Tor doira manfaatlari va oʻzbekcha korrupsiya
Oʻzbekiston iqtisodiy forumida soʻzga chiqqan moliya vaziri Timur Ishmetov bizda jiddiy iqtisodiy muammolar borligini vanihoyat tan olgan.
Moliya vazirining qayd etishicha, ayni paytda Oʻzbekiston iqtisodiyoti qiyin bosqichda va yangi qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda. Ishmetovning soʻzlaridan anglashiladiki, hozirgi vaziyat byudjet xarajatlarini qisqartirishni taqozo etyapti.
Vazir yuqori minbardan turib, byudjet mablagʻlarini qisqartirish haqida gapirayotgan bir vaqtda davlat xaridlari portalida katta-katta xarajatlar aks etgan hujjatlar chiqishda davom etayapti.
8-mart — Xalqaro xotin qizlar kuni bayrami munosabati bilan Kongress-xolda tashkil etilgan tadbirga qariyb 7 milliard soʻm sarflangan. Bu birgina tadbir xarajatlari. Unda qator korxonalarga xizmatlar va mahsulotlar uchun davlatdan mablagʻ oʻtkazilgan, lekin bu mablagʻlar nega aynan shu korxonalarga oʻtkazilgani, tender boʻlgani xususidagi maʼlumotlarni topa olmadik. Quyida bu mablagʻ nimalarga yoʻnaltirilganini koʻrishingiz mumkin:
Yuqoridagi hujjatni tayyorlagan asosiy ijrochi tashkilot «Ommaviy halq bayramlari” MCHJ boʻlib, bu subyekt koʻplab davlat tadbirlarining bosh rejissyori boʻlgan Shamsutdinov Rustam Dinamovichga tegishli.
Ijodiy kollektivlar, rejissyor-postanovka guruhi xizmatlariga, «Ommaviy halq bayramlari” firmasining oʻziga 1 milliarddan ortiq mablagʻ ajratilgan. Biz bu mablagʻni ijodiy jamoalarga, jumladan, sanʼatkorlarga qanday ulush tekkanini bilish maqsadida xalqqa ancha tanish boʻlgan sanʼatkor bilan bogʻlanib, davlat tadbirida ishtirok etish uchun qancha “gonorar” olganini soʻradik.
Ismini oshkor etmaslik sharti bilan javob bergan sanʼatkor, odatda pul olmasligini, bu safar ham pul olganini eslay olmasligini, bir marotaba Madaniyat vazirligidan “ishtirokingiz uchun pul oling deyishganida” «Ommaviy halq bayramlari” MCHJga borgani, lekin rasmiylashtirish kechikkani sababli ololmagani, keyin eʼtibor ham qaratmaganini aytdi. Katta tadbirlarda shunchaki, xalq uchun xizmat sifatida qatnashaman, pul uchun emas deb qoʻshimcha qildi xonanda.
Konsert dasturida xonandalar, opera va balet ijrochilari, raqs guruhlari, bolalar jamoalari, orkestr, xor va milliy cholgʻu ansambli ishtirok etganini koʻrish mumkin. Aytgancha, tadbirda faol qatnashgan “Tumor” raqs dastasi savdo belgisi «Ommaviy halq bayramlari” MCHJga tegishli ekan.
Endi bevosita konsertning xarajatlariga qaytamiz. Konsert va unga tayyorgarlik vaqtida ishlatilgan ovoz kuchaytirgich va u bilan bogʻliq xizmatlar uchun IOSIS MCHJga (Taʼsischi Iosis Igor Zinovevich) 450 milliondan ortiqroq, yorugʻlikni taʼminlovchi texnika ijarasi uchun Pro ligthing media MCHJ ga (Taʼsischilar - Ganiyev Doniyor Ilxamjonovich 86,00 %, Sultanov Botir Mannopovich 7,00 %, Islamov Abdulaziz Abdukarimovich 7,00 %) 359 milliondan koʻproq mablagʻ ajratilgan. Katta tadbirlarga bu xizmatlarni koʻrsatuvchi kompaniyalar negadir narxlarni aytishni istashmadi. Xorijda ham tajribaga ega, bir qator yirik konsert tadbirlari (lekin davlat tadbirlari emas) tashkilotchisi boʻlgan boshqa bir yirik kompaniyadan katta koʻlamdagi bayram tadbiriga ovoz kuchaytirgich xizmatlarini koʻrsatish uchun narxni soʻraganimizda kamida 90 million boʻlishi, jihozlarga qarab qoʻshib borilishi va bu summa 200 milliondan oshmasligini aytdi.
Davlat tadbirida xizmat koʻrsatgan kompaniya saytida narxlarni bermagan shu sababli biz ular bilan bogʻlanib narxnomani soʻraganimizda bera olmasligini maʼlum qilishdi. Bu esa albatta istalgan mijozga istalgan narxni aytish imkonini yaratadi. Davlat idorasi buyurtmachi boʻlsa kelishishni ham osonlashtiradida, chunki buyurtmachiga ham ulush chiqarib berishga toʻgʻri kelib qolishi mumkin.
Zal bezaklari
Bularni barchasini hisoblasak, birgina bezaklarning oʻziga 2 milliard 300 milliondan koʻproq mablagʻ ajratilganini koʻrishingiz mumkin.
Oʻzimizni Sky Events
Bayram kuni dasturxonga tortilgan tansiq taomlar va nozu neʼmatlarga ham kattagina hajmda pul ajratilgan. Sky events MCHJga (taʼsischi Sultanov Sherzod Baxadirovich) 1 milliard 295 million soʻmdan ortiq mablagʻ toʻlab berilgan. Taʼsischi notanishdek tuyulishi mumkin, lekin ushbu MCHJ Ortiqxoʻjayevga tegishliligi aytiladigan Akfa Dream World bilan deyarli bir manzilda (Shayxontohur tumani, Islom Karimov koʻchasi, 5-blok, 1−2-bino va 1-bino) roʻyxatdan oʻtgan. Xullas begona korxona emas.
Eslaysizmi, avvalroq 70 minglik somsalar rosa muhokama boʻlgan edi. Mart oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumini oʻtkazish uchun 15 mlrd soʻm sarflangan. Oʻshanda Tadbirlar va ovqatlanishni tashkil etish uchun aynan shu Sky Eventsʻga 7,2 mlrd soʻm yoʻnaltirilgan edi.
Yoshlar uchun “imkoniyat”
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi "Yosh dizaynerlar Kengashi"ga 56 milliondan koʻproq mablagʻ ajratilgan. Sahnada esa ushbu kengash raisi Dilnoza Umirzoqovaning shaxsiy brendi “Anor”ni reklama qilish uchun ajoyib imkoniyat yaratilgan.
Tadbirni 4 nafar boshlovchi olib borgan boʻlib, ularning kostyumlari davlatga 57 milliondan koʻproqqa tushgan.
Bu kabi tadbirlarni, turli xalqaro konferensiyalaru taqdimotlarni umumiy summasi soliq toʻlovchilarga qanchaga tushishi mumkinligini tasavvur qilyapsizmi? Byudjet mablagʻlarini qisqartirish deganda, oyilikdan oylikkacha yashayotgan oʻqituvchi, yoki tibbiyot xodimi, yo tarbiyachining oladigan maoshlarini qisqarishi yoki qurilishi lozim boʻlgan ijtimoiy obyektlardan pulni tiyish emas, ana shunday kattaroq tashkilotlarga xizmat qilish uchungina ochilgan, tanish bilish qilib imtiyozlarga ega boʻlib oladigan tadbirkorlar uchun foyda manbai boʻlgan, katta mablagʻ sarflanadigan yirik tadbirlardagi dabdabadan voz kechish toʻgʻriroq boʻladi. Yuqorida birgina tadbir xarajatlarini koʻrib chiqdik. Yakka holda u koʻpmasdek. Lekin, deyarli har haftada oʻtadigan, festival, xalqaro anjumanlar, turli bayram tadbirlarini qoʻshib hisoblasangiz bu tadbirlarning soliq toʻlovchilar uchun qanchaga tushayotganini chamalash qiyin emas.