`ldiki, sobiq Ittifoq davrida O`zbekiston tomonidan 200 km dan ortiq Kampirobod chap qirg`oq kanalini qurib berish majburiyati olingan. Afsuski, har xil sabablar bilan ushbu kanal qurilmasdan qolib ketgan. Aynan shu majburiyat bajarilmaganligi sababli, katta miqdordagi 8 mingdan 18 ming gektargacha bo`lgan er maydonlari o`zlashtirilmasdan qolganligi Qirg`iziston tomonidan uzoq yillar davomida ta`kidlab kelingan. Agar “Andijon” suv omboridan Qirg`izistonning Botken viloyatigacha ushbu kanal va qo`shimcha gidrotexnik inshootlarni qurib beradigan bo`lsak, respublikamiz byudjetidan ko`p mablag` talab etiladi. Bundan tashqari, Andijon va Farg`ona viloyatlaridagi 20 dan ortiq aholi punktlarini ko`chirishga majbur bo`lamiz. Eng achinarlisi, 2 ming gektardan ortiq qishloq xo`jaligida foydalanilayotgan er maydonlarini yo`qotishimiz mumkin edi. Shu bois, Namangan viloyatining Pop va Chust tumanlaridagi G`ovasoy uchastkasidagi tog`li hududdan 12 ming 700 gektar atrofida yaylov er maydoni kompensasiya tarzida berilishi taklif etilmoqda. Namangan viloyatidan saylangan deputatlarimizning xabari bor, taklif etilayotgan G`ovasoy uchastkasining 6 ming gektari baxsli hudud bo`lib, amalda Qirg`iziston fuqarolari tomonidan foydalanib kelinmoqda. Hisob-kitob qiladigan bo`lsak, 8 ming gektardan ortiq o`zlashtirilmagan qishloq xo`jaligi er maydoni uchun 12 ming 700 gektar yaylov maydonini taklif qilyapmiz. Shuni alohida ta`kidlash joizki, hozirda amaliyotda chegara bo`yicha muxokamalarda o`rtacha bir gektar ekin eri uchun 2,5 barobar ko`p yaylov eri berish qo`llab kelinmoqda. Taklif etilayotgan qonun loyihasida 19,5 ming gektar emas, balki 13 ming 719 gektar yaylov er maydonlarini kompensasiya tariqasida Qirg`iziston tomoniga ajratilishi nazarda tutilmoqda (4 ming 127 gektari oldin berilgan).

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар