O`zbekistonda 1.7 foiz maktab o`quvchilari nosvoy chekadi va ular orasida qizlar ham bor

29.10.2022 20:07

O`zbekiston yoshlari va aynan maktab o`quvchilari orasida tamaki vositalari qatoriga kiruvchi snyus, nosvoy va tinchlantiruvchi dori vositalarini qabul qilish holatlari ortmoqda. O`rganilgan ma`lumotlarga ko`ra, bugun 5-6-sinf o`quvchilari orasida ham snyus preparatlarini tatib ko`rgan bolalar topiladi. Millat genofondi salomatligi uchun «kurashyapmiz», deyotgan deputat va senatorlar esa hamon «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida» qonun loyihasini kuchga kiritayotganlari yo`q. Mazkur qonun Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan senatga oshirildi, biroq yangi reklama to`g`risidagi qonunga zid modda tufayli loyiha ayni damda yana deputatlarga qaytarilgan. Ammo, tashqarida esa tamaki mahsulotlarining yoshlar orasidagi ommalashuv ko`rsatkichlari xavfli darajada ortmoqda.

Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Dilbarxon Siddiqova taqdim etgan ma`lumotda qayd etilishicha:

2021 yilda aynan yoshlarimiz orasida o`tkazilgan so`rovnoma natijalari shuni ko`rsatdiki, 13-15 yoshdagi maktab o`quvchilarining 1,7 foizi (qizlarning 0,9 foizi) nosvoy chekadi.

O`g`il bolalarning 10 nafaridan bir nafari, qiz bolalarning 20 nafaridan bir nafari nosvoy chekib ko`rgan.

Ichki ishlar Bosh boshqarmasining Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi ma`lumotiga ko`ra, ta`lim muassasalarida olib borilgan reydlarda maktab o`quvchilari orasida snyuslar topilishi holatlari yildan-yilga ortmoqda. Ya`ni 2019 yilda 110 ta holat, 2020 yilda 270 ta, 2021 yilning yanvar va fevral oylarida 59 ta holat (o`sish 3 martadan ko`p) aniqlangan. tadqiqotlarga ko`ra aynan snyus va tromodol kabi dori vositalari iste`moli ta`sirida bo`lgan yoshlar orasida jinoyatchilik soni ham ortib bormoqda.

2019 yilda mamlakatimizda o`tkazilgan so`rovda 18-69 yoshdagi erkaklarning 20 foizi, jumladan, har besh nafar erkakning biri, taassufki, ayollarning 0,4 foizi tutunsiz tamaki chekishi aniqlandi.

Qo`shni Respublikalarda elektron sigareta, snyus vositalarini taqiqlash, iste`molini cheklash bo`yicha allaqachon choralar ko`rilgan. Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari esa hamon qonun loyihasini qabul qilishda shoshilayotganlari yo`q. Mazkur mavzuda deputat va senatorlarni muhokamaga chorlash ham qiyin kechmoqda.


Ushbu ma`lumotlar  «Ibn Sino jamoat fondi hamda Aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi mutaxassislari ishtirokida Toshkent shahrida o`tkazilgan «Tamaki va qonun» mavzusiga bag`ishlangan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
31.10.2022 20:05
Нега чекади? Ё оиласида биронтаси, ва албатта, мактабда ўқитувчиси чекади. Ёки, энг ёмони, уйда назорат йўқ, кечаси билан дайди итдек кўча кезади. Ҳали ҳам нос чекар экан ҳозирча. Ароқ билан наша эшикдан мўралаб турибди, аҳвол шу тарзда давом этса. Алҳазар.