Senat yiliga 200 million daraxt ekilishi nazarda tutilgan loyiha doirasida mas`ullar 6 milliondan ortiq ekilmagan ko`chatni ekilgan, deb ko`rsatishganini ma`lum qildi. Bu safar ham aybdorlar shunchaki, «dakki» eshitadimi? Yoki jazolar kuchaytirilishi kun tartibiga qo`yiladimi?
Yiliga 200 million tup daraxt. Tasavvur qilayapsizmi? Agar ular to`g`ri ekilsa va parvarish qilinsa O`zbekiston yap-yashil hududga aylanishi kerak. Lekin, yillar davomida ekilgan va keyin qurib ketgan, yoki umuman ekilmay faqat qog`ozdagi hisobotlarda qolib ketgan loyihalar qatoriga yana bir loyiha ham kiradigan ko`rinadi. «Yashil makon» umummilliy loyihasi haqida 2021 yil noyabr oyida O`zbekiston prezidenti raisligida bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida ko`rib chiqilgani haqida xabar berilgan edi.
Mazkur loyiha doirasida, yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko`chatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingan edi. Bunda Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida — 16 mln tupdan, Andijon, Buxoro, Namangan, Farg`onada — 15 mln tupdan, Qoraqalpog`iston, Navoiy, Sirdaryo, Xorazmda — 14 mln tupdan ko`chat ekilishi kerak edi.
O`sha yig`ilishda prezident har bir hududda «Yashil zamin» jamg`armalari tashkil etish bo`yicha topshiriq bergani xabar qilingandi.
Demak, bu loyiha ortida ham milliardlab pullar bor.
Senatning navbatdagi yig`ilishi haqidagi xabarda bu loyiha doirasida aslida ekilmagan 6,2 mln dona daraxt ko`chatlari hisobotlarga «ekildi» deb qo`shib yozilgani ma`lum bo`ldi.
Qayd etilishicha, «Yashil makon» doirasida joriy yil bahorida daraxt ko`chatlarini ekish ishlarida bir qator kamchiliklarga yo`l qo`yilgan.
Jumladan, daraxt ekish ishlarini tizimli tashkil etmasdan, sug`orish va parvarishlash uchun tegishli mas`ullar biriktirilmagan. Haqiqatda ekilmagan 6,2 million dona ko`chat hisobotlarga qo`shib yozilgan, 3,4 million dona ko`chat sug`orish tizimi bo`lmagan joylarga ekilgan. Shuningdek, 2,4 million dona ko`chat suvsizlik va etarli parvarish bo`lmaganligi sababli bahor tugamasdan qurib nobud bo`lgan. Erning tabiiy iqlim xususiyatlarini inobatga olmagan holda 341 ming dona ko`chat yaroqsiz erlarga ekilgan.
Bu shunchaki «kamchilik» emas, jinoyat!
Senat xabari chiqqandan so`ng, jamoatchilik ham e`tirozlar bildira boshladi. Jumladan, platforma.uz kanalida shunday fikrlar bildirilgan:
«Shu «milliy safarbarlik» kayfiyatidagi ishlarning zamoni o`tganmi, deymanda. Mana, masalan, shu ko`chat ekish haftaligi, oyligi deganga o`xshash lalmi tashabbuslarimizning. Uning lalmiligi shundaki, uyam xuddi qog`ozlarda ekilgan ko`chatlardek unmas.
Undan ko`ra, bu ishlarni biror mas`ul idora (masalan obodonlashtirish boshqarmasi)ga yuklab, hisobni ulardan so`ragan yaxshi emasmi? Endi qarang, Senat hisobotida 6,2 mln. dona ko`chat faqat hujjatlarda «ekilgani» qayd etilgan. Demak bunga pul chiqim qilingan. Va shuncha mln. dona ko`chatning bahosi bozor narxida hisoblanganda qancha bo`ladi? Bunga kim hisob beradi?
Axir bu aytilayotganidek, shunchaki «kamchilik» emas, jinoyatku! Byudjetning, xalqning pulini sovurayotganlar kimlar? Bularga, albatta, javob topish kerak bo`ladi. Endi savol tug`iladi, senatorlarimiz masalani bizga faqat tahlil qilib, «kamchilik»larni ko`rsatib berayotirmi yoki prokuraturaga mazkur masalada so`rov ham kiritganmi? Shu haqida xabar berishmabdi».
Hali bu Senat tomonidan ma`lum qilingan ma`lumotlar, xolos. Haqiqiy manzara bundan ham og`irroq bo`lishi mumkin. Bir yilda 200 million daraxtni ekilganiga va u ko`karib chiqqaniga ishonish qiyin.
Nisbatan nazorat kuchliroq bo`lgan poytaxtga ekilgan daraxtlarning yashab qolish ko`rsatkichi 30-40 foizdan ham pasayib ketgani, ekilgan 75 ming daraxtdan 52 mingdan ortig`i qurib qolgani haqida misollar bor.
Zero, yillar mobaynida nafaqat poytaxtda, butun respublikada minglab, millionlab ko`chat ekilgani haqida balandparvoz xabarlar eshitamiz. Amaldorlar eng shimarib, daraxt ekib, suratlarga tushishadi, bu ko`chatlarning keyingi taqdiri esa mavhumligicha qoladi.
Hokimliklarning ko`kalamzorlashtirish vajidan ajratayotgan milliardlarini esa aohida maqolada ko`rib chiqamiz.