Har kuni qaysidir hududda ekologik muammo yuzaga kelayotgani haqida xabarlar beriladi. Jamoatchilik nisbatan faolroq, havodagi og`ir zarralar miqdorini aniqlovchi uskunalar nisbatan zamonaviyroq bo`lgan poytaxt bilan bog`liq masalalar boshqa hududlarnikiga qaraganda ko`proq ko`tariladi. Toshkent bu bo`yicha rekord o`rnatib, dunyodagi eng havosi ifloslangan shaharlar reytingida birinchi o`ringa chiqqani ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalara sabab bo`ldi. Albatta bunda yashillikka ayovsiz qirg`in keltirgan, ekologik muammolarni vujudga kelishiga asos bo`lib xizmat qiladigan qarorlarga imzo qo`yayotgan amaldorlarning alohida hissasi bor. Poytaxtni katta qurilish maydoniga aylantirgan hokimlik vakillari bu muhokamalarni beparvo kuzatishdan nariga o`ta olishmayapti. «Tishsiz bo`ri» - ekologlardan ham sado chiqayotgani yo`q.
"Yozgandan foyda yo`g`-u, ichimdagini yozib-yozib qo`yaveramanda..."
Taniqli olim, Biologiya fanlari doktori Baxtiyor Rasulov ham ushbu muammoga e`tiborni qaratdi. Uning qayd etishicha, Markaziy Osiyoda cho`llanish intensiv davom etmoqda. Suv zaxiralari kamayayotgani, er osti suvlari qochayotgani fonida yashil biomassani saqlab qolish borasidagi fikrlar ancha yillar avval bildirilgan, ilmiy bashoratlar qilingan edi.
O`sha bashoratlar o`zini allaqachon oqlagan. Faqat tan olinmasdi.
«Bugun esa bir ko`rsatkich - Toshkent shahri havosining ifloslanishi rasmiy qayd etilibdi. Bu ko`proq, chang, turli jinslarning zarralari. Lekin, ayrim shaharlarning havosi, bularning ro`yxati ma`lum, kimyoviy jihatdan kuchli zaharlangan», deydi Baxtiyor Rasulov.
Toshkentni yanada og`irroq kelajak kutyapti!
Baxtiyor Rasulovning yozishicha, Toshkent shahri misolida bizni og`ir(roq) kelajak kutmoqda. Bu olis emas, juda yaqin. Keyingi besh yillikning og`ir o`tish ehtimolligi juda yuqori. Havoning nisbiy namligi kamayishi, daraxtlar hisobidagi yashil biomassaning o`rni to`ldirilmagani, tabiiy to`siqlarning yo`qligi bu muammoning ulg`ayib borishiga olib keladi.
«Biz ulkan changqozon ichida yashaymiz, shuni unutmaslik kerak. Innovasion echimlarni qidirish, ularga pul sarflash, muhokama qilish, son-sanoqsiz tadbirlaru ko`rgazmalar emas, tayyor, laboratoriyalardan chiqmayotgan, qalin-qalin hisobotlarda siyohi o`chayotgan ishlanmalardan foydalanish kerak», deya qayd etdi, olim o`z yozganlaridan foyda yo`qligini alohida ta`kidlagan holda.
Ekologiyani asrashga mas`ullar nima degan edi?
Bir necha kun avval Rost24.uz muxbiri O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi raisining o`rinbosari bo`lgan (hozirda bu joy vakant) Islombek Boqijonovdan «O`zbekiston tabiati va havo ifloslanishini yaxshilash bo`yicha aniq qog`ozda qolmaydigan strategik reja bormi?», deb so`ragan edi.
O`sha vaqtda ekologik qo`mita nomidan javob bergan amaldorning aytishicha, katta-katta zavodlarda chang-gaz tozalash filtrlarini ishlatish bo`yicha dastur bor. Dastur bo`yicha 787 tadan ko`proq korxona monitoring qilinadi. Bundan tashqari atmosfera chiqindisini kamaytirish bo`yicha xalqaro tajribalardan biri - avtomatik stansiyalar o`rnatish bo`yicha ham tegishli topshiriq olingan. Bu orqali atmosferaga chiqadigan chiqindilarni har sekundda aniqlab borish imkoniyati paydo bo`ladi. Yiliga 2 mln 300, 2 mln 400 tonnadan ko`proq chiqindi atmosfera havosiga tashlanadi. Undan 909 ming tonnasi sanoat korxonalari, undan qolgan 1,3 millioni avtotransport vositalari ulushiga to`g`ri keladi.
Rejalashtirilgan dasturlar odatdagidek qog`ozda qolmaydi, degan umiddamiz. Zero havo ifloslanishi muammosi faqat poytaxt muammosi emas, Navoiy, Qarshi, Nukus shaharlari aholisi ham bu muammoga to`qnash kelishayotgani haqida gapirib kelishadi. Sabablar vaqtida bartaraf etilmasa, jiddiy oqibatlardan hamma barobar aziyat chekishi aniq.