Toshkent shahrining bosh rejasini qabul qilish haqidagi va`dalaru, loyihalarni bir necha marotaba eshitganmiz. Lekin, necha yillardan buyon yangrayotgan bu rejalar ijrosi ortga surilaveradi, surilaveradi. Bu vaqt oralig`ida esa, pala-partish qurilgan, shahar infratuzilmasiga qo`shimcha yuklama, yashilligiga qirg`in keltirayotgan binolar yomg`irdan keyingi qo`ziqorindek, shaharni ancha to`ldirishga ulgurib qoldi. Kanalizasion tizimlar, energiya ehtiyojlari, qurilish me`yorlariga to`g`ri keladimi yo`qmi, ular bunyod bo`lyapti.
Kuni kecha prezidentga namoyish etilgan loyiha bilan jurnalistlarni ham tanishtirildi.
«ToshkentboshplanLITI» korxonasida xorijlik va mahalliy mutaxassislar tomonidan 2 yil davomida ishlab chiqilgan Toshkentning 2045 yilgacha bo`lgan strategik rejasi taqdim etildi.
Odatdagidek, loyihada hammasi risoladagidek:
Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo`lgan bosh rejasi loyihasi «Yangi Toshkent» konsepsiyasi bilan mutanosib tayyorlangan. Bu yangi shahar poytaxtning sharqiy qismida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig`ida barpo etiladi. 500 ming aholiga mo`ljallangan bo`ladi.
Shundan kelib chiqib, istiqbolli rivojlanish va qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo`llar sxemalari ishlab chiqilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan.
Rejasiz qurilishlar qachongacha davom etadi?
Hozir ko`p qavatli uylar qurish oson. Hokimni er ajratish bo`yicha qarori chiqariladi, daraxtlar bo`lsa yo`q qilish qiyin emas, ularni quritishadi, jarimasini ham to`layverishadi, infratuzilma yangi yuklamani ko`taradimi yo`qmi, farqi yo`q, bir ikki qavatli bino uchun mo`ljallangan quvur ustiga 20 qavatli binoni ko`tarib, hali qurilmasdanoq sotuvga chiqariladi.
Rost24.uz muxbiri «ToshkentboshplanLITI» korxonasi mas`uliga «Oxirgi uch yilda Toshkent shahrida qancha ko`p qavatli uylar qurildi, qachongacha bu qurilishlar davom etadi?», deb savol berdi
Mas`ul esa bu bo`yicha bizga aniq ma`lumot berolmasligini ammo hozirgi kunda qurilishga topshirilish arafasidagi hududlarimiz 80 ming aholini o`ziga qabul qilib olishini aytib o`tdi.
«Biz bog`larni, yashil hududlarni yo`qotdik. Qolaversa eskirgan kanalizasiya tizimlari, suv, energiya etkazib berish imkoniyatlari cheklangan. Markazda yirik qurilishlarga moratoriy joriy qilish vaqti kelmadimi?
Direktor o`rinbosari Saida`zim Sharipov bu savolga shunday javob berdi:
«Markazdagi yirik qurilishlarni shahar tashqarisiga chiqarish strategiyada ham belgilangan. Lekin shahar hududida umuman qurilish bo`lmasligini ham iloji yo`q. Elektr tarmoqlari, suv ta`minoti ham hisobga olingan. Ishimizni esa yashillikdan boshlamoqchimiz. Bundan tashqari umumiy sxemada shahar atrofidagi hamma hududlardan o`tuvchi yo`l hamda suv bo`ylaridan o`tuvchi yashil kamar loyihasini ham ishlab chiqqanmiz. Hozirgi yashilliklarni hammasini biz himoya qilish hududi sifatida belgiladik. Bizni strategiyamizda shahardagi mavjud yashillikni hech qanday tegilmaydigan hudud sifatida belgilaganmiz. Biz taklif qilayotgan yashilliklarni ham shahardagi mavjud yashillikka uzviy bog`liq holda bo`lishi kerak».
Shaharda yashillik tobora kamayib ketyapti. mutasaddilar tadbirda Yashil kamar loyihasi doirasida bir oilaga ikkitadan daraxt ekish majburiy bo`ladi, deyishdi. Daraxt ekash qiyin emas, lekin uning parvarishichi? Ekilayotgan millionlab daratlar taqdiri ularni ham kutmaydimi? Strategik rejada shahardagi farovonlikni ta`minlaydigan jihatlar ko`p, faqat ular qog`ozda qolmasa bo`ldi.
Bosh reja haqidagi avvalgi va`dalarni eslatib o`tamiz:
Bu boradagi topshiriq 2018 yilda berilgandi. O`sha yil 17 avgustida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti «Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo`yicha huquqiy eksperiment to`g`risida»gi farmonni imzolagandi.
Unga ko`ra, Toshkent shahar hokimiga 2019 yil 1 yanvarga qadar Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini; 2019 yil 1 dekabrga qadar tasdiqlangan Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi asosida Toshkent shahrining bosh rejasini tasdiqlash to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish yuklangan.
2019 yilning oktyabr oyida bo`lib o`tgan O`zbekiston Oliy Majlisi Senatining 23-yalpi majlisida Toshkentning bosh rejasini 2020 yilda jamoatchilikka taqdim etish rejalashtirilayotgani aytilgandi. O`shanda so`zga chiqqan amaldor Toshkentning bosh rejasi 2013 yilda ishlab chiqilgani, biroq tasdiqlanmaganini ma`lum qilgan. Keyinroq Ortiqxo`jaev ham bosh reja ustida ishlanayotganini ma`lum qilgan.
2020 yilda Qurilish vazirligi vakili Toshkent shahrining bosh rejasini 2023 yilda qabul qilish rejalashtirilayotganini aytgandi. 2023 yilda Toshkentning bosh rejasi amalda bo`ladi, degan umiddamiz.