Katta ko`lamdagi qonun buzilishi: Amaldorlarni jiddiy jazolaysizlarmi yoki yana intizomiy chora ko`riladimi?

29.10.2022 13:12

1378 nafar davlat xizmatchilari tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib kelgan. Bosh prokuror Nig`matilla Yo`ldoshev, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov siz bunga nima deysiz? Manfaatlar to`qnashuvi jinoyat emasmi?

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining navbatdagi ma`lumoti O`zbekistonda qonunlar amaldorlar uchun emas, fuqarolaru, hisobotlar uchun qabul qilinayotgandek ta`surot qoldiradi. Yillar davomida kutgan va u qabul qilinganda qarsaklar bilan qarshi olingan navbatdagi qonun ham ishlamayapti.

Joriy yilda qabul qilingan «Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida»gi qonunga ko`ra davlat xizmatchisi tadbirkorlik bilan shug`ullanishi, ularning muassisi bo`lishi, O`zbekistondan tashqarida hisobvaraqlar ochishi, chet elda ko`chmas mulk olishi taqiqlanadi. Davlat xizmatchisi daromadlari va mol-mulki to`g`risida deklarasiya berishi kerak.

Amalda esa bu qonun haqida tasavvurga ham ega bo`lmagan, ega bo`lsada amal qilmaydigan bir yarim mingga yaqin boshqaruv a`zolari aniqlanmoqda. Bu esa minglab tenderlar, shartnomalar, davlat korxonalari ishtirokidagi oldi sotdi ishlarini shubha ostiga oladi.

Aytgancha nafaqat qonun balki qator qarorlarda ham bu masala ko`tarilgan. Masalan, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 martdagi «Tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish taqiqlangan mansabdor shaxslarning ro`yxati to`g`risida»gi 103-sonli Qarorida davlat boshqaruv organlari xodimlari tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishi taqiqlangan.

Bir savol tug`iladi. Nima sababdan davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishga haqli emasligi haqidagi qoida kiritilgan O`zbekiston Respublikasining «Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida»gi qonuni 2022 yil 8 avgust kuni qabul qilingan bo`lsada, oradan uch oy o`tgach, ya`ni 2022 yil 8 noyabrda kuchga kirishi belgilandi? Bu amaldorlar o`zlarining nomlaridagi korxonalarni biron shogirdi. oilasi a`zosi yoki qaysidir qarindoshi nomiga o`tkazib olishi uchun muddatmidi?

Yaqindagina e`lon qilingan qarorda yana amaldorlarga halollik haqida eslatib o`tildi. Qonunlarga itoat etmagan davlat xizmatchilari uchun Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi 595-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari taqdim etildi. Unda davlat xizmatchilariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish taqiqlanishi hamda ushbu qoidalarning buzilishi qonunchilik hujjatlariga muvofiq intizomiy va boshqa turdagi javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanishi ko`rsatilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabaridagi quyidagi raqamlarga e`tibor qarating:

«Agentlik tomonidan davlat xizmatchilari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlar, xususan manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`yganlik holatlari tizimli ravishda o`rganib chiqildi. Unda joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Buxoro, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg`ona va Xorazm viloyatlarida davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib kelinayotganligi holatlari joyiga chiqqan holda o`rganilgan.

O`rganish natijalariga ko`ra, ushbu viloyatlarda jami 1378 nafar davlat xizmatchilari (138 nafari hokim va hokim o`rinbosarlari, 148 nafari davlat banklari boshqaruvchisi va ularning o`rinbosarlari, 1092 nafari hokim yordamchilari) davlat xizmati bilan birga (rahbar yoki ta`sischi sifatida) tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib kelayotganligi aniqlangan.

Shuningdek, Agentlik tomonidan davlat xaridlari sohasida o`tkazilgan o`rganishlarda hududlarda davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslari va ularning yaqin qarindoshlariga tegishli korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etib, g`olib bo`lganligi aniqlandi.

Xususan, 2021-2022 yilning 6 oyi davomida Buxoro viloyatida 340 ta holatda 34,3 mlrd so`mlik davlat xaridlaridan 19 ta holatda tashkilot rahbari va moliyaviy masalalar bo`yicha o`rinbosarlari, 72 ta holatda buxgalteriya xodimlari, 24 ta holatda ombor mudiri va ta`minot xodimlari, 30 ta holatda injener va texnik nazoratchilar, 20 ta holatda shartnomalarni huquqiy ekspertizasini amalga oshiruvchi yuristlar va qolgan holatda boshqa xodimlar xarid ijrochisining ta`sischisi (benefisiari) bo`lgan.

Shu kabi Surxondaryo viloyatida 155 ta holatda 16,1 mlrd so`mlik davlat xaridlaridan 67 ta holatda bosh hisobchi, hisobchi va iqtisodchilar, 60 ta holatda xo`jalik va ombor mudirlari, 28 ta holatda bo`lim boshliqlari va boshqa xodimlar xarid ijrochisining ta`sischisi (benefisiari) bo`lganligi aniqlandi.

Masalan, Surxondaryo viloyati hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan Termiz shahridagi 6-maktab binosini rekonstruksiya qilish bo`yicha 8 mlrd. so`mlik davlat xaridida ushbu kompaniyaning etakchi mutaxassisi ta`sischiligidagi mas`uliyati cheklangan jamiyat bilan to`g`ridan-to`g`ri shartnoma tuzilgan.

Xuddi shunday, Samarqand viloyatida 277 ta holatda 10,9 mlrd. so`mlik, Farg`ona viloyatida 158 ta holatda 8,1 mlrd. so`mlik, Sirdaryo viloyatida 20 ta holatda 1,6 mlrd. so`mlik, Qashqadaryo viloyatida 66 ta holatda 1,1 mlrd. so`mlik, Navoiy viloyatida 14 ta holatda 0,3 mlrd.so`mlik davlat xaridlari bo`yicha tuzilgan shartnomalarda affillanganlik va manfaatlar to`qnashuvi holatlariga yo`l qo`yilgan» deyiladi xabarda.

E`tibor qilgan bo`lsangiz mingdan ortiq hokim yordamchilari tadbirkorlikka aloqador ekan. demak bu lavozim tadbirkorlik uchun juda qulaymi? Hamma tashkilotlarda optimallashtirish haqida gap borganda shuncha imtiyozu. oylik bilan ta`minlanadigan bu lavozim kerakmidi, o`zi?

Jazo choralari bo`ladimi?

Albatta, doimgidek, ogohlantirish, tushuntirish, nari borsa "bechoralarning" biron oylik maoshini bermaslik kabi jazolar qo`llanilsa kerak.
Agentlik xabarida aytilishicha, «ushbu holatlarni bartaraf qilish va kelgusida yo`l qo`ymaslik haqida taqdimnomalar kiritildi, shuningdek, davlat xaridlarida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo`yicha huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi».

Ularni ishdan olish masalasi haqida gapirilgani yo`q.. Vaholanki, qonunni mensimay, bemalol buzadigan amaldordan davlat uchun foydadan ko`ra ziyoni ko`proq.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
30.10.2022 13:00
Nig'mat, ruslan sherik bolsa kerak
30.10.2022 01:46
Susambil mamlakati!