Bugun O`zbek tili bayrami kuni. Bu til xor bo`lgan, xo`rlangan, amaldorlarning, umuman imkon topgan hammaning jig`ildoniga kirib ketgan, bitta odamning cho`ntagidan ham qadri past, hech kim qo`riqlamaydigan, yanglishib amalga minib qolganlar ustida istagancha tadqiqot o`tkazsa bo`ladigan til.
Million-million dollarlik nodir qo`lyozmalari qaerlarda yotganini xalqi bilmaydigan, biladiganlar esa oyligi kesilishidan qo`rqib indamay o`tiraveradigan darajada past til. O`zining amalini butun boshli millat tilidan ham yuksaklarga qo`yadigan amaldorlari bor bechora til bu. Otasini, bobosini, vatanini, onasini ham sotib yuboradigan, umumiy 60-70 yillik umrini millatidan, xalqidan, kelajak avlodlaridan afzal biladigan, yana shu holida yuksak amallarga o`tirib olgan mansabdorlarga xor bo`lgan til bu.
Har yili 21 oktyabrda o`nlab tadbirlar o`tkazib, she`rlar o`qib, ota-bobolari yozib ketganlarni o`qib qo`yish bilan eslanadigan, telefonlarga til bayrami bilan tabriklab, RUS TILIda xabarnomalar yuboraversa bo`ladigan g`arib til bu.
Butun boshli savdo markazlari bir necha oyda qurilib ishga tushgan joyda, nodir qo`lyozmalar muzeyining ishga tushishi 4 yillab cho`ziladigan, hatto butunlay ochilmay, kitoblari erda yotgan joyida istagan o`g`rining qo`lida yo`qolishi mumkin bo`lgan bunday til boshqa hech qaerda bo`lmasa kerak.
XIII asrga oid Abu Bakr Sobuniyning qo`lyozma asari, Sharafiddin Ali Yazdiyning XV asrda yozilgan «Muqaddimai Zafarnoma» qo`lyozma kitobi, Alisher Navoiyning tilla suvi yuritilgan «Xamsa» dostoni va boshqa o`nlab nodir qo`lyozmalari butun boshli davlatning Milliy deya atalgan universiteti kutubxonasidan shunchaki g`oyib bo`lib, o`sha kitoblarning qaerdaligini shunchaki hech kim bilmay qo`yaveradigan millatning tili.
Boshqa bir millatning qadimiy noyob kitoblari uchun millionlab dollar to`lashga rozi bo`ladigan xalqqa til bo`lganida ne darajalarga etishi mumkin edi shuncha qimmatbaho manbalari bilan bu til?
2006 yil 31 martda tashkil qilingan Nodir qo`lyozmalar muzeyining bor yoki yo`qligi hozir hech bir mas`ulni tashvishlantirmasligi oddiy hol. O`shanda Nodir qo`lyozmalar muzeyida 1465 nomdagi arab yozuvi o`zbek, fors, turkiy, arab va tojik tillaridagi qo`lyozma kitoblar, xat va hujjatlar saqlangan.
Hozirchi? U erdagi 100 dan ortiq o`ta nodir va qimmatbaho qadimiy kitoblar yo`q. Ular orasida o`ta noyob hisoblangan yuqoridagi uchta kitob ham bor. Ularning qaerdaligi bilan esa hech kimning ishi yo`q. Prokuratura kutubxonachini (ARM direktori) jazolash bilan ovora, shu bilan vazifa bajariladi. Nafaqa yoshiga etgan ayolga sud hukmi ham ancha engilroq bo`lsa kerak.
Ammo kitoblar qaerda? Aniq shu erda turibdi deb jar solgan rektor Majidov qani? Nega hamma jim? Jazolash bilan ish bitadi, tamommi? Yillar davomida vazirlikni boshqargan, salobatidan uncha-muncha kutubxonachi soyasiga salom beradigan Inomjon Majidovni shunday kitoblr yo`q bo`lib qolishiga chetdan kuzatuvchi bo`lganiga ishonging kelmaydi.
Bir vaqtlar yurtimizdagi maqbaralardan oltin yombilar, qimmatbaho osori atiqalar pichoq bilan chiqarib olib ketilgani aytilib, dushmanlarni ayblardik alam bilan. Endichi? Dushman yo`qku, o`zimizni o`zimiz qiryapmizmi?
Aytishlaricha, ismi sir qolishini istagan universitet yana bir xodimi nodir qo`lyozmalar yo`qolishiga doir ishlardan barcha rahbar xodimlar xabardorligini aytgan. Ayni vaqtda O`zMU rektori hisoblangan sobiq Oliy ta`lim vaziri Inomjon Majidov bu xabar keng jamoatchilikka etib bormasligini xohlamoqda.
«Rektor vazirlikka qaytishi mumkin, u «men ketgach, ish ochib oxiriga etkazaverasizlar», - degan. Chunki, nodir qo`lyozmalarning yo`qolishi sobiq rektor Avazjon Marahimov davriga borib taqaladi. Shuning uchun joriy yil sentyabrda nodir qo`lyozmalar muzeyini tiklash bo`yicha vazirlikdan kelgan topshiriqni bajarish ham paysalga solinmoqda», degan universitet xodimi. Avaz Marahimov esa, aynan Inomjon Majidov bilan bir vaqtda vazirlikda faoliyat olib borgan rahbarlardan. U Xalq ta`limi vaziri, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`rinbosari kabi lavozimlarda ham faoliyat olib borgan, tizimdagi ko`p yillik rahbarlik tajribasiga ega "noyob" amaldorlardan sanaladi.
Hozirda kutubxonada XII-XIX asrlarga oid 56 ta qo`lyozma va 6 ta toshbosma asarlar yo`qolgani aniqlangan. Doimgidek, qarmoqqa eng kichik "baliqni ilintirishgan" va bu masalada faqatgina Axborot-resurs markazi direktori qamoqqa olingan. Irina Kislisinaning qizi Svetlana Nishanbaeva onasi bu kitoblarning yo`qolishiga aloqasi yo`qligini bildirib, yordam so`rab prezidentga murojaat qilgan edi.
Nima bo`lganda ham, qancha fakt keltirilganda ham, o`sha kitoblar yo`q.
OAVlarga boshqa kitoblarni ko`rsatib, ular yo`qolmaganiga ishontirmoqchi bo`lgan, chiqishlar qilib dag`dag`a qilgan O`zMU rektorati va rektori esa indamay qo`yaqoldi, yolg`onlar uchun ham javob berishmaydi gohida bu yurtda. Chunki, vaqt o`tgach esdan chiqadi, deb o`ylashadi. ARM direktorini jazolagan bilan nima o`zgaradi? O`sha kitoblar uchun chindan jon kuydirayotgan biror amaldor bormi? Yo`q, hozircha ko`rmadik.
Yo`q, menimcha qoni chindanam toza o`zbek bo`lgan inson bunday qilmaydi. Cho`ntagini o`ylab millionlab dollar uchun butun boshli millatni sotib yuboradiganlar faqat o`sha bizni mustamlaka qilgan millatlarning bilib-bilmay yurtimizda qoldirib ketgan avlodlari bo`lsa kerak. Aks holda faqat pul uchun minglab yillik tarixga ega yurtini sotmagan, yana indamay amal kursilarida o`tiraverishmagan bo`lardi.
Bechora tilimiz esa bugun bayram qilmoqda. Ona tilim, seni bir tiyinga olmaydigan amaldorlaring bor ekan, hali ko`p xo`rlanasan, har bayramingda o`tmishimizni eslayveramiz, tadbirlar o`taveradi, ertasi kuni esa, faqat xorijiy tilda bo`ladigan, o`zbekcha biron jumla yangramaydigan xalqaro deb atalmish anjumanlarni boshlab yuboraveramiz...