Juft va toq raqamli avtomobillar amaliyotini qo`llash vaqti kelmadimi?
O`zbekiston, xususan poytaxt aholisi so`nggi vaqtlarda havoning ifloslanishi va avtotransport hodisalari tufayli katta yo`qotishlarga uchramoqda. Shahardagi tirbandlik, avtomobillar harakatidagi tartibsizlikka har kuni duch kelaverib, o`rganib ham qoldik.
Statistikaga ko`ra, 2021 yilda jami 10 001 ta yo`l transport-hodisasi sodir bo`lgan va avtohalokatlarda 2,5 mingga yaqin fuqarolar bevaqt halok bo`lgan. Mazkur halokatlarning 20 foizi yo`l infratuzilmasidagi kamchiliklar, 14 foizi esa piyodalar uchun xavfsiz sharoitlar yaratilmaganligi tufayli sodir bo`lgan.
2022 yilning olti oyi davomida 3559 ta YTH sodir bo`lgan, ularda 2775 kishi jarohat olib, 784 kishi halok bo`lgan. Mazkur hodisalarning eng yuqori ko`rsatkichi esa, Toshkent shahri (479 ta)ga to`g`ri keladi.
Joriy yilning 8 oyi mobaynida faqat o`lim bilan bog`liq 991 ta YTHlar sodir etilgan.
Statistikada bir og`iz gap bilan aytib ketilayotgan mazkur raqamlarning har biri butun boshli bir insonning hayoti, umri. Uning umri bilan bog`liq yana qanchalab umrlar bor, uning bevaqt vafoti bilan vayron bo`lib ketadigan yana qanchalab holatlar, insonlar bor. Biz har kuni «yangi» deya e`tirof etayotgan O`zbekistonda inson umrining qadri qanchalik? Yuqoridagi dahshatli raqamlar hamda so`nggi bir yilda bir necha marta yuz bergan chang va havoning ifloslanish darajasidan ham ko`rinib turibdiki, qadr degan so`z amaliyotdan ko`ra doimgidek qog`ozlarda faolroq.
Havoning ifloslanish darajasi bo`yicha tez-tez jahonda birinchi o`ringa chiqib turgan poytaxt aholisi yutgan zaharlari hali qay darajada sog`likda muammolar keltirib chiqarishi noma`lum.
Balki mazkur holatlarni engillashtirish, kelgusida yanada og`ir vaziyatlar yuzaga kelishini oldini olish maqsadida bu boradagi xorij tajribalarini amalga oshirish vaqti kelgandir? Albatta, buning uchun alohida o`rganish vazirligi tuzish shart emas, ammo hozirda mutasaddi bo`lgan vakolatlilar dunyo tajribalarini solishtirib, poytaxt ko`chalarida qo`llab ko`rishlari maqsadga muvofiq bo`lar edi.
Masalan, katta shaharlarda juft va toq raqamli avtomobillar amaliyoti qo`llaniladi va bu yaxshi samara beradi. Bunda davlat raqamining oxiri toq son bilan tugagan mashinalar haftaning toq kunlarida, juft son bilan tugaganlari esa haftaning juft kunlarida harakatlanishi mumkinligi qonun bilan belgilab qo`yiladi.
Mazkur amaliyot har doim kerakli natijani bergan, xususan, 2018 yilda Fransiya poytaxtida qurumli iflos havo miqdori o`ta oshib ketgani tufayli, hukumat chora sifatida yuqoridagi usulni qo`llagan. Oradan ikki yil o`tib, Parijda havoning ifloslanish darajasi 30 foizga kamaygan.
Xitoyning Chendu shaharchasi shunday loyihalashtirilganki, uning istalgan nuqtasiga piyoda 15 daqiqada etib borish mumkin. Shahar yo`llarining yarmi avtomobillarga berilgan, qolganida velosipedchi va piyodalar yuradi.
Milanda esa ongli ravishda avtomobilini uyida qoldirib, jamoat transportida yurganlar uchun bepul vaucherlar tarqatiladi. Mashinalarning barchasi maxsus tizimda qayddan o`tgan. Avtomobil turargohda qoldirilganda egasining kartasiga yo`l haqi o`tkaziladi.
Xelsinkida avtomobil harakatini shahar atrofiga ko`chirish amaliyoti qo`llab kelinadi. Markazda faqatgina jamoatchilik transporti qoldirilgan xolos.
Madridning ko`plab markaziy ko`chalariga kirgan avtomobilga miqdori yuz dollarga teng bo`lgan jarima solinadi. Faqat shu ko`chada istiqomat qiluvchilargina kirish huquqiga ega. Avtomobil havoni qancha ko`p bulg`asa, avtoturargoh haqi ham shuncha qimmatlashadi.
Bizda ham bunday choralarni qo`llash vaqti allaqachon kelgan, hatto bu ehtiyojga aylandi deyish mumkin. Aks holda juda yaqin yillar ichida Toshkentda o`pka va jigar, nafas yo`llari bilan bog`liq kasalliklar ko`payib, nogiron chaqaloqlar tug`ilishi, bolalar xastaliklari keskin oshishi tabiiy hol. Garchi SSV bu chang va zaharlarni inson sog`lig`i uchun zararsiz deya e`tirof etayotgan bo`lsada, jahon tajribasi hali inson sog`lig`i uchun zararsiz bo`lgan changga duch kelmagan, qolaversa Toshkentdagi chang haqida amerikalik olim Tomas Gill eng yomon bo`ronlardanda yomonroq deya ta`rif bergan edi.