Sovg`a uchun 1,5 million: Bizda hadya, dunyoda porami?

09.11.2022 11:47

Amaldorlarning turli bahonalar bilan katta katta sovg`alarni olishi hech kimga sir emas. «Xamir uchidan patir» qabilidagi bunday sovg`alarni berish, eng kichik darajadagi xizmatchilardan tortib katta ishlarni hal qiladiganlarigacha borib etishi haqida misollar ko`p. 

Ayniqsa xizmat safarlariga borganda noz ne`matga to`la dasturxonlar yozilib mehmon qilinishi, bunday mehmondorchiliklar esa «arzimas»deb ataladigan sovg`alar bilan yakunlanishi odatga aylanib ulgurgan. Turli bayramlaru tug`ilgan kunlar, to`ylarda esa, hududlardan sovg`alar karvonlari yo`lga chiqadi. Masalan, yangi yilda Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzaxdan tandir go`shtlar jo`natilsa, Vodiy, Samarqand tomonlardan sarxil uzum, anor, xandon pista, alohida tayyorlash usulida quritilgan mevalar kabi noz ne`matlar etib keladi. Bularni ko`pchilik pora o`rnida emas, shunchaki iltifot, yoki hurmat yuzasidan hadya sifatida qabul qilishadi. Jo`natmalarni qanchalik qiymatga egaligini uning ichiga konvert solganlaru o`ramni ochib olganlar biladi. «Gap sovg`adamas, e`tiborda», deb qabul qiluvchi davlat xizmatchisi esa, keyinroq ish tushganda bu «oqibatli» tanishini unutmasligi aniq.

7 noyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan jamoatchilik uchun e`lon qilingan hujjat loyihasiga binoan barcha davlat xizmatchilari bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravaridan (barcha soliqlar va yig`imlarni hisobga olgan holda) ko`p bo`lmagan miqdorda sovg`a olishiga ruxsat etiladi. Hozirda bu 1,5 mln so`m degani. Agar sovg`a qiymati bu miqdordan oshsa, ortiqcha qismini byudjetga to`lash orqali sovg`ani tasarruf etish mumkin. Uning miqdori daromadi biznikidan ancha yuqori bo`lgan davlatlarnikidan ham ko`proq. Albatta, bu norma bo`lishi kerak, lekin, u hozirgi hujjatda unchalik qat`iy belgilanmagan.

Hujjat nomiga e`tibor qaratsak, O`zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrug`iga ilova sifatida berilgan «Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo`lgan sovg`a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi to`g`risidagi» Nizom. Bu nizom siz bilan biz o`ylagan, o`z bo`ysunuvidagi xodimdan, yoki ishni hal qilish uchun olinadigan sovg`alarni nazarda tutmayapti. Bu normalar avvalgi hujjatlarda aks etgan. Ularda amaldorlarning sovg`a olishiga yo`l qo`yilmaydi. deyilgan. Lekin, amaldorlar ham ularga sovg`alaru, to`yonalar beruvchilar ham ko`pincha ularga amal qilishmaydi. Shu vaqtgacha, chiqqan, qonun, Bosh vazir qaroriga rioya etmagan amaldorning bu buyruqqa bo`ysunishiga ishonish qiyin.

Chet elda amaldorlarga nima berish mumkin?

AQShda federal amaldorlar va prezidentga chet elliklar sovg`alarining qiymati 305 dollardan oshsa, ularni deklarasiya qilib, davlat arxiviga topshirishlari shart. To`g`ri, davlat xizmatchisi o`zi yoqtirgan narsani sotib olish imkoniyatiga ega. AQSh Davlat departamenti har yili Federal reestrda (Federal Register) sovg`alar ro`yxatini e`lon qiladi. Har qanday darajadagi mansabdor shaxsga o`z mamlakati fuqarosidan olingan 50 dollardan ortiq bo`lgan sovg`a pora hisoblanadi. Senatorlarga sovg`alar narxi yiliga 300 dollardan oshmasligi kerak, umumiy qiymati 75 dollardan ortiq bo`lgan sovg`alar deklarasiya qilinadi. Kongressmenlar uchun bu raqamlar mos ravishda 250 va 100 dollarni tashkil qiladi.

Singapurda vazirlar va ularning oila a`zolari, agar ular oluvchini qiziqtirish maqsadida berilgan bo`lsa, vazirning axloq kodeksiga ko`ra, sovg`alarni qabul qilishlari taqiqlanadi. Qiymati 50 Singapur dollaridan (32 dollar) kam bo`lgan sovg`alarni saqlashga ruxsat beriladi, kattaroq summadagisini esa vazirlar o`z hisoblaridan davlatdan sotib olishlari mumkin. Boshqa mansabdor shaxslar barcha sovg`alar haqida maxsus komissiyaga hisobot berishadi. Agar u sovg`ani qimmat deb hisoblasa, u kim oshdi savdosida sotiladi, pul byudjetga tushadi.

Fransiyada amaldorga sovg`aning maksimal qiymati 35 evroni tashkil qiladi. Qimmatroq sovg`alar donorga qaytarilishi kerak. Shunday qilib, Fransiyaning sobiq prezidenti Fransua Mitteran sovg`aga olgan otini egalariga, Fransiyaning yana bir sobiq rahbari Jak Shirak esa AQShning sobiq prezidenti Bill Klintonga Roleks soatini qaytarishga majbur bo`lgan.

Kanada hukumati xodimlariga qiymati pul bilan ifodalanishi mumkin bo`lgan har qanday sovg`alarni qabul qilishga ruxsat berilmaydi. Ushbu qoidani buzish jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Latviya Bosh vaziri o`z sovg`alarini faqat lavozimidan ketganidan keyin va faqat to`lov sharti bilan olishi mumkin. Taqdimotlar narxi Davlat departamenti va Madaniyat vazirligi xodimlaridan iborat maxsus komissiya tomonidan belgilanadi.

Xitoyda mansabdor shaxslarga hadya qilish taqiqlangan narsalar ro`yxati qonuniy ravishda o`rnatildi. Unga kiritilgan narsalarni qabul qilish pora deb hisoblanadi va o`lim bilan jazolanadi. Ro`yxatga kitoblar kiritilmagan, shuning uchun OAV xabarlariga ko`ra, pora ko`pincha qimmatbaho qog`ozlar ishlatilgan kitoblar ko`rinishida beriladi.

Gruziya qonunchiligiga ko`ra, davlat amaldoriga qiymati 150 lari (80 dollar) dan oshmaydigan sovg`a taqdim etilishi mumkin. Amaldor yaqin qarindoshlaridan qimmatroq sovg`a olishi mumkin. Biroq, agar sovg`aning narxi yashash uchun zarur bo`lgan yillik minimum xarajatlardan o`n baravar oshsa, davlat xizmatchisi uni daromadlar to`g`risidagi hisobotda ko`rsatishi shart.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
09.11.2022 19:12
Анорахон кизим бу конун б н амалдорлар узларига йул топишюди